21:38 / 24.12.2019
2 798

Bosh prokuratura saylov bilan bog‘liq 5 holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

Bosh prokuratura saylov bilan bog‘liq 5 holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati
Bosh prokuratura 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar jarayonida kelib tushgan murojaatlar va qonunbuzilish holatlari bo‘yicha bayonotlar berdi:
1
Bosh prokuratura tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda «Ayronchi» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, «Etak» 15-saylov okrugidan tuman xalq deputatlari kengashiga o‘z nomzodini qo‘ygan G‘.Boymirzayevdan majburiy ravishda o‘z nomzodini qaytarib olish haqida ariza yozdirib olishayotganligi to‘g‘risida tarqalgan xabar tekshirildi.

Tekshirishda, G‘.Boymirzayev Xalq deputatlari Koson tumani kengashi deputatligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan bo‘lib, uning nomzodi saylov byulletenidan olib tashlanmagani va qonuniy ravishda saylovlarda deputatlikka nomzod sifatida ishtirok etganligi aniqlandi.
2
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 10, 23 va 142-sonli saylov uchastkalari ishiga noqonuniy aralashish, jumladan, hokimlik mutasaddilari mahalla raislariga muayyan nomzodlarni qo‘llab-quvatlash haqida topshiriq berganligi bilan bog‘liq ma’lumotlar tarqatilib, ushbu holat Bosh prokuratura tomonidan tekshirilayotganligi to‘g‘risida ma’lum qilingan edi.

Ushbu holat bo‘yicha tekshirish o‘tkazilib, biron bir shaxs tomonidan yuqoridagi saylov uchastkalari ishiga noqonuniy aralashganlik holatlari tasdiqlanmadi.
3
Bosh prokuratura tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan okrug va uchastka saylov komissiyalariga Toshkent shahar Yashnobod tumanida ovozlarni sanab chiqish bo‘yicha yakuniy bayonnoma nusxasini to‘ldirish va bayonnoma nusxalarini hech kimga tarqatmaslik yuzasidan g‘ayriqonuniy ko‘rsatma berilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar tekshirildi.

Tekshirishda, Yashnobod tumani hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Q.Xusanov 22 dekabr kuni tumandagi okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatiga noqonuniy aralashib, 30 ta uchastka saylov komissiyalari raislariga saylovdan keyin zudlik bilan saylov bayonnomalarining qoralama nusxalari bilan yetib kelishini hamda bayonnomalarning asl nusxalariga biron-bir yozuv kiritmaslik haqida noqonuniy ko‘rsatma berganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda.
4
Bosh prokuratura tomonidan 22 dekabr kuni soat 22.00 larda «Telegram» tarmog‘ida tarqalgan Sergeli tumanidagi saylov uchastkasida sodir qilingan qonun buzilish holatlari aks etgan videolavha tekshirildi.

Tekshirishda, saylov uchastkasida saylov natijalari bo‘yicha ovozlarni sanoqdan o‘tkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoniga nomzodlarning ishonchli vakillari va kuzatuvchilar kiritilmasdan, sanoqdan o‘tkazish alohida xonada amalga oshirilganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan 23.12.2019 yilda Jinoyat kodeksining 146-moddasi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
5
Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi a’zosi B.Xolmatovning murojaati tekshirildi.

Tekshirishda, Uchtepa tumani hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Sh.Nigmatov O‘zbekiston Ekologik partiyasi ichki ishlariga va saylov jarayoniga noqonuniy aralashganligi aniqlandi.

Sh.Nigmatov va partiyaning tuman kengashi raisi Q.Maxkamovlar Liberal demokratik partiya a’zosi B.Xolmatov, «Adolat» partiyasi a’zosi H.Yunusova hamda 2017 yildan Amerika qo‘shma shtatlarida yashayotgan S.Azimovalarning nomzodini ularning roziligisiz va xabarisiz Ekologik partiyadan Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputatligiga nomzod sifatida ko‘rsatib, saylov hujjatlariga soxta ma’lumotlar kiritishganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan 23.12.2019 yilda Jinoyat kodeksining 146-moddasi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuratura saylov bilan bog‘liq 5 holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi