Vengriya hukumati Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Budapeshtga ehtimoliy tashrifi chog‘ida Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderi asosida hibsga olinmasligini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto bayonot berdi.
Siyyartoning ta’kidlashicha, Vengriya Putinni qabul qilishga va muzokaralar uchun tinch, xavfsiz muhit yaratishga tayyor. “Biz bu yerda Vladimir Putinni qabul qilamiz va uning muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazib, uyiga tinch qaytishi haqida qayg‘uramiz”, — dedi u jurnalistlar bilan suhbatda.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya Rossiya va AQSh prezidentlari uchun Budapeshtdagi muzokaralar vaqtida barcha zarur sharoitlarni yaratishga tayyor. Shu bilan birga, u mamlakat tashqi bosimlarsiz harakat qilishini ta’kidladi: “Bizga hech kim bilan maslahatlashishning hojati yo‘q. Vengriya — suveren davlat”.
Ma’lumot uchun, AQSh prezidenti Donald Tramp 16 oktyabr kuni Rossiya prezidenti bilan Vengriya poytaxtida uchrashish niyati borligini aytgan. Uchrashuvning aniq sanasi hali belgilanmagan.
Vengriya 1999 yilda XJS asosini tashkil etuvchi Rim statutiga qo‘shilgan va ikki yildan so‘ng uni ratifikatsiya qilgan. Biroq 2023 yilda rasmiylar Putin tashrif buyursa, uni hibsga olmaslikka qaror qilganini bildirgan.
2025 yilda mamlakat hukumati Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni ham taklif etgan — unga nisbatan ham XJS orderi mavjud. Netanyaxu tashrifi fonida Vengriya xalqaro suddan chiqish niyatini e’lon qildi, ammo hozircha bu jarayon to‘liq yakunlanmagan.
Putinning so‘nggi xalqaro safarlari ham XJS orderiga qaramasdan erkin o‘tgan. U 2024 yil sentabrda Mo‘g‘ulistonga, 2025 yil oktabrda esa Tojikistonga tashrif buyurgan — har ikki davlat ham Rim statutini ratifikatsiya qilgan bo‘lsa-da, hech qanday hibs harakati amalga oshirilmagan.
Mutaxassislar fikricha, Vengriyaning bu pozitsiyasi G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga qaratilgan siyosiy qadam hisoblanadi. Mamlakat hozirda EI a’zosi bo‘lishiga qaramasdan, Moskva bilan muloqotni uzishni istamaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!