19:30 / 25.06.2019
5 523

Eng ulug‘ mo‘’jiza

Eng ulug‘ mo‘’jiza
Insoniyat yaratgan eng ulug‘ mo‘’jiza bu – kitob. Kitob orqali tarixni, qadim madaniyatni bildik, bilimimiz, dunyoqarashimiz shakllandi. Bugungi kunga kelib esa taraqqiyotni kitobsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Ota-bobolarimizdan bizga yetib kelgan ertaklar, rivoyat, maqol va dostonlarda kitob doim muqaddas narsalar qatoriga kiritilgan. Kitob non kabi qadrlangan. O‘tgan asrlar xattotligi nihoyatda nozik did bilan amalga oshirilganki, kitoblarni o‘qigan kishi ham xattotlik san’atidan bahra olgan.

Qadimda o‘qimishli oilalar bolalarini maktablarga bergach, o‘qishning har bir bosqichi tugagandan keyin bolalariga kitob sovg‘a qilganlar. Kitobni asrash, undan foydalanishga ham katta e’tibor berishgan. Kitob maxsus lavhga qo‘yib o‘qilgan. Sababi kitobni ohista varaqlab ochish qulay bo‘lgan, qayirib ochilmagan. Kitob betlari orasiga xatcho‘plar qo‘yib belgilashgan. Kitobga xattotdan boshqa kishining yozishi nojoiz hisoblangan. Har qanday muhtojlikka tushgan odam ham kitoblarini sotmagan.

Kitobxonlikning ham ma’lum ahamiyati bo‘lgan. Ko‘pincha 5-6 kishi bir joyga to‘planib, biror kitobni o‘qib, muhokama qilishganki, uning mazmuni shu davra ahli xotirasida bir umr saqlangan. Ayrim oilalarda kechki ovqatdan so‘ng kitobxonlik o‘tkazilgan. Oilaning bir a’zosi kitobni ifodali o‘qigan, qolganlar tinglab, muhokama qilib borishgan.
Xo‘sh, bugun oilada kitobni asrash va o‘qish madaniyati haqida ota-onalar nimalarga e’tibor berishlari kerak?

Eng avvalo, har bir tarbiyachi o‘z sohasiga oid kitoblarni va ularning ahvolini yaxshi bilishi, bolalarning shu kitoblardan qanday foydalanayotganidan xabardor bo‘lishi lozim. Ikkinchidan, bolalarning qaysi kutubxonaga a’zoligi, kutubxonadan qanday kitoblar olib o‘qiyotganligi, kitobni qay ahvolda oldi-yu qay ahvolda saqlaganligidan xabardor bo‘lsa yaxshi bo‘lar edi.

Uchinchidan, har bir ota-ona bolasining yoshiga qarab qanday kitoblarni o‘qish mumkin-u qaysi kitoblarni o‘qishi uning yoshiga to‘g‘ri kelmasligini bilishi darkor. Ayniqsa, 8-9-sinf o‘quvchilarining ota-onalari bolalari qanday kitoblarni o‘qiyotganligidan muntazam xabardor bo‘lishlari kerak. 13-15 yoshli bolalarga sarguzasht asarlarni o‘qishni tavsiya qilish kerak. Bunday asarlar bolalar ongini o‘stirishga, o‘ziga ishonch ruhini tarbiyalashga yordam beradi.

Shuningdek, o‘zbek xalq og‘zaki ijodi durdonalari – dostonlarni o‘qish bolaning tafakkuri kengayishida nihoyatda muhim. Chunki dostonlarda axloq, mehnat, vatanparvarlik tarbiyasi asosiy o‘rin tutadi. Hozirgi davrimizda televizor, qo‘l telefonlari va kompyuterga vaqt-vaqti bilan dam berib, bolalarimiz o‘qigan kitoblardagi badiiy tasvirlarni ular og‘zidan eshitish foydadan xoli emas.

Ota-bobolarimizning yana bir yaxshi odatlarini qayta tiklash davri keldi. Ya’ni, bolalarimizning tug‘ilgan kunlarida, uzoq safarlarga borib kelganimizda, bayramlarda ularga biror kiyim sovg‘a qilishga o‘rganganmiz. Kiyimni hamma vaqt olib berish burchimiz. Bolalarimiz eslaydigan kunlarda ularga kitob sovg‘a qilsak, ularda kitobga nisbatan mehr uyg‘otgan bo‘lamiz, chunki bolalar har bir sovg‘ani qadrlab asrashadi. Kitobni sevishdagi, avaylab o‘qishdagi bolalarga ko‘rsatadigan eng ishonchli ta’sir o‘zimiz o‘rnak bo‘lishimizdir. Umuman, bolalarning kitobga mehrini uyg‘otishda ota-onalarning o‘rni maktabga nisbatan ham salmoqli ekanini hech qachon unutmaslik kerak.
Inobat HAMROYeVA,
Buxoro viloyati

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Eng ulug‘ mo‘’jiza