21:03 / 27.04.2019
5 319

Korrupsiya — milliy xavfsizlikka tahdid (foto)

Korrupsiya — milliy xavfsizlikka tahdid (foto)
Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutida “Korrupsiya-milliy xavfsizlikka tahdid” mavzusida seminar tashkil etildi.

Korrupsiya – davlat va jamiyat xavfsizligiga rahna soluvchi eng xatarli illatlardan biridir. Chunki, korrupsiya chegara bilmaydi. Bu insonning nafsi bilan bog‘liq jarayondir. Shuningdek, aynan korrupsiya sababli boshqa xavfli illatlar shakllanishiga yo‘l ochilishi hech kimga sir emas.

Davlatimiz rahbari tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning imzolanishi aynan korrupsiya jinoyatiga qaratilgan ishlar uchun dastlabki qadam bo‘ldi, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu qonunning qabul qilinishi bilan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Respublikamiz bo‘ylab bu jinoyatning sodir etilish holatlari sezilarli darajada kamayganiga guvoh bo‘lamiz. Albatta, “Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi” deganlaridek, bunda profilaktik suhbatlarning o‘rni anchayin kattadir. Aynan shu munosabat bilan Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan shu mavzuga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda boshqarmaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot, ichki xavfsizlikni ta’minlash sho‘’balari, tashkiliy nazorat va tahlil hamda kadrlar bo‘limi xodimlari ishtirok etib, korrupsiyaning naqadar xavfli illat ekanligi, davlat va jamiyat shakllanishiga qanchalik to‘siq bo‘lishi hamda ushbu kunda Byuroning viloyat boshqarmasi organlari tomonidan bu illatni bartaraf etish bo‘yicha qonuniy hamda ijtimoiy jihatdan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida mazmunli ma’ruzalarni yig‘ilganlar e’tiboriga havola etdilar.

Shu bilan birga, korrupsiya jinoyatining vujudga kelish tarixi to‘g‘risida, jumladan, korrupsiya – bu mansabdor shaxslar faoliyati bilan bog‘liq jinoyat ekanligi, bu illatga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri – har qanday sohada, tizimda korrupsiya holatlarning vujudga keltiruvchi shart-sharoitlarga barham berilishi kerakligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida talabalar huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillaridan soha bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Seminarda kelgusida davlatimiz ravnaqi uchun har bir O‘zbekiston fuqarosi mas’ul ekanligi, korrupsiyaga qarshi kurashish – butun bir millat zimmasidagi mas’uliyat ekanligini anglab, milliy davlatchiligimiz ravnaqi uchun barcha sidqidildan mehnat qilish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Korrupsiya — milliy xavfsizlikka tahdid (foto)