22:32 / 19.10.2018
5 314

Qal’ani suygan daryo

Qal’ani suygan daryo
Shahar qamal qilinganda ham ular yengilmagan, sababi...

Oqdaryo va Qoradaryo tutashib, Zarafshon qayta boshlanadigan joyga yaqin hudud azaldan odamlarni qiziqtirib keladi. Negaki, Paxtachi tumaniga qarashli o‘sha makonda, hozirgi Ziyovuddin qo‘rg‘onining shimoli-sharqiy tomonida, Zarafshon daryosining shundoq sohilida Dabusiya nomi bilan mashhur qadimiy kent xarobalari saqlanib qolgan. Manbalarda keltirilishicha, uning yoshi 2500 yildan oshiq ekan. Usti qalin tuproq bilan qoplangan tepalikda yevropalik va yaponiyalik qadimshunoslar qazish ishlari chog‘ida topgan ko‘plab noyob buyumlar shaharning bir paytlar nihoyatda gullab-yashnagani, bu yerga ko‘plab jahongirlarning qadami tekkanidan dalolat beradi. Uni yana Dabus qal’a deb ham atashadi. Aslini olganda, Dabus so‘zi arabcha bo‘lib, zo‘r, to‘qmoq, ustun ma’nolarini anglatadi. Dabus qal’a «Mustahkam qal’a» degan ma’noni ham beradi. Negaki, bu joy qadimiy Buxoro va Samarqand o‘rtasidagi eng katta qo‘rg‘on-qal’a bo‘lgan.

Bugun mazkur xaroba tepalikda Abdullaxon II 1594 yilda qurdirgan «Imom Bahri ota» maqbarasi va uning atrofidagi qabrlardan bo‘lak hech narsa qolmagan. Qal’a atrofida qadimda ulkan shahar bo‘lgan. Bora-bora bu yer vayronaga aylangan, shahar tuproq ostida qolib ketgan. Aytgancha, XX asrda Dabus qal’asidagi rabot qariyb 70 gektarni, Shahriston esa, 22-23 gektarni tashkil etishining o‘ziyoq, bir vaqtlar qal’a nechog‘lik ulkan bo‘lganidan dalolat beradi. Atrofi tik jarliklar, o‘ngirlar bilan o‘ralgan. Bu shahar himoyasida qo‘l kelgan.

Qal’a shundoq daryo yaqinida joylashgan. Daryo suvi qal’a tuprog‘ini yuvib ketmasligining o‘ziga xos sababi bor emish. Xalq o‘rtasida tarqalgan rivoyatlarga qaraganda, qal’a ko‘tarmasida Hazrat Alining muborak izlari bor emish. Shu boisdan ham qal’aning yonginasidan oqib o‘tuvchi daryo uning ko‘tarmasiga tik kelib urilib, o‘ng tomonga burilib ketadi. Necha asrdirki, bu beto‘xtov takrorlanadi.

Yana bir muhim gap. Qal’ada qo‘shni mamlakatlar bilan bog‘lab turadigan maxfiy yerosti yo‘llari ham mavjud bo‘lgan, deyishadi. Negaki, shahar uzoq vaqt qamal qilinganda ham zarur narsalarga ehtiyoj sezmagan. Aslida ota-bobolarimizning aql-zakovati tufayli armatura, sement, mix ishlatmay bunyod etilgan yerosti yo‘llari pishiq, qulay, tuproqni zichlab qurilgan. Darhaqiqat, Zarafshon daryosining so‘l sohilida Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida qad rostlagan Dabus qal’asi o‘tmishda nihoyatda gavjum bekat shahar hisoblangan. Bu yerda savdo-sotiq, hunarmandchilik gullab-yashnagan. Qal’a ichimlik suvni Zarafshon daryosidan olmagan. Aksincha, obihayot shaharga Zirabuloq tizma tog‘lari bag‘ridagi Doroyitut buloqlaridan yerosti sopol quvurlari orqali keltirilgan. Mazkur yerosti suv inshootlari doimo sir saqlab kelingan. Ana shu buloqlardan faqat to‘rttasi bugungacha saqlanib qolgan.

Qishloqda bo‘lgan kezlarim, qal’ani ziyorat qilishga oshiqaman. Unga uzoq tikilishni yoqtiraman. Ko‘hna shahar o‘z bag‘rida yana qancha sir-sinoatni yashirgan ekan...
Ulug‘bek AKTAMOV

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qal’ani suygan daryo