date
views 2 169

Investor: “Biznesimiz kelajak avlodga zarar keltirmaydigan bo‘lsin”

Investor: “Biznesimiz kelajak avlodga zarar keltirmaydigan bo‘lsin”
Mamlakatda biznes yuritish oson bo‘lib bormoqda. Buni O‘zbekistonga loyihalari bilan kelayotgan chet ellik tadbirkorlarning oqimi ko‘payganidan ham bilish mumkin. Biz bu hafta mamlakatga kelgan rossiyalik tadbirkor Aleksey Fedenko bilan uchrashib, O‘zbekistonda loyiha amalga oshirish qulayliklari va qiyinchiliklari haqida suhbatlashdik.

– Aleksey, siz O‘zbekistonga birinchi marta kelishingizmi? Taassurotlaringizni bizga bildirsangiz.
– O‘zbekistonga oldin ham kelganman. 2012 yil edi. Hozirgi loyihamni amalga oshiraman degan niyatda kelgan edim. To‘g‘risini aytsam, o‘shanda bu yerdagi biznes muhitni ko‘rib hafsalam pir bo‘lgan edi. Umid bilan kelib, umidsizlikka tushib qaytib ketgandim. Bu yerda loyihani amalga oshirishingiz uchun amaldagi qonunlarga emas, kimgadir suyanishingiz kerak edi. Bu narsa O‘zbekistonda biznes qilishdan qaytargan edi. Yaxshi eslayman, o‘sha yillari konvertatsiya masalasi ham mujmal edi. Endi bu muammolar barham topibdi.

– Xo‘sh, 2012 yildagi muhit bilan hozirgi davrdagi biznes yuritish sharoiti qanday? O‘zbekistonga boshqa kelmayman, degan biznesmenni mamlakatimizga qayta kelishiga nima turtki bo‘ldi?
– Yaxshi savol berdingiz. 2012 yil to‘g‘risi, bu mamlakatda ishlab bo‘lmas ekan degan o‘y bilan ketgan edim. Ammo keyingi yillarda internet orqali kuzatyapman, mamlakatingizda biznes muhit yaxshilanmoqda. Investorlarga ijobiy ko‘z bilan qarab, ularga sharoit yaratib berilmoqda. Xullas, O‘zbekistonda ish yuritish umidbaxsh, deb ayta olaman.

– O‘zbekistonda nima ish qilmoqchisiz? Qanday g‘oyalar bilan keldingiz?
– Oldin ham, hozir ham bitta g‘oyaloyiha bilan mamlakatingizga keldim. Bu biznesni, aynan, O‘zbekistonda amalga oshirish juda qulay va talabga javob beradi. Bu ekosetkalar ishlab chiqarish loyihasidir. Chunki bu mamlakatda paxta yetishtiriladi, uni qayta ishlab, tolaga aylantirishadi. Aynan, tolaga aylangan paxtaning chiqindisini ko‘p fabrikalar tashlab yuborishadi. Shu chiqindilardan ekosetka tayyorlash mumkin. Uni mamlakat ichkarisiga va tashqarisiga sotish mumkin bo‘ladi. Hozir ko‘p sobiq sovet respublikalarida polietilen paketlar ishlatishadi. Bu paketlar, bilasiz, sayyoramiz uchun zarar.

Men, buni ko‘p aytaman, bolalarimga ham “sen do‘kondan bitta sun’iy paket oldingmi, ishlatdingmi demak, dengizdagi bitta baliq o‘limiga aybdorsan”, deyman. Sayyoramizdagi daryolar, dengizlar, okeanlar hozir shunday sun’iy paketlar bilan to‘lib bormoqda. Suvdagi jonivorlarga esa bu katta zarar. Demak, bu sun’iy paketlardan qutulib ekosetkalarga o‘tilsa, bundan insoniyat faqat yutadi, xolos. Men biznesimni, qanchalik balandparvoz tuyulmasin, qadriyatlarga asoslanib quraman, o‘zimizdan keyingi avlodga zarar keltirmaydigan jihatlarni inobatga olaman.

– Ekosetkalar polietilen paketlarga nisbatan qimmat tursa kerak?
– To‘g‘ri, qimmat. Lekin foydali taraflari ko‘p. Masalan, ekosetkalarni ko‘p marta ishlatish mumkin, bir martalik emas ular. Biz mahsulotimizni Yevropa mamlakatlarida 25 sentdan sotyapmiz. Agar O‘zbekistonda zavod ochsak, narxlar birmuncha arzon bo‘ladi. Mana, 2022 yildan boshlab Rossiyada sun’iy paketlardan foydalanish taqiqlanadi. Demak, Rossiya bozori ham ana shunday ekosetkalarga muhtoj, bu biz uchun tayyor bozor degani. Lekin meni bir muammo qiynaydi.

– Nima muammo?
– Bu yerda mahsulotni ishlab chiqarish uchun hamkorlar topish muammosi. Paxtani qayta ishlab chiqaruvchi korxonalardan tola chiqindilarini arzon narxlarda sotib olish muammosi. Bu masalani yechgani mamlakatingizga keldim. Bu masala yechilganidan so‘ng, ishlab chiqarish uchun kerakli jihozlarni keltirib, ishni boshlaymiz. Hozir Jizzax viloyatida joylashgan paxtani qayta ishlash zavodi mutasaddilari bilan muzokara qildim. Shuningdek, boshqa viloyatlardagi zavodlarni ham borib ko‘rib, ko‘rishim, narxlarni o‘rganishim kerak, tola chiqindilari sifatini, tarkibini o‘rganishim kerak bo‘ladi.

– Demak, O‘zbekistonda ishlash niyatingiz mustahkamlanmoqda. 2012 yildagiga o‘xshab, qaytib ketmaysizmi?
– Ishlamoqchiman. Hozir O‘zbekistonda biznes ob­havo yaxshilangan, yaxshilanib bormoqda. Kundan­kun ijobiy o‘zgarishlar tomon qadam tashlanmoqda. Shunday ekan, nega bu yerda ishlamasligim kerak? Ishlayman. Rejalarimni tiniqlashtirib, meni qiynagan muammolarni oydinlashtirib, mamlakatingizda biznes qilishdan niyatim katta.

Murod CHOVUSH
suhbatlashdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Investor: “Biznesimiz kelajak avlodga zarar keltirmaydigan bo‘lsin”