Hindistonning janubiy hududi – Tamilnad shtatidagi siyosiy tadbir og‘ir fojeaga aylandi. Karur okrugida mashhur aktyor va siyosatchi Vidjayning saylovoldi mitingida ro‘y bergan tiqilinch oqibatida kamida 39 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida ayollar, erkaklar va bolalar ham bor.
Shanba kuni bo‘lib o‘tgan mitingga o‘n minglab odam yig‘ilgan. Mahalliy OAVning xabar berishicha, tadbir belgilangan vaqtdan bir necha soat kech boshlangani natijasida olomonda beqarorlik yuzaga kelgan. Televideniyeda tarqatilgan kadrlarda odamlarning hushini yo‘qotib, yerga yiqilib tushayotgani aks etgan.
Siyosatchi Sentil Balaji jurnalistlarga bergan ma’lumotida halok bo‘lganlar sonini tasdiqladi va yana 50 dan ziyod kishi jarohatlanganini aytdi. Shtatning sog‘liqni saqlash vaziri Ma Subramanian esa qurbonlar orasida 16 nafar ayol, 9 nafar erkak va 6 nafar bola borligini ma’lum qildi.
Tamilnad hukumati rahbari Mutxuvel Karunanidxi Stalinning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab fuqarolar tiqilinchda hushini yo‘qotib, shifoxonalarga yetkazilgan. Jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shni hududlardan shifokorlar chaqirilgan. Shu bilan birga, qurbon bo‘lganlarning oilasiga bir million rupiy (qariyb 11,3 ming dollar) tovon puli to‘lanishi belgilandi.
Fojea bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlandi. Internet orqali chiqish qilgan Vidjay o‘zini “chilparchin bo‘lgan qalb” va “chidab bo‘lmas og‘riq” bilan his qilayotganini aytdi. U qurbonlarning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda jarohatlanganlarga tez forig‘ bo‘lib ketishini tiladi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi esa X ijtimoiy tarmog‘ida voqeani “qayg‘uli baxtsiz hodisa” deb atadi.
Mamlakatda olomon orasida tiqilinchlar so‘nggi yillarda tez-tez sodir bo‘lmoqda. Joriy yilning o‘zida Kumbx Mela festivali paytida va “Royal Challengers” kriket jamoasining g‘alabasini nishonlash vaqtida ham shunga o‘xshash fojiali holatlar qayd etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!