date

Harri Keyn rekord o‘rnatdi, endi “Real” va “Barsa” uni ko‘zlamoqda

Harri Keyn rekord o‘rnatdi, endi “Real” va “Barsa” uni ko‘zlamoqda

Angliya futbolining taniqli hujumchisi Harri Keyn “Bavariya” tarkibida yana bir tarixiy marraga yetib bordi. 2023-yili myunxenliklar safiga qo‘shilgan to‘purar 104 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 100 ta gol urdi va shu orqali futbol olamida o‘ziga xos rekord o‘rnatdi.

Avvallari bu ko‘rsatkich Krishtianu Ronaldu va Erling Xoland nomiga tegishli edi. Ular 100 ta gol urish uchun 105 tadan bahsda maydonga tushishgandi. Demak, Harri Keyn ulardan ham tezroq nishonga yetib, yangi rekordchi sifatida futbol tarixi sahifalariga kirib bordi.

Sport Bild nashrining ma’lumot berishicha, angliyalik yulduzning bu darajada samarali o‘yini Yevropaning ikki yirik klubi – “Barselona” va “Real” e’tiborini jiddiy tarzda o‘ziga tortgan. Manbalarga ko‘ra, har ikki klub rahbariyati hozirdanoq tajribali hujumchini o‘z saflariga qo‘shib olish rejasi ustida ish boshlagan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Keynning “Bavariya” bilan amaldagi shartnomasida maxsus band mavjud bo‘lib, unga ko‘ra 2026-yilning yozida uni 68 million yevro miqdoridagi badal puli evaziga transfer qilish imkoni bor. Biroq bu band faollashishi uchun futbolchining o‘zi klubni tark etish istagini bildirishi zarur.

Harri Keynga qiziqish bildiruvchi klublar qatorida faqat Ispaniyaning ikki grandi emas, balki Angliya Premer-ligasining bir necha jamoalari ham bor. Ular ham yozgi transfer oynasidan so‘ng 32 yoshli to‘purarga hamkorlik taklif qilishga tayyor turibdi.

Bugungi kunda Keyn nafaqat Germaniyada, balki butun Yevropa futbolida eng xavfli hujumchilardan biri sifatida ko‘rilayapti. Uning samaradorligi va tajribasi har qanday top-klub uchun qimmatli boylik hisoblanadi.

Endi esa barcha futbol ishqibozlari uchun savol ochiq: Harri Keyn “Bavariya” safida yana rekordlar o‘rnatishda davom etadimi yoki katta transfer orqali yangi sahifa ochadimi? Buning javobi yaqin mavsumlarda ma’lum bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Harri Keyn rekord o‘rnatdi, endi “Real” va “Barsa” uni ko‘zlamoqda