
Janubiy Koreya hukumati mamlakat haqida yolg‘on yoki haqoratli ma’lumot tarqatayotgan chet ellik blogerlarga nisbatan cheklovlar joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “The Korea Times” xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida Adliya vaziri Chun Son Xo bunday blogerlarning mamlakatga kirishini taqiqlash taklifini ilgari surgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Koreyaning xalqaro imijini himoya qilishga qaratilgan.
“Biz Janubiy Koreyaga nisbatan nafrat yoki haqorat targ‘ib qilayotgan chet elliklarning kirishini cheklash bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz”, – degan vazir.
Ilgari bunday videolar “klikbeyt” sifatida baholangan bo‘lsa, endi ular jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Yangi qoidalar kuchga kirsa, blogerlar nafaqat mamlakatga kirishdan mahrum etiladi, balki tergovga ham tortiladi.
Tashabbus bir necha mojarolardan so‘ng ilgari surildi. Masalan, amerikalik strimer Jonni Somali jamoat tartibini buzgan videosi ortidan tergovga tortilib, yaponiyalik bloger Debo-chan esa soxta video tarqatgani uchun tanqidga uchragan edi.
Mutasaddilar fikricha, yangi tizim Koreya madaniyati va jamiyatini asossiz tahqirlovchi kontentga qarshi samarali chora bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.