O‘zbekistonda iste’mol muddati tugab qolishiga yaqinlashgan oziq-ovqat mahsulotlari endi arzonlashtirilgan narxlarda sotiladi. Bu tartib hukumat tomonidan qabul qilingan qarorda belgilab qo‘yildi.
Yangi qoidaga ko‘ra, yirik savdo markazlari va do‘konlarda maxsus rastaralar tashkil etiladi. U yerda iste’mol muddati tugash arafasida turgan mahsulotlar joylashtirilib, har 10 kunda ularning narxi bosqichma-bosqich pasaytirib boriladi. Maqsad — aholiga sifatli mahsulotni arzon narxda taqdim etish va eng muhimi, ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish.
Shuningdek, daladan iste’molchi qo‘ligacha bo‘lgan barcha bosqichlarda mahsulot yo‘qotilishini kamaytirish choralari ko‘riladi. Bu jarayonga yig‘ishtirish, saralash, yuklash, tashish va mahsulotlarni muzlatkichlarga joylashtirish kabi muhim bosqichlar kiradi. Har bir bosqich qat’iy monitoring ostida bo‘ladi.
Oziq-ovqat, xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifati ham doimiy nazoratda bo‘ladi. Fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun maxsus o‘quv seminarlari tashkil etilib, ular hosildorlikni oshirish, bozor tahlilini o‘tkazish va kimyoviy moddalardan samarali foydalanish bo‘yicha bilim oladi.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–fevral oylarida oziq-ovqat xomashyosi, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish jarayonlari bo‘yicha sanitariya qoidalari va gigiyena talablari takomillashtiriladi.
Eng qiziq jihati, 2026–2030 yillar O‘zbekistonda “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” sifatida e’lon qilinadi. Bu davrda aholiga yetarli miqdorda va sifatli mahsulot yetkazib berish, oziq-ovqatni tejash va oqilona iste’mol qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda “Oqilona iste’mol” (Save food) dasturi amalga oshiriladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur tashabbus nafaqat aholiga arzon va sifatli mahsulot yetkazishga, balki mamlakatdagi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!