19:49 / 15.04.2020
3 000

Karantin sharoitida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar (Ikkinchi qism)

Karantin sharoitida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar (Ikkinchi qism)
II. Imtiyozlarning ikkinchi to‘plami tadbirkorlik sub’ektlari – yuridik shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan:
1. 2020 yil 1 apreldan 1 oktabrgacha alkogol mahsulotlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ajratmalari
5 foizdan 3 foizga pasaytirildi.
Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun yig‘imlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytirildi.
Ushbu ikkita yengillikdan 7 mingdan ortiq sub’ekt foydalanib, ularning ixtiyorida 17,1 mlrd. so‘m qoladi.

2. Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun foydalaniladigan hajmlar bo‘yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020 yilda o‘rnatilgan stavkalardan 50 foizga pasaytirildi.
Bu imtiyozdan 83 mingta fermer xo‘jaliklari foydalanib, ularga suv solig‘idan to‘lanishi belgilangan 300 mlrd. so‘mlik soliq summasidan 150 mlrd.so‘m iqtisod qilinadi.

3. Turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etildi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi
12 foizdan 1 foizga tushirildi. Ushbu imtiyozdan sohada xizmat ko‘rsatayotgan mingdan ortiq sub’ektlar foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, 2020 yil 1 apreldan 1 iyulgacha bo‘lgan davrda turistik yig‘imini hisoblash to‘xtatildi.

4. Mahalliy davlat hokimiyati organlari tadbirkorlik sub’ektlariga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lash bo‘yicha foizlarni undirmasdan 6 oyga kechiktirish imkoniyatini (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) taqdim etdi. Bundan 14 828 ta sub’ekt foydalanishi mumkin.

Shuningdek, Soliq kodeksining 100-modasida ko‘rsatilgan holatlarda boshqa soliq turlari (qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq) bo‘yicha ham soliqni to‘lash muddatini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishi mumkin.

Bunda soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati tabiiy ofat, texnologik falokat yoki boshqa bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar natijasida zarar yetkazilganligi holati mavjud bo‘lgan taqdirda beriladi.
Ushbu imkoniyat O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinishi bilan amalga oshiriladi.

5. Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 mlrd.so‘mdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qo‘llaydigan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar ushbu soliqni har choraklik asosda hisoblash va to‘lash huquqiga ega bo‘ldilar.

6. Tushumi o‘tgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes sub’ektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy soliq va suv solig‘ini to‘lash muddati shu yil 1 oktabrga qadar kechiktirildi. Tadbirkorlar bu imtiyozlardan soliq idorasini uydan turib xabardor qilishi mumkin.

7. Yuridik shaxsga foiz shaklida daromad to‘lash majburiyatisiz qarz taqdim etilganda soliq solish maqsadida qayta moliyalash stavkasi asosida aniqlanadigan daromad foyda va aylanmadan olinadigan soliqlarini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi va yil yakuniga qadar soliqqa tortilmaydi.

8. Foyda solig‘ini to‘lovchilar faqatgina 2020 yilning ikkinchi choragidan kutilayotgan hajmlaridan kelib chiqib foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlar summasi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etish huquqiga ega bo‘ldilar.

9. 2020 yil 1 apreldan boshlab soliq to‘lovchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni muayyan maqsadlarga yo‘naltirish shartlarisiz qo‘llashlari mumkin bo‘ldi.

10. Bundan tashqari, ba’zi tadbirkorlar tovar, turli uskunalar olish uchun chet eldagi hamkorlariga mablag‘ yo‘naltirgan, lekin koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli mahsulot o‘z vaqtida yetib kelmagan bo‘lsa, endilikda bunday vaziyatda qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi. Bu dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 813 sub’ektga 717,2 mlrd.so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi degani.

11. Davlat soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha penyalarni hisoblashni to‘xtatib turadi, shuningdek soliq qarzini majburiy undirish choralari ko‘rilmaydi.

12. Prezidentimizning 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub’ekt-larining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan 2018-2019 yillarda tadbirkorlik sub’ektlarida hujjatli tekshirishlarni o‘tkazmaslik to‘g‘risida moratoriy e’lon qilingan edi. Shu moratoriy bir yilga – joriy yil yakuniga qadar uzaytirildi, ya’ni 2021 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini soliq auditidan o‘tkazish ham to‘xtatildi. Shuningdek hozirgi kunda tadbirkorlik sub’ekti qiyinchilikka uchrayotgan bo‘lsa, ularga soliqlar va asosiy to‘lovlarni uzaytirish huquqi berildi. Shu bilan birga hech qanday jarima choralari qo‘llanilmaydi.

13. Joriy yil yakuniga qadar un, o‘simlik yog‘i, go‘sht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi asosiy iste’mol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aksiz solig‘i undirilmaydi.

14. Spirt, alkogol mahsulotlari, shu jumladan vino va pivo uchun aksiz solig‘i, shuningdek, benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘ining amaldagi stavkalari yil yakuniga qadar o‘zgarmaydi.
Bulardan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlariga yana quyidagi qo‘shimcha sharoitlar yaratildi:
1 oktabrga qadar tadbirkorlarning foydalanilmayotgan ob’ekt-lariga nisbatan mol-mulk va yer solig‘ining oshirilgan stavkalari qo‘llanilmaydi;
koronavirus infeksiyasiga qarshi kiritilgan choralar tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan korxonalarga nisbatan bankrotlik tartib-taomillarini qo‘llash va ularni bankrot deb e’lon qilishga 2020 yil 1 oktabrgacha bo‘lgan muddatda moratoriy joriy etildi;
majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni 2019 yil yakunlari bo‘yicha auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish muddati 2020 yil 1 oktabrgacha uzaytirildi;
aksionerlarning 2019 yil yakunlari bo‘yicha yillik umumiy yig‘ilishlarini 2020 yil 1 oktabrgacha muddatda, shuningdek, video-konferens-aloqa rejimida o‘tkazishga ruxsat berildi;
aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan ortiq bo‘lgan mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarni har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish bo‘yicha talab 2020 yil yakunlari bo‘yicha kiritilishi belgilandi;
2020 yil 1 oktabrgacha dorixonalarda tayyorlanadigan dori vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa mahsulotlarni ulgurji sotishga ruxsat berildi;
karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini hisoblash va undirish to‘xtatildi;
karantinga olingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarni (karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik bundan mustasno) to‘lash muddatlari karantin muddati tugagunga qadar uzaytirildi;
barcha loyihalar doirasida investitsiyaviy majburiyatlarni bajarish muddatlari 6 oyga uzaytirildi;
karantin davrida tadbirkorlarning hisob raqamini to‘xtatib qo‘yish taqiqlandi;
aholiga tovarlarni yetkazib berish hamda tashish xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olish talabi vaqtinchalik bekor qilindi;
koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot
va karantin muassasalari qurilishi uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallari, shuningdek, ular faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur tovarlar 2020 yil 31 dekabrgacha muddatga bojxona to‘lovlaridan, shu jumladan qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etildi;
koronavirus infeksiyasini aniqlash bo‘yicha ekspress-testlarni olib kirishda ular uchun bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imi undirilmaydi;
ishlab chiqarish faoliyatini davom ettirayotgan shaxslar o‘z ishchilariga shart-sharoitlar tashkil etishi ustidan doimiy monitoring olib borish uchun ularga sanitariya-epidemiologiya xizmatlari va sog‘liqni saqlash muassasalarining biriktirilishini ta’minlagadi va ular faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratiladi.

Yuqorida ko‘rib chiqilgan soliq qoidalarini yumshatish borasidagi choralar so‘zsiz aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Bunda soliq organlarining soliq munosabati doirasidagi soliq to‘lovchilar bilan faol hamkorligi o‘rnatilishi lozim.

N.I.Norbayev,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Karantin sharoitida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar (Ikkinchi qism)