date
views 4 946

Qiblamiz Saudiyada, ammo Saudiya qiblamiz emas!

Qiblamiz Saudiyada, ammo Saudiya qiblamiz emas!
Jamiyatimizda bir toifa kishilar bor. Ular har ishda Saudiyaga ko‘z tikib o‘rganib qolgan. To‘g‘ri, qiblamiz bugungi Saudiya davlati ichida, Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzai muborakalari ham shu hududda. Bu hol har qanday musulmonning shu tarafga qalban talpinishiga, yurakning shu tomonga quloq tutishiga turtki bo‘ladi. Albatta, bu yaxshi, shunday bo‘lishi kerak, zero, bu – iymonning taqozosi. Ammo biz muqaddas zamin bilan u yerda hukmron bo‘lib turgan toifalarni farqlay bilishimiz kerak. Fursatdan foydalanib, shu mavzudagi ayrim fikr-mulohazalarni ochiqlash orqali ba’zi noto‘g‘ri tushunchalarni to‘g‘rilash qasd qilindi.

Men Saudiya davlatining ichki va tashqi siyosatidagi chirkin ishlar, Islom ummatiga keltirgan va yog‘dirayotgan zararlarini, xiyonatlarini birma-bir sanab chiqmoqchi emasman. Islom olamidagi hozirgi urushlar, inqiloblar, to‘kilayotgan begunoh qonlar, musulmon yurtlarining vayron bo‘lishida, boy berilishida bu davlatning «beminnat xizmatlari» haqida to‘xtalmoqchi emasman. Buni bugun har qanday aqlli, farosatli odam o‘zi bilib turibdi. Men biz uchun muhimi ‒ u yerdagi diniy mafkuraning, salafiylik aqiydasining oqibatlariga urg‘u bermoqchiman. Mazkurlardan kelib chiqib, ayrim odamlarga «Baraka topkur, Saudiya din emas, davlat», demoqchiman.

Shunday odamlar borki, Saudiyaga yondashishda xolislikdan chetlanib, taassubga o‘tib olishadi. Saudiya va uning ideologiyasi go‘yo ularning dini bo‘lib qolgan, Saudiyani xuddi aqiydani himoya qilgandek himoya qilishadi. Unga qarshi gapirsangiz, baloga qolasiz, so‘zingizga qancha dalil keltirmang, qabul qilishmaydi, nima bo‘lsa ham o‘z mafkuralarining ushbu o‘chog‘ini aybsizdek oqlashga urinishadi. Agar bu ish xolis bo‘lsa, boshqa gap edi, afsuski, odatda unday bo‘lmaydi. Ayrim misollarni eslash mumkin.

Hammamiz har yili Ramazon va hayit kunlarini belgilashda Saudiyaga quloq tutib turamiz. Ammo bir toifa kishilar bu masalada shundan boshqani qabul qilmaydi, boshqa joylarga solishtirmaydi. Bu yil Mavritaniyada oyni ko‘rdik, deyishgan edi, boshqalar ko‘rmagani uchun, falakiy hisob-kitoblar ham o‘sha kuni hilolni ko‘rish imkoni yo‘qligini ta’kidlagani uchun ularning gapi olinmadi.

Holbuki, ayni shu holat o‘tgan yili Saudiya misolida ham bo‘lgan edi: Saudiyaning biqinidagi mamlakatlar hilolni kuzatib, uni ko‘ra olmaganini e’lon qilgan, falakiy hisobga ko‘ra, hilolni ko‘rish mutlaq imkonsiz bo‘lgan bir paytda, Saudiya oy ko‘rganini aytgan edi. Odatga ko‘ra, ayrim kishilar Saudiyada oy ko‘rindi deb, darrov shov-shuv ko‘tarishdi, og‘iz ochamiz deb to‘polon qilishdi. Ammo bu yil Mavritaniyadagilar hilolni ko‘rdik desa, ularga hech kim quloq solmadi.

