date
views 3 028

Monopoliyaning "akkumulyator"i o‘tirsin

Monopoliyaning "akkumulyator"i o‘tirsin
2017 yili yangi «Cobalt» rusumli avtomobilni haydagan edim. Haydashni boshlaganimga 5 kun ham bo‘lmaganida mashina o‘t olmay qoldi. Ancha urinib ko‘rganimdan keyin, ilojsiz taksida qaytib ketdim va mashinani kechasida Chilonzor metrosi yonida qoldirib ketishga majbur bo‘ldim.

Keyin bilsak, akkumulyator «o‘tirgan» ekan. Ha, mashina hali 1000 km ham yurmagan edi, va shunday hodisa bo‘lib qoldi. Farhod bozoridagi mashina ehtiyot qismlari sotadigan do‘konga bordik. Do‘kondagilar: «Ha kobaltning akkumulyatori shunday chiqyapti, shuning uchun odamlar Kobaltni olishi bilanoq akkumulyatorni alishtirib keyin haydashyapti deyishdi». Haqiqatdan, menga akkumulyatorni o‘rnatishlarini kutgunimcha, kamida 30-40ta «yangi» «Cobalt» akkumulyatorlarini olib kelishdi, odamlar kecha alishtirib qoldirib ketishgan ekan. Akkumulyatorlar barchasi, o‘zimizning Jizzaxdagi akkumulyator zavodida chiqarilgan ekan va menda bo‘lgan muammo o‘sha paytdagi deyarli hammada bo‘lgan ekan. Ya’ni sotuvchilar mendagi voqeadan umuman hayron qolishmadi balki «shuniyam bilmaysanmi» degan ohangda, xuddi men o‘ta mas’uliyatsiz ish qilganimdek gapirishdi. «Toqqa chiqib qolib ketmaganizga shukr qiling», deb ham qo‘yishdi.

Yangi mashinaning akkumulyatori ishlamay qolishi normal raqobat bor joyda bo‘lsa, olgan joyingizdan nafaqat alishtirib berishardi, balki kechirim so‘rab evaziga biror bir narsa ham berishar edi. Bizda esa davlatning monopolisti – GM, mashina chiqaradi va yana boshqa davlat tashkilotidan ehtiyot qismlarini oladi. Aslida, mashina ishlab chiqaruvchisi, ehtiyot qismlarini chiqaruvchi korxonani, shu qilmishi uchun sudlarga berib, dabdala qilishi kerak edi. Bosh ustiga, bunday brak chiqqan mashinalar soni bir-ikkita emas, talaygina ekan. Lekin GM’ga farqi yo‘q, biz mashinani ulardan olmasak qayerga ham boramiz. Shu tariqa, akkumulyator ishlab chiqaruvchisiga ham farqi yo‘q, chunki GM boshqa yerdan olmaydi akkumulyatorni, «qayerga ham boradi». Keyin bir davlat idorasi, ikkinchi davlat idorasini sudga berib yutib chiqsa ham, hukumat bir cho‘ntagidan olib ikkinchisiga soladigan ish bo‘ladi. Buning ustiga, shu ikkala kompaniyasini nazorat qiladigan davlat idorasi ham bitta. Shuning uchun bunday holatlarda faqat iste’molchi jabr ko‘radi.

Agar akkumulyator zavodi umuman hech narsa chiqarmasdan, haydovchilarga (GMUz orqali) «akkumulyator zavodi solig‘i» deb 10 dollardan soliq olsa (bir akkumulyatordan zavod qancha foyda oladi? 10 dollar ham emas shekilli), iqtisodiyotga zarari katta bo‘lmas edi. Men ham shu soliqni to‘lab, mazza qilib erkin bozordan xohlasam koreyscha, xohlasam yaponcha akkumulyatorni olar edim. O‘zi asli GM ham mashina chiqarmasdan, oddiy qilib «GM solig‘i» deb hamma vatandoshlarimizni soliqqa tortsa, iqtisodiyot unchalik katta zarar ko‘rmas edi. GM shuncha odamni ishlatib qilmoqchi bo‘lgan foydasini xalqqa bo‘lib qo‘ysa, ozginadan soliq to‘lar edik va bundan farovonroq hayot kechirar edik.

Shunda ular ham ishlashi kerak bo‘lmas edi – kuni bilan serial ko‘rib yotishsa ham roziman va biz ham xohlagan avtomobillarni xohlagan narxdan olardik. Va eng muhimi iqtisodning hajmi ham qisqarmas edi. Hozir esa, minglab odam noeffektiv ishda ishlaydi, ularni yana yuzlab odam ishini tekshiradi va evaziga millionlab odam keragidan qimmat avtomobil oladi. Vaqt o‘tgan sayin esa, bizni zavod noeffektivlashib boradi, chunki «basseynga suv to‘lmaguncha hech kim suzishni o‘rganmaydi», ya’ni raqobat bo‘lmaguncha effektiv ishlab chiqarish ham bo‘lmaydi – rag‘bat yo‘q-ku axir?

Albatta, bu holatni deyarli hamma biladi, prezident ham gapirgan edi: «U mashina zavodi nomigagina, hech kimga foydasi yo‘q».

Men yozishimdan maqsad endilikda mahalliy mashinalarimiz mahalliy chiqarilgan shinalarda yurar ekan. Keling, shuni o‘rniga shina solig‘i qilib qo‘yishsin, biz to‘laylik (chunki baribir ko‘proq to‘laymiz) va shina zavodi qiynalib hech nima chiqarmasinda ko‘zlagan foydasini bizdan soliq sifatida olsin. Kerak bo‘lsa ishchilarga oylik ham bersin. Lekin iloji boricha hech nima chiqarmasin. Shunda hamma yutadi: ham ishchilar ishlamasdan oylik olishadi, ham zavodimiz bo‘ladi, ham iste’molchilar sifatli shinada yurishadi, ham ekologiya zarar ko‘rmaydi va eng muhimi iqtisodimiz hajmi ham qisqarmaydi. Agar zavod ishlab ketsa, mening tavsiyam, moshina olishingiz bilanoq shinasini alishtiring – har extimolga qarshi, axir moshina xavsizligi jiddiy masala.

Manba: Behzod Hoshimov telegram kanali
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Monopoliyaning "akkumulyator"i o‘tirsin