date

Sirdaryo va Namanganda yirik giyohvandlik guruhlari qo‘lga olindi

Sirdaryo va Namanganda yirik giyohvandlik guruhlari qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati navbatdagi yirik operatsiya natijalari haqida ma’lum qildi. Sirdaryo va Namanganda o‘tkazilgan tezkor choralar orqali sintetik giyohvand moddalar tayyorlaydigan maxfiy laboratoriya fosh etildi va bir nechta narkosavdogarlar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Guliston shahrida yashovchi 30 yoshli erkak va uning 29 yoshli turmush o‘rtog‘i, shuningdek, 1995-yilda tug‘ilgan sherigi bilan birgalikda xonadonlaridan birini “narkolaboratoriya”ga aylantirgan. Ular xorijdan keltirilgan xomashyolar asosida mefedron moddasini tayyorlab, internet orqali “zakladka” uslubida sotish bilan shug‘ullangan.

Tezkor tadbir vaqtida xonadondan 4 kilogramm 373 gramm mefedron, elektron tarozilar, mikser, protivogaz, zip-paketlar va qadoqlash vositalari ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular internet orqali MDH bo‘yicha faoliyat yurituvchi xalqaro narkotor tarmoq bilan bog‘langan bo‘lgan.

Hozirda uch nafar gumondorga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“giyohvand moddalarni tayyorlash va tarqatish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular qamoqqa olingan.

Shu bilan birga, Davlat xavfsizlik xizmati Namanganda ham bir nechta yirik narkosavdo holatini fosh etdi. Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi 50 yoshli fuqaro davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tmoqchi bo‘lgan vaqtda qo‘lga olindi. Tekshiruv chog‘ida uning sumkasidan 9 kilogramm 702 gramm gashish moddasi topilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u moddani Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib kirmoqchi bo‘lgan. Shu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 223 va 246-moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi, gumondor qamoqqa olindi.

Bundan tashqari, Namangan shahrida yana bir kontrabanda to‘ri fosh etildi. 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistondan Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga kuchli ta’sir qiluvchi va kontrafakt dori vositalarini olib kirish paytida ushlangan.

Tekshiruv davomida uning qo‘lidan jami taxminiy qiymati 3,2 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 24 122 dona “Regapen”, 4 880 dona “Tropikamid” va 45 turdagi 61 mingdan ziyod kontrafakt dori vositalari musodara qilindi.

Tezkor guruhlar taftishni davom ettirib, ushbu dori vositalarini buyurtma qilgan va tarqatish bilan shug‘ullangan 5 nafar shaxsni Namangan va Kosonsoy tumanlarida aniqlashdi. Ular Toshkent hamda Farg‘ona vodiysi bo‘ylab noqonuniy dori savdosi bilan shug‘ullangani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda ularga nisbatan ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati ta’kidlaganidek, mamlakat bo‘ylab “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan. O‘tgan 10 oy ichida viloyatlarda aniqlangan jinoyatlarning 44 foizini kiberjinoyatlar tashkil etgan.

Tahlillar shundan dalolat beradiki, jinoyatchilar ko‘pincha Telegram va Instagram orqali “oson daromad” va “limitni naqdlashtirish” kabi soxta xizmatlar orqali fuqarolarni aldashga urinmoqda.

Huquqni muhofaza qilish idoralari fuqarolarga shunday holatlarda ehtiyotkor bo‘lishni, noaniq havolalarga bosmaslikni va har qanday shubhali faoliyat haqida tegishli idoralarga darhol xabar berishni tavsiya qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sirdaryo va Namanganda yirik giyohvandlik guruhlari qo‘lga olindi