Odatda Avstraliyada hilol boshqa joylardan bir kun oldin ko‘rinadi. Buni hech kim inobatga olmaydi, hech kim ularga qiziqmaydi ham. Har zamon Saudiyada oy ko‘ringanida shovqin ko‘tarib, to‘polon qiladiganlarimiz ham bunga kelganda negadir jim turishadi. Nima, hilolning ko‘rinishi emas, uning qayerda ko‘rinishi muhimmi yo? Yoki Saudiyada oy ko‘rinishining alohida imtiyozi bormi? Yo‘q, aslida bu yerda ma’lum bir tarafga taassubning yomon natijasi bor, xolos.

Saudiya hukumati tiklangach, salafiylik xuruji ortidan deyarli barcha islomiy osori atiqalar shirku bid’at degan da’vo bilan yo‘q qilingani aytilsa, ayrim kishilar o‘ylamay-netmay: «Yaxshi qilgan. Bo‘lmasa odamlar shirkka botib, qabrparast bo‘lib yurardi», deyishga tushishadi. Nima, Islom ummati, ikki haram aholisi 1300 yil shirku bid’atda yashagan ekanmi? O‘ylab gapiryapsizmi? Siz oldin bu muborak zaminning tarixi, u yerda yashab o‘tgan, faoliyat olib borgan olimu allomalar bilan bir tanishib chiqing, keyin so‘zlang.

Yaqinda «Al-Jazira» telekanali tayyorlagan bir video tarqaldi. Uni Azon.tv xodimlari o‘zbek tiliga tarjima qilib, taqdim qilishdi. Unda Ka’ba atrofidagi osorlar buzilib, o‘rniga ajnabiycha osmono‘par mehmonxonalar qurilgani tanqid ostiga olingan. Aslini olganda bu videoda juda ham yumshoq, yengil va qisqa so‘zlangan, chunki holat voqelikda undan ko‘ra ancha ayanchli va og‘ir. Ammo shunda ham bu haqqoniy tahlil kimlargadir yoqmadi.

Men o‘zim o‘tgan yili umraga borganimda Makkai Mukarrama va Madinai Munavvarada Islomning bir ming to‘rt yuz yillik tarixini bizga hikoya qilib bera oladigan osori atiqalarimiz yo‘q bo‘lib ketganidan achinib, to‘g‘risi, beixtiyor yig‘ladim. Agar sizda tarix borasida ozgina bilim va vijdon bo‘lsa, bu holatga siz ham ich-ichingizdan yig‘lashingiz aniq. Chunki 1300 yil ummat tarafidan ko‘z qorachig‘iday saqlab kelingan, bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni, sahobalar zamonini, ulardan keyingi davrlarni jonli suratda o‘zida namoyish etadigan ashyolar batamom yo‘q qilib tashlangan.

Agar ular hozir ham turgan bo‘lsa, qanday ham go‘zal bo‘lar edi? Ular bizga eng suyukli kishilarimizdan yodgorlik emasmidi? Ular saodat zamonining xush iforini asrlar osha tashuvchi betakror ashyolar edi-ku? Bundan yuz yil oldin u joylarga borganda o‘zingizni saodat asriga tushib qolgandek his qilardingiz, sahobalar va mo‘minlar onalarinining haybatini tuyardingiz.

Bu diyorlar o‘zi nimasi bilan qadrli? Aynan o‘sha shonli o‘tmishi bilan, qadimiyligi bilan emasmi? Zamonaviy osmono‘par binolar dunyoning hamma joyida ham to‘lib yotibdi-ku.

Mo‘min kishi hadislarda, asarlarda zikr qilingan makonlarni ko‘rgisi, o‘sha joylarda to‘yib nafas olib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamni va u zotning ashoblarini yodga olgisi kelishi tabiiy. Afsuski, bugun bu huzurning imkoni yo‘q, yodgorliklar deyarli qolmagan va ularni endi qayta tiklashning iloji yo‘q.

Buni qarangki, ularni buzib, yo‘q qilib, bugun endi o‘sha qadimiy uylar va narsalarning suratini, maketini yasab, odamlarga namoyish qilib o‘tirishibdi. Shuning o‘rniga o‘sha narsalarning o‘zi, asli tursa bo‘lmasmidi? Biroz tuzatib, shishalar bilan himoyalab qo‘yilsa, bugun ummat o‘z yodgorliklarini o‘z ko‘zi bilan tomosha qilar edi. Sahobalarning, onalarimizning Baqi’dagi qabrlarini tekislab tashlab, ularning ro‘yxatini ko‘chaga ilib qo‘yishgan. Shuning o‘rniga o‘sha qabrlar o‘z egalariga oid holida saqlansa, buning nima yomon joyi bor edi? Bular sal qolsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ravzalarini ham buzib, ko‘chirmoqchi bo‘lishgan, hatto bunga «fatvo»lar ham chiqarib qo‘yishgan edi. Jaholat ham shunchalik bo‘ladimi?

Ahmoq hukumat Islom ummatining betakror yodgorliklarini yo‘q qilib tashlab, endi bu mamlakatda turizm uchun yangi, «zamonaviy» shaharlar qurmoqda. «Agar sen muborak osorlarni avaylashni bilganingda, duch kelgan joydan kelgan, betahorat, yarim-yalang‘och turistlar emas, mo‘min-musulmonlar, o‘zining, dinining o‘tmishiga muxlis sayyohlar cho‘ntagingni keragicha to‘ldirib berar edi», deydigan odam yo‘q.

Bu osori atiqalarni yo‘qotishni shirku bid’atga bog‘lash o‘taketgan ahmoqlik, kaltabinlik va g‘uluvdan boshqa narsa emas. Axir 1300 yildan beri shuncha ulamo va umarolarning aqli shunga yetmagan ekanmi? Yoki Islom ummati 1000 yildan ortiq shirkda va bid’atda bo‘lganmi? Yo‘q, aslo! Bunday bo‘lishi mumkin emas! Alloh bu ummatni haq yo‘lda sobitqadam qilishini, ularning aksariyati hidoyatda bo‘lishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bayon qilganlar.

Mazkur video ortidan bir toifa kishilar ushbu vayronkorliklarni yoqlashga, buning uchun shirku bid’atni xaspo‘shlashga yeng shimarib kirishib ketishdi. Bu ham o‘taketgan savodsizlik va biryoqlamalikdir.

To‘g‘ri, so‘ngi yillarda Ikki Haram hududida ko‘p yaxshi ishlar qilindi, hojilar uchun juda katta imkoniyatlar, qulayliklar yaratildi. Biroq, buning uchun islomiy yodgorliklarni buzish shart emas edi. Ularni saqlagan holda ham xuddi shu qulayliklarni, balki bundan ham yaxshi imkoniyatlarni yaratish mumkin edi. Bu yerda muammo hojilarga sharoit yaratish, Haramni kengaytirsh zaruratida emas, balki islomiy yodgorliklarni pisand qilmaslik, aksincha, ularni yo‘qotishga undaydigan aqiydadadir. Mana shu nozik nuqtaga ko‘pchilik e’tibor bermayapti. Zero, mazkur mafkuradagi shirku bid’at vasvasasi muqaddasot, odob, o‘zlik tushunchalarini yemirib tashlagan. Hamma illat mana shunda.

Yo‘q qilingan yodgorliklar ummatning, dinimizning tarixi edi. Shirkni yo‘qotish kerak, ammo nega islomiy yodgorliklarni buzasan?

Tabiiy savol tug‘iladi: saudlar o‘z davlatlarining nari borsa bir-ikki asrlik yodgorliklarini asrashadi-yu, nega Islom ummatining ming yillik osor-atiqalarini payhon qilishadi? Osor-atiqalarni saqalashni bilishar ekan-ku! Shu paytgacha musulmonlar bu yodgorliklarni nima uchun shunchalar asrab kelgan, hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Sahobalardan tortib, tobe’inlar va ulardan keyingi ulamolar shirkparast yoki ahmoq bo‘lmagandir?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin oradan 1200 yil o‘tgach, Islomni faqat Muhammad ibn Abdulvahhob va uning tobe’larigina to‘g‘ri tushunibdi-yu, boshqalar johil bo‘lgan ekanmi? Sal aql yuritib ko‘ring axir!

Saudlar faqat qabrlarni buzgan deb o‘ylamang. Ular har qanday yodgorlik va osorlarni yo‘q qilgan. Uhud jangida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yiqilib tushib, tishlari shikastlangan chuqur yaqingacha saqlab kelingan ekan. Odamlar borib, shu joyni tomosha qilsa, shirk qilyapsan deb, o‘shani ham ko‘mib, yo‘q qilishdi.

