date
views 2 854

Cayëp qabulda «ëllanma» mupojaatchi

Cayëp qabulda «ëllanma» mupojaatchi
Sayyor qabul. Bu so‘zning lug‘atimizga kirib kelganiga to‘rt-besh yil bo‘lib qoldi. O‘tgan vaqt davomida barcha darajadagi rahbarlar o‘tkazayotgan sayyor qabullarda juda ko‘p muammolarga yechim topilmoqda. Muddat talab qiladigan murojaatlar ham qonun doirasida hal qilindi.

Murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, pirovardida adolatni qaror toptirishga ayrim rahbar va mansabdorlar mas’uliyat bilan yondashadi. Ayrimlari esa…

Fuqarolar-chi? Ular o‘z huquq va burch­larini anglagan holda murojaat etadimi? Murojaat qilish tartibiga rioya qiladimi? Ana shu savollarga javob topish maqsadida ko‘p emas, uchta sayyor qabulga bordim.

Sayyor qabul boshlanishiga yarim soat bor. Aytilgan joyga tumonat odam yig‘ilgan. Ayrimlarini taniyman, ba’zilarini yo‘q. O‘zi aslida muammo menda ham bor. Lekin uni qabul o‘tkazayotgan rahbarlarga aytishga g‘ururim yo‘l qo‘ymaydi. Nega deysizmi? Chunki muammomni o‘zim yaqinlarimning ozgina ko‘magida hal qilishim mumkinligini juda yaxshi bilaman.

Qabulga kelgan fuqarolarni kuzata boshladim. Kelganlarning aksariyati ayollar. Archa yonida turgan ikki kishining suhbati e’tiborimni tortdi.

– To‘g‘ri tushuning, yangi qurgan imoratingiz ko‘cha yuziga chiqib ketgan. Uni hujjatlashtirib bo‘lmaydi. Bir hafta oldin boshqa imoratlaringizni va tomorqangizni o‘lchab, hujjatlashtirib berdim-ku. Yangi imoratingizning ko‘chaga chiqib ketgan tomonini buzishingiz kerak. Bundan boshqa yo‘li yo‘q.

– Nega endi buzarkanman? Mendan keyingi ikkita qo‘shnimning uyini ham buzdiring unda. Shundan keyin uyimni buzish yoki buzmasligimni o‘ylab ko‘raman. Men bilmayman, hozir hokimning qabuliga kiraman. Qanday bo‘lmasin yangi uyimni ham hujjatlashtirib berasiz. Bu sizning vazifangiz.

– Bu nima deganingiz, opa? Qo‘shnilaringiz uy qurishdan oldin kelib bizdan qayerdan, qay tartibda uy qurish mumkinligini so‘ragan. Bizning chizmamiz asosida qurilishni boshlagan. Siz-chi, shunday katta imorat qurarkansiz, kelib bir og‘iz so‘rasangiz bo‘lardi-ku. Qurishdan avval o‘zboshimchalik qilib, endi muammoni bizga ag‘darganingiz nimasi? Avval siz bo‘yningizdagi vazifani qonuniy bajarib qo‘ying. Undan keyin men vazifamni bajaraman…

Qabulga kelganlardan biri «otam onamdan so‘ramay tomorqamizning yarmini mahalla raisi bilan sotib yuborgan. Otam o‘zi birovlarning pulini olib yeb ketadigan odam» desa, yana birovi «ukam davlatning yeridan foydalanib kelayapti, undan foydalanayotgan yerini zaxiraga qaytarib olishingizni so‘rayman» deb murojaat qildi. To‘g‘risi, bularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganimda hech qachon ishonmasdim. Nahotki ota-onalarimiz, aka-ukalarimizga bo‘lgan mehrimiz shu darajada bo‘lsa? Aka-ukalarning munosabatini o‘rtada turgan ayollar buzayapti dersiz, ammo yemay yedirgan, go‘dakligidan katta qilgan o‘z otasi haqida murojaat qilgan ayolni qanday tushunish mumkin?!

Yonimda o‘tirgan ikki kishining suhbatini qarang, bu borada nima deyishga ham hayron qolasan kishi.

– Menga qara, nega endi faqat u fermer bo‘lishi kerak? O‘sha joyni biz ham obod qilishimiz mumkin. Nima, hamma narsani bir o‘zi yeb yotadimi? Bunday bizga ham bersin-da.

– Gaping to‘g‘ri-yu, faqat bir tomoni bor-da. O‘sha joylar o‘n yil qarovsiz, ajriq bosib yotganda ishlash, o‘sha joyni obod qilish bizning ham xayolimizga kelgani yo‘q-ku. Endi fermer qo‘shnimiz u joyni obod qilib, foyda ko‘rguncha ko‘kayi kesilganini bilib turib kelishimiz sal g‘alatiroq bo‘ldimi deyman-da.

– Nima, endi vijdoning uyg‘onib qoldimi? Hech narsa qilmaydi. Rahbarlarga aytsak bo‘ldi. U joyning yarmini bizga berishadi. O‘zi…

Shu payt darvozadan shovqin-suron bilan kirib kelgan ayolning dag‘dag‘asi yig‘ilganlarning e’tiborini tortdi.

– Bu davlatda haqiqat, adolat bormi o‘zi? Qiynalib qurgan uyimni buzishga kimning haqqi bor? Qani o‘sha hokim? Tug‘ilganiga pushaymon qildiraman. Mening sovunimga kir yuvmabdi hali. U joyni olguncha, yangi imorat qurguncha qancha qiynalganmiz? Imoratimiz hali bitmasdan turib uni buzdiradiganlar chiqib qolibdi.

Ayolning so‘zlarini eshitib, to‘g‘risi, unga achindim. Yurtboshimiz ishongan rahbarlarning harakatidan dilim og‘ridi. Garchi tanimasam-da o‘sha ayol bilan suhbatlashib, biroz bo‘lsa-da dardiga malham bo‘lishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim. Biroq…

Ayolning dardini, nordon so‘zlarini obdon tinglagan rahbar unga so‘nggi so‘zni aytdi. Aslida bu ayolning hech qayerda tomorqasi yo‘qligi, u hech qanday imorat ham qurmagani, faqatgina kimningdir so‘ziga kirib, to‘g‘rirog‘i kimdandir manfaatdor bo‘lgani sababli sayyor qabul o‘tkazayotgan rahbarlarning birini obro‘sizlantirish maqsadida kelgani aniqlandi. Ayolning kimligi, uni qayrab yuborgan kishi kimligi shu yerning o‘zida ma’lum bo‘ldi. Qabuldagi ikki og‘iz suhbat davomida mushtipar ayol nima maqsadda kelganini aytdi-qo‘ydi. Uni «o‘qitib» sayyor qabulga yuborgan kishi ham bir tashkilotning rahbari ekanligi sababli juda ochiqchasiga yozishga andisha qildim.

Odamlarning dardini eshitish, og‘irini yengil, mushkulini oson qilish aholining davlatga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlaydi. Sayyor qabullarda yoki boshqa kunlarda ham fuqarolar bergan ariza, taklif va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatda ko‘rib chiqilishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Biroq ayrim fuqarolarning mazmunsiz ariza yo‘llashi, qayta-qayta, o‘rinsiz murojaat qilishlari ham hech birimizga sir emas.

Sayyor qabulda qatnashib ko‘pchilikning murojaat qilish madaniyatidan butkul bexabarligini angladim. To‘liq tushunmasdan, so‘rab-surishtirmasdan qi­lingan birgina murojaat uchun juda ko‘p odam ovora bo‘lishiga guvoh bo‘ldim. Murojaat qilish, muammomni aytish mening huquqim deb bilgan hamyurtlarimiz o‘z burchlarini ham to‘liq anglab yetsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Nigina SHOYEVA
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Cayëp qabulda «ëllanma» mupojaatchi