
Oliy Majlis Senati a’zolari
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan hamkorligi masalasi jamoatchilik, ayniqsa, ziyolilar o‘rtasida keskin bahslar, ta’bir joiz bo‘lsa, ehtirosli munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu borada amaliy qadam ham qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasi qarori va bayonnomasi, O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma komissiyasi xulosalari parlamentga taqdim etildi. Oliy Majlis Senati joriy yil 11 may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida O‘zbekistonning YEOIIga kuzatuvchi mamlakat maqomida kirishini ma’qulladi. Endi biz ittifoqqa begona emasmiz, ammo unga a’zo ham emasmiz – bu «sulaymonchasi»ga dono qaror bo‘ldi. Boshqasi bizga to‘g‘ri kelmasdi.
Qaror qabul qilindi. Ehtiroslar balki biroz sokinlashar?
Balki... Ammo do‘ppini olib qo‘yib, jiddiy mulohaza yuritish, uni har jihatdan asoslash jarayoni davom etmog‘i zarur. Zero, masala hali uzil-kesil hal bo‘lgani yo‘q.
Sir emas, hech bir mamlakat mahdudlikda yashay olmaydi. Bunda rivojlanish to‘g‘risida gapirib o‘tirish ortiqcha. Buyuk Ipak yo‘li va Hindiston savdo yo‘li chorrahasida joylashgan mintaqamiz o‘rta asrlarda taraqqiyotning, ilm-fan va madaniyatning cho‘qqisiga chiqqan edi. Dengiz yo‘llari kashf etilishi tufayli Sharq va G‘arb bilan aloqalarimiz dastlab juda zaiflashib qoldi. Keyinchalik turli siyosiy, diniy-mafkuraviy kelishmovchiliklar, separatizm va feodal tarqoqlik xalqimizni mahdudlashtirib qo‘ydi. O‘tmish yutuqlarimizni yildan-yil boy bera boshladik. Oqibatlari esa ma’lum.
Barcha zamonlarda iqtisodiy, ilmiy, madaniy, ijtimoiy-siyosiy robitalar jamiyat ravnaqining muhim omili bo‘lib kelgan. Shu sababdan O‘zbekistonda ham nafaqat ichki milliy jipslikka, tashqi xalqaro aloqalar rivojlanishiga ham ulkan e’tibor qaratilmoqda. Tashqi siyosatda O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqli o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lidan bormoqda. Natijada mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy, savdo-sotiq, ilmiy, madaniy, turistik, sport aloqalari izchil rivojlanmoqda.
O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori mustahkamlandi. Iqtisodiyotimizga kiritilayotgan chet el sarmoyasi hajmi keskin oshdi. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi zamonaviy texnologiyalarga o‘tkazish tezlashdi. Yaqin qo‘shnilarimiz, MDH mamlakatlari, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, G‘arb mamlakatlari, xususan, AQSH va EI a’zolarining O‘zbekistonga xayrixohligi ortdi, amaliy hamkorlik yaxshilandi.
G‘arb davlatlari biz bilan hamkorlikni kengaytirishining muhim ikki sababi bor
Birinchisi – O‘zbekistonning demokratik islohotlarga ochiqligi, bu boradailgari yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatayotgani. Ikkinchidan – ichki va tashqi siyosatda mustaqilligi, o‘ziga «katta og‘a» izlamasligi, turli siyosiy bloklarga intilmasligidirki, bu xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, G‘arb ko‘z o‘ngida birinchisiga nisbatan kam ahamiyatga ega emas. YEOII – O‘zbekiston munosabatlari zamirida ham «katta og‘a» izlamaslik, mustaqil tashqi siyosatni davom ettirish tamoyili turmog‘i lozim.
Islohotlarning asosiy maqsadi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratish ekan, bizning jahon hamjamiyatiga chuqurroq integratsiyalashuvimiz; SHHT, MDH, Turkiy tili davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalarga a’zo bo‘lishimiz; turli davlatlar, EI, EXHT kabi birlashmalar bilan hamkorlik qilishimiz hayotiy zaruratdir. Birgina shart shuki, xalqaro tashkilotlarga a’zolik, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik suverenitetimizga soya solmasligi, manfaatlarimizga zid kelmasligi lozim.
Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolik masalasi 2019 yil sentabr-dekabr oylarida O‘zbekiston – Rossiya ishchi guruhi tomonidan atroflicha o‘rganilgan va muhokama etilgan. Yaqin besh yilda a’zolikning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy va salbiy ta’siri tadqiq qilingan. Qayd etilishicha, bu ta’sir birinchi besh yilda salbiy, o‘rta va uzoq istiqbolda esa ijobiy bo‘ladi.
Lekin taxmin va farazlar o‘zini oqlaydimi?
O‘zbekiston avvalo iqtisodiy munosabatlari, metrologiya, bojxona, moliya-kredit tizimi va infratuzilmasi, iqtisodiy qonunchiligini YEOIIning me’yor va talablariga moslashtirishi lozim. Buning uchun ulkan xarajatlar qatorida muayyan vaqt – o‘tish davri talab qilinadi. Agar mazkur ittifoqqa kiriladigan bo‘lsa, bu jarayon qancha davom etishi lozim? O‘tish davrini tezlashtirib, uch-to‘rt yilga keltirish mumkin. Ammo bu iqtisodiyotda o‘ziga xos falaj terapiyasiga aylanishi hech gap emas. O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishning asosiy tamoyillaridan biri – tadrijiylik.
Agar unga rioya etilmasa, aholining shusiz ham yuqori bo‘lmagan turmush darajasi yanada pasayadi, ishsizlik o‘sadi. Ijtimoiy munosabatlar ham taranglashishi mumkin. Buni YEOIIga a’zolik oqibatlarini o‘rganib, hisob-kitob qilgan O‘zbekiston – Rossiya komissiyasi ham qayd etgan. Qolaversa, xalqaro tuzilmaga a’zolik o‘rta va uzoq istiqbolda ham komissiya xulosalaridagidek faqat ijobiy va foydali bo‘lishiga kafolat yo‘q. Keling, ayrim ehtimoliy salbiy oqibatlarni tahlil qilib ko‘raylik.
Birinchidan, EOII, uning yetakchi davlati Rossiya sanoat, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, asbobsozlik, elektrotexnika, IT va nanotexnologiyalar (harbiy sanoatdan tashqari) sohasida mutaraqqiy G‘arb davlatlariga nisbatan ancha qoloq. Unga a’zo bo‘lish EI, AQSH, Yaponiya va Rossiyaga muxolif boshqa mamlakatlardan ilg‘or texnologiyalarni, ayniqsa, xalq xo‘jaligi va harbiy sanoatda ikkiyoqlama qo‘llanadigan texnologiyalar importini cheklab, hatto to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Ikkiyoqlama texnologiyalarga nanotexnologiyalar, sun’iy intellekt va AKT, ayrim biotexnologiyalar yoki yangi kompozit materiallarni yaratish kabi ko‘plab zamonaviy yuksak ilmiy ishlanmalar, tadqiqotlar kiradi.
O‘zbekiston – Rossiya komissiyasi xulosasida xorij investitsiyasining kamayishi, ba’zi loyihalarning yaqin istiqbolda amalga oshmay qolish ehtimoli haqida ham aytib o‘tilgan. Boz ustiga, bu hol ancha chuqur va uzoq muddatli muammolar, inchunin, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan integratsiyasi susayishiga olib kelishi mumkin. G‘arb mamlakatlari, ayniqsa, AQSH, YEI Rossiyani o‘zining asosiy siyosiy va iqtisodiy raqibi hisoblashi sababli ular bilan iqtisodiy va ilmiy-texnologik hamkorligimizda ham savollar tug‘ilishi hech gap emas. Oqibatda mamlakat yangi texnologiyalarga ega bo‘lish imkoniyati va raqobatbardoshligini yo‘qotishi ham mumkin.
