09:20 / 15.07.2020
1 544

Ilhom Ne’matov: Markaziy Osiyodagi integratsiya, maslahat uchrashuvlari va suv muammolari haqida

Ilhom Ne’matov: Markaziy Osiyodagi integratsiya, maslahat uchrashuvlari va suv muammolari haqida
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Gazeta.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari, qo‘shnilar o‘rtasidagi muammolar, jumladan, suvdan foydalanish masalalarini hal qilish haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan.

«Markaziy Osiyodagi kelishmovchilikning asosiy sababi murosaning yo‘qligi edi»
– 2016 yilga qadar shakllangan O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosobatlari barcha masalalarni qat’iy qayta ko‘rib chiqishni talab qilar edi. Shu o‘rinda «Nima uchun?» degan savol tug‘iladi.

Chunki, ko‘p yillik nizolar, ba’zida to‘g‘ri yondashilganda oqilona yechimlar topsa bo‘ladigan masalalar bo‘yicha «qarama-qarshiliklar» nafaqat kelishmovchiliklarga, balki ko‘pincha chegaralarda noxush hodisalarga ham sabab bo‘lgan.

Kelishmovchilikning asosiy sababi suvdan va transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya qilish va chegara punktlarini kesib o‘tish masalalarida murosaning yo‘qligi bo‘lgan. Asosiy qarama-qarshilik, yana bir bor takrorlayman, murosaning yo‘qligi edi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, prezidentimiz bundan ikki yil muqaddam Toshkent viloyati faollari oldida qilgan chiqishlarida shunday degan edilar: «O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida so‘nggi 25 yil ichida to‘plangan ulkan muz bor. Bu muz erishi uchun qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda ko‘pgina ishlarni amalga oshirishimizga to‘g‘ri keladi».

«2016 yilga qadar bo‘lgan muammolar bugun butunlay bartaraf qilindi»
– O‘tgan uch yil ichida, O‘zbekiston prezidentining tashabbusi bilan mintaqaning barcha mamlakatlari bilan yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Mazkur tashriflar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan global masalalar bo‘yicha qaror qabul qilindi: xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiya, madaniyat va ekologiya sohalarida.

Natijada tarixan qisqa vaqt ichida O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshi tomonga burilishiga sabab bo‘lgan ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ya’ni, bugun sizga ishonch bilan Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan yaxshi munosabatlarga ega ekanligimizni ta’kidlay olaman. 2016 yilga qadar bo‘lgan muammolar bugun butunlay bartaraf qilindi. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida 25 yil ichida shakllangan muzlar shu uch yil ichida butunlay eridi deyishimiz mumkin.

Mintaqa davlatlari rahbarlari o‘rtasida siyosiy muloqot mustahkamlandi. Prezidentlar o‘rtasidagi shaxsiy ishonch mustahkamlandi. Bugun aytish mumkinki, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan savdo aylanmasida misli ko‘rilmagan o‘sish kuzatilmoqda. 2019 yil natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 5,2 mlrd dollarga yetdi.

Mening kuzatishlarim shuni ko‘rsatadiki, agar 2016 yilgacha O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yillik tovar aylanmasi o‘rtacha 100−150 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil natijalariga ko‘ra barcha mamlakatlar bilan tovar aylanmasi o‘rtacha 50 foizdan ko‘proqqa o‘sgan. Tovar aylanmasi Qirg‘iziston bilan 8 baravar, Tojikiston va Turkmaniston bilan 5 baravar, Qozog‘iston bilan esa 1 milliard dollarga o‘sdi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq, konstruktiv, puxta o‘ylangan va pragmatik siyosati natijasida suvdan foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, davlat chegaralarini kesib o‘tish kabi murakkab va chalkash muammolarga yechim topildi.

2017 yil 5 sentabrida O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida chegara shartnomasini imzoladik. Shuningdek, 2018 yil 10 mart kuni Tojikiston bilan chegara shartnomasi imzolandi. Natijada chegara punktlaridagi barcha cheklovlar olib tashlandi.

Agar 5 yil oldin o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini kuniga 200−300 kishi kesib o‘tgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatgich kuniga 30 mingdan oshadi. Tojikiston bilan shartnoma imzolangandan keyin barcha 17 ta chegara punkti to‘liq ishlay boshladi. Ilgari ular yopiq edi. Bugun O‘zbekiston-Tojikiston chegarasini kuniga 20 ming fuqaro kesib o‘tmoqda. Mana O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda qanday o‘zgarishlar yuz bergan.