Bugungi kunda Badrga borsangiz, o‘rtasiga hojatxona qurib qo‘yishgan, hammayog‘i axlat bo‘lib yotibdi. Axir bu zamin musulmonlarning ilk zafariga guvoh bo‘lgan, farishtalar tushgan joy-ku! Nega shunday aziz, tabarruk maskan bunchalar qarovsiz? Bir borgan odam dili xira bo‘lib, Alloh kechirsin-u, qayta borgisi kelmaydi. Nima, qatorlatib qasrlar qurayotgan, dengiz bo‘yiga zamonaviy shaharlar tiklayotgan janoblar shu ozgina joyni toza tutishga qodir emasmi? Yoki ularning bunga aqli yetmaydi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, gap shundaki, ularning aqiydasi shunga yo‘l qo‘yadi, balki shunga undaydi. Illat mana shu yerda.

Uhudda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy nozil bo‘lgan joy ham saqlanib qolgan bo‘lib, Islom ummati uni necha asrlardan beri yo‘qotmay, belgilab, avloddan avlodga tanitib kelgan edi. Hozir o‘sha joyni simlar bilan o‘rab qo‘yishgan, hech qanday belgi qo‘yilmagan, buning qanday joyligini bilmagan odamlar esa u joyga axlat tashlab, iflos qilib yurishibdi.

Qubo masjidi oldida Bi’rul-xotam bor edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suv ichgan yetti quduqning biri bo‘lib, Samhudiyning ta’kidlashicha, Madinada suvi eng shirin quduq shu bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu quduqning suvidan ichishni yaxshi ko‘rganlar. Imom Buxoriy Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha quduq ustida o‘tirib, uchta xalifaga jannat bashoratini berganlar. U zotdan keyin ham sahobalar atay kelib, shu quduqdan suv ichishar edi.

Usmon roziyallohu anhu ushbu quduqda tahorat olayotib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xalifalar orqali meros bo‘lib kelayotgan uzukni quduqqa tushirib yuborganlar. Uzukni uch kun obdon qidiriladi, ammo topilmaydi. Shundan so‘ng bu quduq Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uzuklari borligi uchun Bi’rul-xotam, ya’ni «Uzuk qudug‘i» deb atalgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak jismlariga tekkan har bir narsa tabarrukdir, bu masalada ummat ulamolari hech qachon xilof qilmagan. Shu e’tibordan, bu quduq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uzuklarini o‘zida saqlashi bilan tabarruk hisoblab kelingan va odamlar o‘n to‘rt asr davomida uning zilol suvidan bahramand bo‘lib kelishgan.

Asrlar osha musulmonlar uni asrab-avaylashgan, amirlar ta’mirlab, ustiga qubba qurib, ehtiyotlab kelganlar. Biroq, saudlar Qubo masjdini kengaytirish bahonasida bu quduqni ham tekislab tashlashdi. Aholi o‘rtasida norozilik kuchayib, uni qayta ochish harakati boshlanganda Ibn Boz buni eshitib, shaxsan o‘zi tashabbus ko‘rsatib, qayta tiklash harakatlarini kuch bilan bostirgan. Uning da’vosi quyidagicha: «Quduqni o‘z holiga qaytarish joiz emas, balki uni hozirgi taksilar to‘xtash joyi holida qoldirish yoki ko‘mib, yer bilan bitta qilib tekislab tashlash vojibdir... Uni johillar tabarruk qilmasin uchun ham ko‘mib tashlash vojibdir» (Ibn Bozning Madina mas’ullariga yozgan xatidan iqtibos).

Shunday qilib, o‘n to‘rt asrdan beri saqlab kelingan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan yodgorlik bo‘lib qolgan ushbu muborak quduq hozir yo‘q, uning o‘rniga asfalt yotqizib, o‘rtasiga chim ekib, quduqdan asar ham qoldirishmagan. Bir paytlar bu yerda ana shunday muborak quduq bo‘lganini kitob o‘qigan odamlar bilmasa, boshqalarning xabari ham, ishi ham yo‘q.

(davomi bor)
Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qiblamiz Saudiyada, ammo Saudiya qiblamiz emas!