
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zAga bergan intervyusida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni “qardoshlikka tayangan mustahkam ittifoq” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Ozarboyjonni bir asr yoki ikki asr emas — ming yillar davomida shakllangan umumiy ruh, umumiy tarix va milliy yaqinlik bog‘lab kelgan.
Aliyevning fikricha, ikki xalqni birlashtiruvchi omillar juda ko‘p: o‘xshash til, urf-odat, ijtimoiy qadriyatlar, madaniy meros va eng muhimi — doimiy tarzda saqlanib kelgan bir-biriga nisbatan samimiy hurmat. Prezident bu munosabatlar bugun yuqori pog‘onaga — ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Ozarboyjon rahbari O‘zbekistonning doimiy ravishda Bokuning hududiy yaxlitligini himoya qilib kelganini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, bu siyosiy qo‘llab-quvvatlash ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonch mustahkam ekanining asosiy isbotlaridan biri.
Aliyev intervyu davomida O‘zbekistonning Qorabog‘ni tiklash jarayonidagi bunyodkorona ishtiroki uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Ayniqsa, Fuzuliy shahrida qurilib, bugungi kunda taxminan 600 nafar bolaga xizmat qilayotgan Mirzo Ulug‘bek nomli maktab — bu do‘stlikning hayotiy namunasi ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qorabog‘ni qayta tiklashga yordam berish tashabbusi bilan chiqqan birinchi davlat aynan O‘zbekiston bo‘lgan. Bu qadam Ozarboyjon jamoatchiligi tomonidan hamisha chuqur hurmat va samimiy minnatdorlik bilan eslab kelinadi.
Aliyev fikrini yakunlar ekan, ikki xalq o‘rtasidagi birodarlik ruhi kelajakda ham yanada mustahkamlanib, yangi qo‘shma loyihalar va strategik hamkorlik tashabbuslari uchun keng yo‘l ochishini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.