19:42 / 14.10.2019
2 492

Oliy ta’limda «katta sakrash» uchun ishni nimadan boshlash kerak?

Oliy ta’limda «katta sakrash» uchun ishni nimadan boshlash kerak?
Ta’limni rivojlantirish haqida ko‘p gapirilyapti. Ayniqsa ikki so‘z – islohot va innovatsiya so‘zlari ko‘p ishlatilyapti. Bu so‘zlar men shaxsan qanday tushunaman, shuni aytib bersam.

– Ta’lim tizimimizni XXI asr talablariga moslashtirishimiz, uni egiluvchan, zamon bilan hamnafas qilishimiz, keraksiz yuklama va to‘siqlardan xalos qilishimiz kerak. O‘tgan yillarda yo‘qotilganlarni, qilinmagan ishlarning o‘rnini to‘ldirish kerak. «Islohot» so‘zini, menimcha, shunday tushunish kerak.

– Endi «innovatsiya» so‘zi haqida. «Innovatsiya» ingliz tilida amalda mavjud bo‘lgan narsa yoki tizimda yangicha usullar, g‘oyalar yoki mahsulotlar orqali o‘zgarishlarni amalga oshirishni bildiradi. Masalan, ta’lim sohasida yangicha yondashuv sinflarni kichraytirish va fikrni sayqallovchi munozaralarga o‘rin berish, ijodiy ishlarga urg‘u berish, fikrlar (talabaning o‘z fikriga ega bo‘lishiga chorlash) va mahsulotlar (kompyuterlar va onlayn dasturlar) bilan ta’minlashni bildiradi.

Ammo bular oliy ta’limdagi darajamizni yaxshilash uchun ikkilamchi omil bo‘lib, birlamchi omil – kitob o‘qishni yo‘lga qo‘yish. Ha, ishoning, birlamchi omil kompyuterni yaxshi bilish, kiyinish yoki eng zamonaviy binolarda ta’lim olish emas, balki aynan ko‘p kitob o‘qish. Modomiki, talaba sohasi bo‘yicha yetarlicha kitob o‘qimasa innovatsion ta’lim metodlari va zamonaviy texnologiya asboblari ta’lim darajamiz yaxshilanishiga omil bo‘lolmaydi, talabalarimiz kuchsiz bo‘lib qolaveradi. Kitob o‘qish hamon ilmiy jarayonlar zamiridagi eng muhim asos bo‘lib qolmoqda.

Bizda esa, garchi so‘nggi 2-3 yil ichida kitob o‘qishga rag‘batlantirish kuzatilayotgan bo‘lsa ham, kitob o‘qish o‘rniga «islohot» va «innovatsiya» so‘zlarini ko‘p ishlatish «asos» bo‘lib qolmoqda. Biz bu so‘zlarni suiiste’mol qilyapmiz.

Nima qilish kerak? Kitob tarjimasi safarbarligini boshlash kerak. Nega endi aynan tarjima? «O‘zimizning olimlarimiz yiliga yuzlab, minglab kitoblar chiqarib yotibdi-ku?», degan savol berilishi mumkin. Sababi, bizda, ming afsuski, ham ijtimoiy va ham aniq fanlar sohasida XXI asr saviyasidagi kitoblar yozilmayapti. Buni, achchiq bo‘lsada, tan olishimiz lozim. Iqtisodchi, biolog, kimyogar, doktor, huquqshunos, geolog va tilshunos do‘stlarimdan so‘rab ko‘rdim: «sohalaringizda dunyodagi eng so‘nggi nazariya, yangilik va o‘zgarishlar aks etgan kitoblar O‘zbekistonda yozilyaptimi» deb. Deyarli hammasidan «yo‘q» degan bir xil javobni oldim.

Biz keng miqyosdagi tarjima kampaniyasini boshlashimiz kerak. O‘rta asrlarda, Islom uyg‘onishi davrida kitoblar qanday miqyosda tarjima qilingan bo‘lsa, biz ham shu miqyosda sohalar bo‘yicha kitob tarjimasini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Chunki hozirda bizda bor adabiyotlar davr talabiga javob bermaydi!

O‘zbekiston universitetlaridagi mavjud adabiyotlar qay darajada dunyo standardlaridan uzilib, qoloq holga kelganini bir necha achchiq misollar bilan ko‘rsataman:

– Ijtimoiy va tabiiy fanlar bo‘yicha bakalavr diplomini olib, rivojlangan (AQSh, G‘arbiy Yevropa, Janubiy Koreya, Yaponiya) davlatlarga magistratura bosqichiga borgan yigit va qizlar bilan gaplashib ko‘rdim. 90 foizidan ko‘pi «biz yurtimizda hech narsa o‘qimay yurgan ekanmiz, bu yoqqa kelib fundamental bilimlarni boshidan boshlab o‘zlashtirishga majbur bo‘ldik» deyishdi.