Yana bir muammo: Rossiyaning o‘zida turli siyosiy va iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlaydigan kuchlar bor. Kelgusida Moskva siyosati bosim o‘tkazish tomon o‘zgarmasligiga hech kim kafillik berolmaydi. Rossiyada «sobiq Sovet Ittifoqiga kirgan milliy respublikalar hamda Sharqiy Yevropaning sobiq sotsialistik mamlakatlari bizning ta’sir doiramizda bo‘lishi lozim» qabilidagi iddaolarni ochiqchasiga olg‘a surayotgan buyuk davlatchilik ruhidagi partiyalar va siyosatchilar ham; Rossiya boshchiligidagi Sovet Ittifoqiga o‘xshash, biroq bozor iqtisodiyoti va raqobatga asoslangan, amalda esa yangicha unitar davlatni tiklashni istaydiganlar ham topiladi.
Vladimir Jirinovskiy kabilar buni yashirib o‘tirgani yo‘q. O‘zini haqiqiy demokrat hisoblovchi ba’zi kuchlar, ayniqsa, gaydarchilarga o‘xshab «SSSR davrida ittifoqdosh respublikalar va sotsialistik hamdo‘stlik mamlakatlari Rossiya hisobidan kun kechirgan, endi boshqacha bo‘lishi lozim, bizga bo‘ysunsin, bizning sifatsiz va qimmat mahsulotlarimizni olsin, «o‘zboshimchalik» qilmasin» deydiganlar ham talaygina. Ma’lumki, O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillarida rubl zonasida qolgan edi. Rossiya yangi pulini chiqardi-yu, O‘zbekistonni qo‘shmadi. Agar O‘zbekiston yangi rubl zonasiga kirmoqchi bo‘lsa, oltin zaxiralarini va konlarini Rossiyaga bersin, deb da’vo qilgan ham ayni Yegor Gaydar hukumatidir.
YEOII doirasida jiddiy siyosiy muammolar yuzaga kelishi ehtimoli ham bor. Xalqaro masalalarda siyosatni Moskva bilan muvofiqlashtirish, xalqaro tashkilotlarda hujjat qabul qilishda Rossiya tomonda turib ovoz berishga to‘g‘ri keladi. Bu esa ayrim o‘rinlarda siyosiy pozitsiya va milliy manfaatlarga mos kelmasligi mumkin.
YOIIga a’zolik ta’siri
YOIIga a’zolik O‘zbekistonning BMT, JSST, YUNЕSKO, XVF, Jahon banki, YETTB kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligiga ta’sir ko‘rsatmasa kerak. Ammo G‘arb mamlakatlari bilan ikki tomonlama siyosiy va texnologik aloqalarimiz xususida bunday deb bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, YEOIIni iqtisodiy ittifoqdan siyosiy-iqtisodiy, harbiy blokka aylantirish orzusidagi siyosatchilar hamon faol. Ular mamlakatga Rossiya harbiy bazasini joylashtirish g‘oyasidan ham voz kechishi amrimahol. Bu yo‘nalishda zimdan bosim kuchayib boraverishi mumkin.
YEIda Germaniyadan keyingi ikkinchi yirik iqtisodiyotga ega bo‘lgan Buyuk Britaniya turli sabablarga ko‘ra ittifoqni tark etishga qaror qildi. Iqtisodiy sabablar ro‘kach qilingan bo‘lsa-da, bunda siyosiy suverenitet masalasi, ya’ni Bryusseldan keladigan qaroru tavsiyalarga labbaykashlik qilmaslik istagi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.
Yangi avlodning texnokrat rahbarlari orasida Vladimir Putinga o‘xshagan sovet davrida shakllanib, xalqlar do‘stligining ayrim gumanistik g‘oyalariga, ijtimoiy adolat kabi qadriyatlarga sodiq siyosatchilar qancha? Undan keyin hokimiyat tepasiga qanday kayfiyat, qanday siyosiy muddaodagi kuchlar kelishini hech kim bilmaydi. Putinning o‘zi, agar boshqaruvda uzoq muddat qolsa, qaysi tomonga o‘zgaradi? EOIIga a’zo bo‘lishdan avval bu haqda ham jiddiy o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi.
Zero, imkon qadar millatimiz taqdiriga chet kuchlar salbiy ta’sirining oldini olishimiz kerak. To‘g‘ri, YEOII – o‘z nomi bilan iqtisodiy ittifoq. Ammo... bu o‘rinda xayolingizga Karl Marksning «Siyosat – iqtisodiyotning mujassamlangan ifodasidir» degan so‘zlari beixtiyor kelaveradi. Chunki YEOII bizga ma’lum MDH, SHHT, BRIKSga o‘xshash oddiy xalqaro iqtisodiy tashkilot emas, balki YEIga o‘xshab chuqur integratsiyalashishga intilayotgan tuzilmadir. U iqtisodiy birlashmani siyosiy va harbiy ittifoq bilan to‘ldirish maqsadini saqlab qolsa ajab emas.
Raqobatga tayyor turing
EOIIga kirsak, uning standartlari, jumladan, ishlab chiqarish, mehnatga haq to‘lash me’yorlariga rioya qilishimiz, mehnat va kapitalning, savdo-sotiq mahsulotlarining erkin harakati, yuzaga keladigan raqobatga tayyor turishimiz lozim. Biz uchun manfaatlisi – ortiqcha ishchi kuchini Rossiya va Qozog‘istonga erkinroq jo‘natish imkonini qo‘lga kiritamiz. Mehnat migrantlari esa bugungiga nisbatan ancha ko‘proq ijtimoiy muhofaza va huquqlarga ega bo‘ladi. Ammo arzon, asosan malakasiz ishchi kuchi bo‘lib qolaveradi. A’zolikka o‘tsak, rossiyalik ish beruvchilarning ularga qiziqishi ancha susayadi.
Chunki har bir qonuniy ishchi uchun ijtimoiy soliqlar to‘lash, maosh va ish soatining belgilangan me’yoriga amal qilish talab etiladi. Qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari bilan bog‘liq holat ham fikrimizni tasdiqlaydi. Lekin baribir migrantlarimizga ancha yengil bo‘ladi. Ayni choqda ularni o‘ylab, siyosiy suverenitetimizni xatarga qo‘yish noravo. Qolaversa, bu masala yechimi o‘zgacha bo‘lishi lozim – yangi ish o‘rinlari yaratib, ularni O‘zbekistonga qaytarish choralarini izlagan ma’qul.
Yana bir holat. Ichki bozorimizni Rossiya va Qozog‘istondan keladigan mahsulotlardan himoya qila olmaymiz. Bu esa ishlab chiqarishni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, a’zolikka hozir o‘tsak, birgina avtomobilsozlik sohasi 1,2 mlrd dollar zarar ko‘radi, ishsizlar 100 ming nafarga ortadi. Ko‘plab sanoat korxonalari jiddiy muammolarga duch keladi, ayrimlari sinadi. Shu sababdan O‘zbekiston iqtisodiyoti raqobatbardosh bo‘lmaguncha, ishlab chiqarish to‘liq modernizatsiya qilinib, zamonaviy texnologiyalarga o‘tilmaguncha, ittifoqqa a’zo bo‘lishga shoshmasligimiz kerak.
Chuqur integratsiyalashgan iqtisodiy ittifoqlarga a’zolik, istaymizmi-yo‘qmi, ayrim iqtisodiy huquqlarimiz va siyosiy suverenitetimizni, masalan, bojxona, moliyakredit, transport-kommunikatsiya, energetika kabi sohalarda ixtiyoriy ravishda ittifoqning boshqaruv organlariga o‘tkazishga olib keladi. Ammo bundan ham xavflirog‘i kapitalning erkin harakatlanishi va yagona fond bozorining vujudga kelishi tufayli respublikamizdagi ko‘plab korxonalar, bank aktivlari rossiyalik va qozog‘istonlik milliarderlar qo‘liga o‘tib ketishi mumkin. Chunki bizda xususiy qo‘llarda yirik legal mablag‘ yo‘q.
Manba: Xabar.uz
O‘zbekistonYEOIIOliy MajlisIqtisodiy HamkorlikTashqi SiyosatDemokratik Islohotlar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar