
O‘zbekiston avvalo JSTga a’zo bo‘lishi, YEOIIga esa shundan keyin maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilrabo Xolboyeva.
«Adolat» SDP fraksiyasi yig‘ilishlarida O‘zbekistonning YEOIIga a’zoligi masalasida muhokamalar davom etmoqda. Partiya saytida parlament deputati Dilrabo Xolboyevaning shu mavzudagi tahlillari joylashtirilgan.
Xolboyevaga ko‘ra, YEOII o‘zining asl mohiyati bo‘yicha ishtirokchilar uchun teng shartlarda faoliyat yuritsagina barchaga foydali tashkilotga aylanishi mumkin. Xolboyeva dastlab tashkilotga a’zo bo‘lishning afzalliklari haqida fikr yuritgan.
«YEOII doirasida xizmatlar sohasida yagona transport makoni tashkil etiladi. Bu esa xalqaro tashishlar sohasida ruxsat berish tartiblarini soddalashtirish, yo‘lovchilarning yuklar va transport vositalarining erkin harakatlanishini ta’minlaydi.
Qishloq xo‘jaligida bojxona tartiblarini soddalashtirish hisobidan tadbirkor, fermerlarimiz uchun ulkan bozor eshiklari ochiladi. Ular o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qila boshlaydilar. Natijada YEOII davlatlariga O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish samaradorligi bir yilda qo‘shimcha 350 mln AQSH dollariga oshishi mumkin», – deydi u.
Deputat yuqoridagi kabi ehtimoliy ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan, tashkilotga a’zolik ichki bozorda ayrim mahsulotlar taqchilligini yuzaga keltirishi mumkinligini aytadi. Bu orqali esa bozorlarimizda meva-sabzavot narxlarining oshishi kutiladi, deydi u.
«Xuddi shunday holatni go‘sht mahsulotlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Hozirgi kunda mamlakatimizda chorvachilik mahsuloti eksporti Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ya’ni ichki bozorni o‘zi to‘yinmayotgan ayni bir sharoitda hech kim go‘shtni to‘g‘ridan to‘g‘ri eksportga chiqarib yubora olmaydi. YEOIIga a’zolik esa mazkur tartibni bekor qiladi. Natijada tadbirkorlarimizni horijga go‘sht eksportiga o‘tib ketishi o‘zi shundoq ham taqchil bo‘lib turgan ichki bozorimizda narxning sezilarli oshishiga olib keladi.
Bundan tashqari, ichki bozorni to‘yintirish uchun uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan go‘sht mahsulotlari ham biz uchun qimmatga tusha boshlaydi. Amaldagi tartibga ko‘ra, mamlakatimizga tirik hayvonlar olib kirishga, shuningdek, ularning go‘shti uchun import boji 0 foizni tashkil etadi. Ya’ni hozirda boj to‘lovlarisiz olib kiryapmiz.
YEOIIda esa tirik hayvonlar olib kirishga 5 foiz, go‘sht olib kirishga esa 15 foiz import boji qo‘llaniladi.
Ko‘rib turganingizdek, a’zo bo‘lib kirganimizdan keyin uchinchi mamlakatlardan import qilayotgan tirik hayvonlarimiz narxi 5 foizga, go‘sht mahsulotlarimiz narxi 15 foizga ko‘tariladi», – deydi deputat.
Dilrabo Xolboyeva O‘zbekiston uchun YEOIIda ishtirok etish bir qator sohalarda ko‘plab o‘zgarishlarni amalga oshirishni talab etishini eslatadi. Uning fikricha, bu quyidagi yo‘nalishlardir:
Birinchidan, sanitariya nazorati masalalari bo‘yicha O‘zbekistonda amal qiladigan sanitariya-gigiyena qoidalari va normalarini YEOII yagona sanitariya-epidemologiya va gigiyena talablariga hamda laboratoriyalarni oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha jihozlash talablariga mufoviqlashtirish zarur.
Ikkinchidan, fitosanitariya nazorati masalalari bo‘yicha karantin ob’ektlar va karantin ostidagi mahsulotlarning yagona ro‘yxati, laboratoriya diagnostikasi va chegara fitosanitariya nazorat postlarini jihozlashga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha mavjud tafovutlarni bartaraf etish lozim.
Uchinchidan, veterinariya nazorati masalalari masalalari bo‘yicha tekshirishlarni o‘tkazish mexanizmlarini va veterinariya nazorati ob’ektlari va tovarlari yagona ro‘yxatini, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash yuzasidan infratuzilmaga (laboratoriyalar va chegara punktlariga) qo‘yiladigan talablarni mufoviqlashtirish bilan bog‘liq masalalar mavjud.
«Mazkur masalalar, ya’ni infratuzilmani YEOII talablariga mufoviqlashtirish uchun hukumatning hisob-kitoblariga ko‘ra 1 mlrd. dollar atrofida mablag‘ talab etiladi.
Shu o‘rinda, yana bir mulohaza mavjud. YEOIIga a’zolikni yuqoridagi iqtisodiyotimizga foyda deb sanalayotgan yo‘nalishlari, keltirilayotgan raqamlar, ko‘rsatkichlar, mamlakatimizning boshqa bir tuzilma – Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lsa, bir necha barobar yuqoriroq darajaga chiqishi aniq.
Afsuski, dunyoning 164 mamlakatini birlashtirgan mazkur tashkilotga a’zo bo‘lib kirmagan sanoqli davlatlar qatoriga kiramiz. Albatta, JST bilan muzokaralar jonlanganini e’tirof etish lozim. Shu boisdan O‘zbekiston avvalo JSTga a’zo bo‘lishi, so‘ngra YEOIIga a’zo bo‘lishi maqsadga mufoviq deb hisoblayman», deydi parlament a’zosi Dilrabo Xolboyeva. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar