date
views 4 266

Bir juft kalish

Bir juft kalish
Ramazon yaxshi-da. Yoshu qarining qalbiga ilohiy nurlar yog‘ilib, iymon sayqallanadi.
Qutlug‘ kunlarning biri edi. Shahar markazidagi dorixona oldida o‘n uch yoshlar chamasidagi yigitchaga ko‘zim tushdi. Qoq peshin. Tik quyosh nurlaridan bir ko‘zini qisib, oriqqina jussasiga futbolchilarning kiyimi yopishib qolgan bola soyaga o‘tmaydi. Men-ku zarurat tufayli ko‘chaga chiqdim. U-chi?

U ikki qadam naridagi masjid tomon besaranjom qarab qo‘yardi. Qo‘lida nimadir solingan og‘irgina xaltasi ham bor. Dorixonadan chiqib ishim bitgan bo‘lsa-da, kuzatishda davom etdim. Buni payqab qolgan yigitcha chopib oldimga keldi.
—Xolajon,— dedi uyalibgina yerga tikilib, — Sizdan bir narsani iltimos qilsam bo‘ladimi?

Tanimasa ham ko‘zlarimga qarab javdirab turgan bolaga "mayli" deyishim bilan qo‘lidagi xaltaga ishora qildi:
—Iltimos, mana shu xaltadagi kalishlarni masjidga berib chiqaylik.
—Nega? Kimniki ular?

Bolakay yerga qaradi.
—Hech kimniki. Yap-yangi. O‘zim sotib oldim. Namozxonlarga kerak bo‘lib qolar... Bobom og‘ir kasal. Salomatliklarida har kuni shu masjidda namoz o‘qirdi...
—Endi chiqa olmaydimi?

Bola og‘ir xo‘rsinib, bosh chayqadi.
—Xudo biladi... Tunov kuni menga bolaliklarida ro‘y bergan bir voqeani aytib berdilar. Eshitasizmi?
—Eshitaman.
—Bobomning bolaligi juda og‘ir davrlarga to‘g‘ri kelib, ko‘p qatori o‘ta nochor kun kechirishgan. Urushdan keyingi yillar bo‘lgani sababli qornilarini amallab tuydirisharkanu, uvada kiyimlarda yuraverishar ekan. Bahor, yoz, kuz amallab o‘tar, faqat qahraton qish oylarida sovuq jon-jonlaridan o‘tib ketgan ekan.

Bir yili Ramazon qish boshiga to‘g‘ri kelibdi. Och-naxor bolalar"odamlar turshak, qoqilar bilan do‘ppimizni yarimlatib berishadiku" deb maktabdan chiqiboq Ramazon qo‘shig‘ini boshlab mahallalarni aylanishar ekan. Ba’zilar nimanidir ilinar, ba’zilar esa uyda hech narsa yo‘qligini bildirmaslik uchun eshikni ochmaslikni afzal bilishar ekan.

O‘shanday kunlarning birida bobom hov anavi soyga tushib ketibdi. O‘zini-ku amallab o‘rtoqlari suvdan chiqarib olishgan, ammo bir poy eski brezent botinkasi oqib ketibdi. U rosa yig‘labdi. Axir oyog‘ida bo‘lmasa ko‘chaga chiqa olmas, maktabga bora olmas ekan-da. Ikki kun tashqariga chiqmabdi. Biroq tezda zerikibdi. U vaqtlar kitoblar uyga berilmas, darsliklar sanoqli bo‘lgani bois maktabning o‘zidagina foydalanish mumkin ekan. Uchinchi kuni bir poy batinka bilan bo‘lsa-da, maktabga bormoqchi bo‘libdi. Ikkinchi oyog‘ini to‘shakdan ortgan qora paxta va eski astarlik bilan yaxshilab o‘rab, onasining ko‘zini shamg‘alat qilib, qochib ketibdi.

Odamlar duch kelib qolsa darrov o‘tirib, uvadali oyog‘ini yashirarmish-da, botikasining bog‘ichini yechib qayta bog‘larmish. Shu tariqa masjidgacha o‘tirib, turib arang yetib kelibdi. “Maktabgacha hali uzoq, ichkariga kirib bir oz isinib olaman” deb eshikni ochibdi. Qarasa, poygakda namozxonlarning kalishlari turganmish. Bechora bobom azbaroyi qiynalib ketganidan yomon ishga qo‘l uribdi. U yog‘-bu yoqqa alanglabdi-yu, bir juft eskigina, orqasi yirtiq kalishni olib, qochib qolibdi. Maktabga borgach kalishni darhol oyog‘iga ilib, sinfxonaga kiribdi.

U zamonlarda bolalar qirq beshinchi o‘lchamdagi etikda kelsayam birov e’tibor bermas ekan. Hamma opa-aka, xola-tog‘a, ota-onaning eski-tuskisida kelaverar ekan. Shu sabab bobomning oyog‘ida shaloplab turgan quyma kalishga birov qarab ham qo‘ymabdi. Ota-onasiga "Kalishni shaharga ketib qolgan Sodiq muallim berdi" deb atigi bir haftagina kiyib yuribdi.

Ammo halollik bilan kun kechirayotgan oila farzandi emasmi, oyog‘idagi tagi yupqalashib, teshilib ketgan eski kalish bir botmon toshday og‘irlik qilarmish. Axiyri vijdoni g‘olib chiqib, maktabdan qaytishda masjid eshigi oldida kalishini o‘g‘irlatgan odamning daragi chiqib qolarmikin deb poylaydigan bo‘pti. “Kimning kalishi yo‘qolgan?“ deb takror-takror uyalmay so‘rarmish-u, namozxonlardan sado chiqmasmish. Qor gupillatib yog‘ar, biroq oyoq kiyimsiz qolgan odamni o‘ylab sovuq ta’sir qilmay kun qoraygunga qadar qolib ketar ekan...

Bir kuni qattiq izg‘irin turibdi. Masjidni supurib sidirib, atrofdagi qorlarni kurab turadigan Qodir tog‘a kichkina darichadan boshini chiqarib uni chaqirib, olma choy bilan siylabdi.

Kalish o‘g‘risi esa pushaymonlik bilan bo‘lgan voqealarni aytib beribdi. Qodir ota "Ha, yaxshi ish qilmabsan, ammo hech kim kalishini o‘g‘irlatdim demadi, bolam. Qolaversa, birorta namozxonning narsasi yo‘qolsa, eng avval meni xabardor qilishadi. Sen uyingga boraver... Ha aytgancha, faqat yaxshi o‘qigin, bolam. Birorta ham saboqni qoldirma! Katta odam bo‘lib, xalqqa nafing tegsin! Kalishni esa kiyib turaver, egasi topilsa, o‘zim xabar beraman" deb qulog‘igacha qizarib o‘tirgan aybdorni jo‘natib yuboribdi.

Shundan so‘ng bobom masjidga bormay, "kalish egasi topilsa, Qodir ota xabarini berar" deya o‘qishini davom ettiribdi. Qish chillasi o‘tib, hamal amallab qolganida ertalab ko‘chaga chiqib ketgan dadasi peshinda masjid qorovuli Qodir ota qazo qilganligi haqidagi xabar bilan kelibdi.

- Tavba, - deb, xo‘rsinarmish otasi - Qodir ota tuppa-tuzuk odam, oxirgi paytlar aynib qolgan edi. Kasal bo‘lishiga o‘zi sababchi. Aytishlaricha, qora sovuqda ham, qalin qorda ham azonda yalang oyog‘iga uvada, latta-puttalarni o‘rab, masjid atroflarida qor kurardi... Uzoqdan kuzatgan odamlar quyondek sakrab yo‘laklarni tozalayotgan qorovulni ko‘p kuzatishgan. Birov-ku o‘zidan orttirib berolmaydi. Yalangoyog‘lik sababini so‘rashsa: "Ana kalishim, botinkam, etigim ham bor. Qizib ketayotganimdan yechib tashladim" deb g‘alati irjayib ishini qilaverarkan. O‘zim ham unga bir necha bor tanbeh bergandim. Quloq solmadilar-da..

Bechoraning oyoqlarini sovuq olib, qorason tanasiga yoyilib o‘libdi. Oyog‘i ko‘mirdek qorayib ketibdi rahmatlining...

Otasining gaplaridan bobom hushidan ayrilay debdi. Nahotki?! Nahotki o‘g‘irlangan mana shu kalishlar egasi uni olma choy bilan siylab uyiga qaytarib yuborgan o‘sha Kodir ota bo‘lsa?! Nega u biron marta uni urishmadi. "O‘g‘ri!" deb yoqasidan olib sazoyi qilmadi? Bechora shuning uchun kunduzi xujrasidan chiqmay o‘tirar ekanda. Bobom qattiq pushaymon bo‘libdi. Ammo endi juda kech edi...

Bobom birorta ham saboqni qoldirmay, maktabni a’lo baholarga bitiribdi. Institutda ham o‘qigan. Qodir boboga bergan va’dasini bajarib katta odam bo‘lib el-yurtga nafi tegdi. Qayerda bo‘lmasin, har yili Ramazonda qorovul cholning mozorini ziyorat qilib, masjid ostonasiga hech kimga bildirmay 15-20 juft kalish qo‘yib ketar ekanlar. Ammo gunohi haqida birovga ayta olmagan.

Hozir ahvollari judayam og‘ir. Uch-to‘rt kun ilgari bir oz o‘zlariga kelib, shu voqealarni menga aytib berdilar. Qachonlardir qilgan o‘sha ishiga hamon vijdoni azobda. Bu yilgi Ramazonda ham masjidga qanchalik borishni xohlayotganliklarini ko‘zlariga qarab bildim va nima qilishim kerakligini tushundim. Qo‘shni akalarga qo‘shilib mashina yuvdim. Uch kunlik ish xaqimga esa manavi kalishlarni sotib oldim... Zora bobom tuzalib, yana oyoqqa turib ketsa... Xolajon, iltimos, yo‘q demang. Birga kirib, bobom haqida kimgadir gapirib, shu kalishlarni berib chiqaylik.

Unga yo‘q deya olmadim. Masjid sarishtaligiga javobgar odamni topib, yigitchaning hikoyasidan yana bir karra mutaassir bo‘ldim. Qodir otaning haqiga duo qildik. Bittagina qilmishi uchun bir umr azoblangan insonga esa shafoatlar so‘rab, Allohga munojot ayladik.

Muazzam Ibrohimova

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bir juft kalish