00:30 / 14.05.2019
4 406

Ehsonlar qabul bo‘ladigan eng qulay fursat

Ehsonlar qabul bo‘ladigan eng qulay fursat
Alloh taolo marhamat qiladi: “...va siz ehson qiling, Alloh taolo ehson qiluvchilarni yaxshi ko‘radi”. Yana bir oyatda: “Yaxshilik qiluvchilarga bu dunyoning o‘zida ham yaxshilik bor”, deyiladi. Alloh taoloning marhamatini qarang. Bu dunyoda bitta yaxshilik qilsak, oxiratda o‘ndan to yetti yuz barobargacha bo‘lgan yaxshilik bizni kutib turadi. U bandalariga ana shunday marhamati keng, mehribon Zotdir.

Dunyoda yashar ekanmiz xayolimiz, fikrimiz va zikrimiz yaxshilik qilish bo‘lishi kerak. Hadislarda shunday deyiladi: “Yaxshilik qilish qo‘lingdan kelmasa, hech bo‘lmaganda yomonlik qilma”. Ramazon oyi aynan ehson oyi hisoblanadi. Mo‘min-musulmon bandalar yaxshilikda musobaqa qiladigan oy hisoblanadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqaning eng afzali – Ramazonda qilingan sadaqa”, deganlar. Hamyonimizdagi mol-davlat Alloh taolo bergan omonat. Bizniki deymizu, bizga nasib qilish qilmasligini faqat Alloh biladi.

Muborak Ramazon boshlanganiga ham bir haftadan oshdi. Iftorliklar, to‘kin dasturxonlar bilan bo‘lib yonimizdagi kundalik bir kosagina yovg‘oni bilan iftor qilib qo‘l uchida kun kechirayotgan qo‘shnimizni, beva, yetimgina bolalari bor singlimizni va yordamga muhtoj odamlarni unutib qo‘ymadikmi? Axir hadisdan ma’lum bo‘ldiki, bu oyda qilingan ehsonlarimiz qilgan sadaqalarimizning eng afzali ekan. Biz sizga aql o‘rgatishdan yiroqmiz.

Biroq hali hamon 20 kishi keladigan iftorlikka 50 kishi to‘yadigan harajat qilib isrofni ko‘paytirayotganimiz bor gap emasmi? Ba’zida esa bezatilgan dasturxonlarni ko‘rib iftordagi turfa taomlar sabab ro‘za tutayotganlar ham yo‘qmikan deb o‘ylab qolaman,astag‘furulloh! Muhtojlar qolib uyida to‘kin-sochinlik, to‘qchilik bo‘lgan odamlarni, kazo-kazolarni iftorga chaqirish urf bo‘lganligiga ham ko‘z yuma olmaymiz.

Biz o‘ziga to‘qlar iftorga chaqirilmasin degan fikrdan yiroqmiz, ammo shular qatorida o‘rtahol, qo‘li qisqaroq odamlarning umuman yo‘qligi, ularning bunday iftorlarga chaqirilmasligidan ham ko‘z yuma olmaymiz.Aslida esa miskin va bechoralarga ulashilgan har bir luqma taom uchun yuz, ming marobar savob olsak ne ajab.

Nega bir kilogramm xurmo 30 ming bo‘ldi?

Ramazon uchun maxsus tayyorgarlik ko‘rib bozor qilib qo‘yish deyarli barchamizga odat bo‘lib qolgan. Ammo Ramazondan bir hafta oldin bir kilogrammini 18 mingdan olgan xurmomizning Ramazon arafasida bir kilogrammi 30 ming so‘mdan 165 ming so‘mgacha narxlanganini qanday tushunish mumkin?

Odatiy ko‘p joylarda Ramazon munosabati bilan ro‘zadorlarga qulaylik yaratish maqsadida narx-navolar tushiriladi yoki kamida oshirilmay turilishi ma’lum. Bu esa Ramazonga, umuman musulmonlarga bo‘lgan hurmat, Allohning diniga nisbatan munosabatning go‘zalligidandir va Alloh shunday savdogarlarga, tijorat qiluvchilarga baraka beradi.

Afsuski, savdo xodimlari Ramazondan “foydalanib”, bu oyda ko‘proq foyda qilib qolish maqsadida narx-navoni keskin sur’atda oshirib olishadi. Albatta, bu oyda oziq-ovqatga bo‘lgan talab oshadi. Odamlar yil bo‘yi olib yemagan narsalarini ham olib yegilari keladi. Bu esa ba’zi uchar, muruvvatdan yiroq sotuvchilar uchun ayni muddao bo‘lib xizmat qiladi. Aslida dindoshlarimiz saharlik va iftorlikda dasturxonni chiroyli qilish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini sotib oladilar.

Ayniqsa, Ramazon issiq kunlarga to‘g‘ri kelsa meva-sabzavot, ko‘katlarga bo‘lgan talab oshadi. Muborak kunlarda narxlar ikki baravar oshirilsa Ramazonning, musulmonlarning hurmati qayerda qoladi? Buni nazorat qilishning iloji bormi? O‘zicha foydani ikki baravar qildim, deb xursand bo‘layotgan tujjor barakasidan olib qo‘yilishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmaydimi?

Aslida narxlarning bunday asossiz keskin oshishiga o‘zimiz bosh aybdormiz. Yil bo‘yi olmagan narsalarimizni ham Ramazon oyida ikki, uch baravar baland narxda bo‘lsayam sotib olishga urinamiz. Bu esa ba’zi uchar sotuvchilarga qo‘l kelishi sir emas.

Demak, bu muammoning sababchisi ikki tomon. Aslida esa sotuvchilar va savdo shohobchalari muborak oyda turli chegirmalarni ko‘paytirishlari ularga bir baravar savob olib kelsa, musulmonlarning Ramazonga muhabbatini oshirishda qilayotgan xizmatlari uchun va yaratgan qulayliklari uchun ikki baravar savob olishlari mumkinku! Ramazonda narxlarning sun’iy oshirilishining oldini olish uchun nima qilish kerak? Buning uchun iste’molchilar oziq-ovqatlarni isrof qilmay, me’yorida ishlatsalar, iftorliklarda dabdabalarga, riyokorlikka chek qo‘yilsa, hammasi o‘z o‘rniga tushishi aniq.

Inson bu dunyoga yeb-ichish, ko‘ngilxushlik uchun kelmaydi. Ramazon oyi har birimiz uchun sinov va savoblarni qo‘lga kiritish oyi. Bu muborak vaqtdan esa unumli foydalanmog‘imiz, nafaqat ibodatimizni, balki amallarimizni ham chiroyli qilmog‘imiz, insof-diyonatni unutmasligimiz kerak.

Allohim barchamizning tutgan ro‘zalarimizni va qilgan ehson-sadaqalarimizni o‘z dargohida qabul qilsin. Amin!

Saida Rustam qizi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ehsonlar qabul bo‘ladigan eng qulay fursat