– O‘zimning tajribamdan kelib chiqadigan bo‘lsam, Yaponiyadagi universitetlarga keladigan aksariyat talabalarimiz boshida juda qiynalishadi. Ammo ular bilan bir xil dastur bo‘yicha kelgan AQSh, Yevropa, hatto Hindiston va Xitoydan bo‘lgan talabalar qiynalishmaydi. Nega? Chunki xoh ijtimoiy, xoh tabiiy fanlar bo‘lsin, ularda o‘qitilayotgan darsliklar o‘zaro bir-biriga ancha yaqin hisoblanadi. Inchunun chetga chiqishsa ham, ba’zi bir tizim farqlarini hisobga olmasa, juda tez ko‘nikib ketishadi. Ammo o‘zbekistonlik talabalar uchun dastlabki yil juda og‘ir kechadi – ular o‘zlariga mutlaqo notanish bo‘lgan kitoblar va bilimlar bilan to‘qnashishadi.

– Bizning Jahon iqtisodi va diplomatiyasi, Vestminster va Inha kabi, dunyo standardlariga yaqin kitoblardan foydalaniladigan universitetlarda ta’lim olganlar, chet el nufuzli universitetlariga ko‘proq kirishadi.

– Taqqoslash uchun: dunyoning nufuzli nashriyotlaridan chiqqan (ayniqsa tabiiy fanlarga doir) kitoblar kamida 1500-2000 sahifadan iborat bo‘ladi, suratlar va sxemalarga to‘la sahifalari talabani boshini ko‘tarmay o‘qishga majbur qiladi. Bizda esa kitoblar sahifalari juda qisqarib ketgan: nari borsa 400 yoki 500 bet, talabada tasavvur uyg‘otuvchi suratlardan foydalanilmaydi. Biologiya, kimyo yoki geologiya sohalarga oid kitoblarni olib, G‘arbda chiqqan shunday kitoblar bilan solishtirib ko‘ring, yer bilan osmoncha farqni ko‘rasiz. Balki shuning uchun ham talabalarimizni uzoq muddat universitet kutubxonalarida ushlab qola olmayapmiz. Darajasi yuqori adabiyotlar tanqisligi va ichi «quruq» adabiyotlar talabalarimizni o‘qishdan sovutmoqda.

Inchunun, biz tabiiy fanlardan boshlab dunyo tan olgan darsliklar tarjimasini tezda yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Yaponiya, Koreya, Tayvan kabi davlatlar o‘z rivojlanish odimlarini shunday boshlagan. Bu yo‘nalishda eng mashhur davlat – Germaniya. Nemis professorlarining bu sohadagi mehnatkashliklari dunyoga doston.

Shu yerda savol tug‘iladi: ingliz tilini maktablarda yaxshi o‘qitishga shuncha e’tibor berilyapti, kitoblarni ingliz tilining o‘zida o‘qisa bo‘lmaydimi? O‘zim haqimda aytadigan bo‘lsam, ingliz tilida yozilgan kitoblarni bemalol o‘qib, tushuna boshlashim uchun chet elda kamida 5 yil sarfladim. Haliyam maktab chog‘imda ota-onam o‘qishimga e’tiborli bo‘lishgani, ingliz tili o‘qituvchim yaxshi bo‘lgani, qo‘shimcha darslarga borganim, chet elda o‘qiganim bilan shuncha... Taqdiri boshqacha kechgan talabalar yaxshi kitoblarni o‘qish imkoniyati yanada qiyinlashadi. Keyin, barchadan birdek chet tili bo‘yicha kuchli bo‘lishni talab qilish ham to‘g‘ri emas, chet tilini ba’zilar yaxshi o‘zlashtiradi, ba’zilar – pastroq.

Tarixiy haqiqat – aynan kitob tarjimonligi madaniyatini yuzaga keltirib, arab tarjimonlari yunon faylasuflari asarlarini tarjima qilishdi va ularni zulmatga cho‘mgan Yevropaga qaytarib berishdi. Aynan kerakli ijtimoiy va tabiiy fanlar bo‘yicha eng kerakli kitoblarni Meydzi davrida ommaviy tarjima qilgan yaponlar mustamlakachilik asoratidan qutulishdi.

Keyinchalik, masalan, Koreya va Xitoyda yapon tilidagi kitoblar mahalliy tillarga o‘girildi, bu davlatlar o‘z rivojlanish yo‘llari davomida Yaponiyadan juda ko‘p narsalarni o‘zlashtirishdi.

Bundan tashqari, tarjimonlik orqali yangi so‘zlar tilimizga kirib keladi, tilimiz taraqqiy etadi, bilim yoyiladi.

Bir qancha talabalarimiz chet ellarda o‘qiyapti, shuning o‘zi yetarli emasmi? Shunday e’tiroz ham bildirilishi ham mumkin. Ammo bir yoshni chet elga chiqarib o‘qitish davlat g‘aznasiga yuk bo‘ladi. Keyin, chet elda olingan bilimlar tor doiradagi insonlar orasida qolib ketadi. Kitoblardan esa butun millatning yosh-u qarisi foyda ko‘rishi mumkin.

Yuzlab sohalar bo‘yicha minglab ilmiy kitoblar o‘z tarjimasini kutmoqda. Buncha kitobni birdaniga tarjima qilish qiyin. Ammo bu ishni boshlamoq berak. So‘nggi paytlarda universitetlar binolarini, texnik anjomlar va mebellarni yaxshilashga milliardlab so‘m mablag‘ ajratilyapti. Ammo kutubxonalarni yangilash ishi oqsayapti.

Ilmiy kitoblarni tarjima qilish hozirgi kunda og‘riqli masala bo‘lib turgan zamonaviy maktab darsliklarini yaratishga ham ajoyib zamin bo‘ladi. Zamonaviy maktablarimiz bo‘lsayu, zamonaviy kitoblar bo‘lmasa! Bizda darsliklar masalasida haqiqiy «update system» ishlamay qo‘ygan. Hozirda tan olingan darsliklarni tarjima qilish mana shunday katta kamchilikni to‘ldirib ketadi, deb ishonaman.

Xitoyda tahsil olayotgan hamyurtimiz Baxtiyor Sheraliyevning Feycbuk sahifasidagi postidan:
«9 sinflar uchun yangi biologiya darsligi nashrdan chiqdi. Lekin u chindan ham yangimi?...To‘g‘risi, darslikni varaqlar ekanman, salkam 500 ming nusxada chop etilgan ushbu darslikni ko‘rib davlat sarflagan pulga achindim. Darslik haqida fikrlarimni batafsil tahliliy maqola ko‘rinishida ifodalashni niyat qilib qo‘ydim. Hozirda darslik ekspertizasi bilan shug‘ullanmoqdaman. Ishonasizmi, har bir mavzusida ilmiy jihatdan kamchiliklar va xatoliklar chiqmoqda. Ular bir-ikkita emas! Mana nima uchun bizning biologlar xalqaro biologiya olimpiadalarida o‘rin olmaydi, mana nima uchun bizning biologlar hamon o‘tgan asr biologiyasi qobig‘ini yorib chiqib keta olmayapti».

Ba’zi amaliy yechimlarni aytib o‘tsam:
– Har bir soha bo‘yicha eng ustuvor va fundamental bilimlarni beradigan ilmiy kitoblar ro‘yxatini tuzib chiqish lozim. Undan keyin yeng shimarib ishga tushish kerak. Bu masalada chet eldan har bir soha olimiga murojat etilib, fan kitoblarimiz birma-bir ekspertizadan o‘tkazilsa, holatimiz qandayligi ayon bo‘ladi.

– Google Translate bilan hamkorlik qilish, uni boyitish va mukammallashtirish, o‘zbek tiliga tarjima jarayonini yaxshilash va tezlatishimiz darkor. Toshkentdagi Jahon tillari universitetida bunday loyihalar qilinyapti, ammo bu ishni davlatning strategik darajasiga chiqarish kerak.

Bilimlarni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishga uzoq muddatli loyiha deb qarash kerak. Chunki kitob tarjimasi vaqt va qunt talab etadigan mashaqqatli jarayon bo‘lib, osongina – 1-2 yilda tugallanmaydi. Zero, gap minglab kitoblar haqida ketyapti.

«O‘zingiz bu yo‘nalishda nima qilyapsiz?» deyishingiz mumkin. Toshkent Davlat yuridik universitetining yosh va g‘ayratli o‘qituvchilari bilan birga 8 tomlik «Yaponiya huquq tizimiga kirish» kitoblar seriyasi tarjimasini boshladik. Birinchi qismi tugallanish arafasida va u Konstitutsiya kunimizga qolmay yuridik sohada o‘qiyotgan o‘zbek kitobxonlari qo‘lida bo‘lishi rejalashtirilgan.
Alisher Umirdinov,
Nagoya iqtisodiyot universiteti professori,
huquq fanlari doktori

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy ta’limda «katta sakrash» uchun ishni nimadan boshlash kerak?