22:31 / 14.12.2018
5 613

Vaqtinchalik propiska muddati 1 yilga uzaytirildi, ijara shartnoma ham shart emas

Vaqtinchalik propiska muddati 1 yilga uzaytirildi, ijara shartnoma ham shart emas
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 845-sonli qaroriga asosan vaqtincha propiskaga qo‘yish tartibiga o‘zgarish kiritilgan. Toshkentda vaqtinchalik propiskada turadiganlar bilishi kerak bo‘lgan muhim 2 ta o‘zgarish bor.

Birinchidan, vaqtincha propiskaning maksimal muddati avvalgidek 6 oy emas, balki 1 yil qilib belgilangan.

Ikkinchidan, endilikda vaqtincha propiska olish uchun ijara shartnomasining notarial tasdiqlangan nusxasini taqdim etish shart emas. Siz faqat quyidagi hujjatlarni topshirasiz:

1) ariza;
2) pasport (harbiy xizmatchilar uchun — shaxsiy guvohnoma, 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va 35x45 mm o‘lchamdagi 2 dona rasm);
3) uy-joy mulkdorining (mulkdorlarining) turar joy maydoni berish to‘g‘risidagi arizasi (roziligi);
4) uy-joy hujjatlarining asl nusxasi (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
5) davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya (EKIH 2% — 4 ming so‘m);

Ammo hali ham vaqtinchalik propiska 6 oyga berilayotgani haqida ma’lumotlar bor. Mabodo shu kecha-kunduzda muddati tugagan vaqtincha propiskangizni uzaytirmoqchi bo‘lsangiz, 1 yilga uzaytirishlarini so‘rang. Ijara shartnoma nusxasini topshirishingiz shart emasligini ham unutmang. Haqqingizni talab qiling. Shu bilan bir qatorda «pasport stol»dagilar eski usulni qo‘llashsa, ya’ni «bizga bunaqa hujjat kelmagan, bizning instruksiyamizda shunaqa, 6 oyga qo‘yib beraman, ijara shartnoma nusxasini ham topshirasiz» degan gaplarni eshitsangiz hayron bo‘lmang. Sababi oddiy.

Ichki ishlar vazirining 2016 yil 16 maydagi 79-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomaga haliyam o‘zgarish kiritilmagan. Pastdagi ijrochilar esa odatda Vazirlar Mahkamasi qaroriga kiritilgan o‘zgarishlarni tan olmaydi, ular vazir tasdiqlagan «instruksiya» bilan ishlaydi. Ya’ni ayrim qoidalarning bekor bo‘lishi uchun hukumat qaroriga o‘zgarish kiritilgani hisob emas, albatta vazirlik va idoralarning instruksiyalari o‘zgarishini kutishga majbursiz!

Hamma o‘zidan bir bosh baland idoraning hujjatini tan oladi xolos. Aslida bunaqa bo‘lmasligi kerak. Qonunga binoan, Vazirlar Mahkamasi qarori va Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bir-biriga zid kelib qolsa (hozir shunaqa, masalan), unda VM qarori ustun bo‘ladi.

Bu masalani tezkor yechishning oddiy yo‘li - hamma quyi bo‘g‘in ijrochilariga xat chiqarib, "toki o‘zgargungacha mana bunaqa tizimda ishlab tur" deya topshiriq berish kerak. Chunki instruksiyaga o‘zgarish kiritishning o‘ziga xos tartibi bor, 1-2 kunda bo‘ladigan ish emas. Boz ustiga VMning 22 oktyabrdagi qarorining 4-bandida Ichki ishlar vazirligi 2 oy muddatda o‘z buyruqlarini moslashtirsin, deyilgan.

Xushnud XUDOYBERDIYeVning telegram kanalidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vaqtinchalik propiska muddati 1 yilga uzaytirildi, ijara shartnoma ham shart emas