
3 noyabrdan boshlab Sankt-Peterburg shahrida yetkazib berish sohasida ishlayotgan bir qator migrantlar uchun yangi taqiq kuchga kirdi. “Argumenti i fakti” nashri yozishicha, “Samokat” va “Yandeks Yeda” kabi yirik servislar endilikda xorijiy fuqarolarga smenaga chiqish va buyurtma qabul qilish imkonini bermaydi.
Ya’ni, ilova orqali faoliyat yuritgan Ozarboyjon, O‘zbekiston, Tojikiston, Moldova va Ukraina fuqarolari endi bu platformalarda ishlay olmaydi. Ammo bu cheklov Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)ga a’zo davlatlar fuqarolariga taalluqli emas — ular avvalgidek patentsiz ishlash huquqiga ega bo‘ladi.
Bu qaror ilk bor avgust oyida Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov tomonidan imzolangan edi. Unga ko‘ra, shaharda migrantlarning kurerlik va taksi xizmatlarida ishlashi cheklanadi, kompaniyalarga esa kadrlar siyosati va ichki tizimni yangilash uchun uch oy muddat berilgan.
Shahar ma’muriyati bu chorani yashirin ish bilan ta’minlanganlikni kamaytirish, xizmatlar sifati hamda xavfsizligini oshirish va mahalliy aholi — ayniqsa yoshlar hamda talabalar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida joriy etganini ta’kidladi.
Muttaxassislar fikricha, yangi tizim migrantlar oqimini qisqartiradi, biroq bu yetishmayotgan kadrlar muammosini yanada kuchaytiradi. Chunki kurerlik sohasi Sankt-Peterburgdagi tez rivojlanayotgan xizmatlar tarmog‘ining asosiy qismi hisoblanadi.
Ayni paytda, mahalliy rasmiylar bu cheklov vaqtincha ekanini va yangi ish tizimi muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgandan keyin shartlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!