Agar 5 yil oldin O‘zbekiston Markaziy Osiyoning integratsiya jarayonlarida «susaytiruvchi omil» deb aytilgan bo‘lsa, bugun bu yorliq O‘zbekistondan butunlay olib tashlandi. Chunki bugun prezidentimizning tashabbuslari bilan O‘zbekiston mintaqadagi integratsiya jarayonlarini faol ravishda ilgari surmoqda. Aytish mumkinki, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, o‘zaro foyda va o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda rivojlanmoqda. Munosabatlarimizning ushbu uchta ustuni barcha muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi.

«Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Markaziy Osiyoda turli tashkilotlar tashkil etildi, ammo ularning istiqbollari yo‘q edi...»
– Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Markaziy Osiyoda turli tashkilotlar tashkil etildi, ammo ularning istiqbollari yo‘q edi.
1993 yilda ilk shunday tashkilot – Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ishtirokidagi Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati (MOIH) tashkil qilingan edi. Tojikiston ushbu tashkilotga 1998 yilda, fuqarolik urushi tugaganidan va mamlakatda tinchlik o‘rnatilgandan so‘ng a’zo bo‘lgan. Ushbu tashkilot 2002 yilgacha faoliyat ko‘rsatdi.

Markaziy Osiyo mintaqasida siyosiy, iqtisodiy, ekologik, transport va xavfsizlik masalalari kabi ko‘pgina muammolar mavjud. MOIH nomining o‘zi esa faqat iqtisodiy masalalarni muhokama qilish bilan cheklanadi.

Shu sababli 2002 yilda, O‘zbekiston tashabbusi bilan muhokama qilinadigan masalalar doirasini kengaytirish maqsadida MOIH Markaziy Osiyo Hamkorlik Tashkiloti (MOHT)ga aylantirildi. U 2005 yilgacha faoliyat yuritdi. 2005 yil 6 oktabrda esa ushbu tashkilotni YevroOsiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (2014 yil YevroOsiyo Iqtisodiy hamjamiyati YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi tuzilgani uchun tugatildi – tahr.) bilan birlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qaror Sankt-Peterburgda davlat rahbarlarining kelishuvlari asosida qabul qilingan.

Nega bu mintaqaviy tashkilotlarning istiqboli yo‘q edi? Asosiy sabab – ularda mintaqadagi barcha mamlakatlarning ishtirok etmasligi. Neytral maqomi tufayli Turkmaniston ushbu tashkilotlarda ishtirok etmadi. Agar Markaziy Osiyoga bir organizm sifatida qaralsa, barcha organlar o‘z funksiyasini to‘liq bajarsagina, u ishlaydi.

Diplomatik tomondan tahlil qilinsa, Markaziy Osiyo beshta davlatdan iborat: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston. Agar O‘zbekiston biror bir mintaqaviy tashkilot tarkibida bo‘lmasa, hech qanday masala – u xoh siyosiy, xoh iqtisodiy yoki gumanitar xarakterga ega bo‘lsin – samarali hal qilinmaydi. Bir mamlakatning mintaqaviy tashkilotga qo‘shilmasligi uning to‘liq ishlashi uchun imkon bermaydi.

Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi haqida
– Prezidentimizning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish va mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni izlash uchun muhim maydon bo‘ldi. Ishonchim komilki, ushbu maslahat uchrashuvi katta istiqbolga ega, chunki ushbu uchrashuvda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari ishtirok etadi.

2018 yil 15 martda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvning asosiy natijasi mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni izlash va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash bo‘ldi.

Ikkinchi maslahat uchrashuvi prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tgan yilning 29 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Toshkent uchrashuvidan so‘ng Markaziy Osiyo mamlakatlarining yaqinlashuvi qaytarib bo‘lmas jarayonga aylandi.

29 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan oxirgi uchrashuv natijalariga ko‘ra, barcha davlat rahbarlari bilan qo‘shma bayonot imzolandi. Ushbu hujjatda Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlari o‘rtasida xavfsizlik, savdo-iqtisodiy hamkorlik, turizmni rivojlantirish, yoshlar siyosati bo‘yicha barcha kelishuvlar mavjud bo‘lib, tabiiyki Afg‘oniston masalasi ham ko‘tarilgan. Chunki Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun Afg‘oniston muammosini hal qilish juda muhimdir. Bugungi kunda Markaziy Osiyo uchun asosiy tahdid Afg‘onistondan keladi.

Toshkentda biz shuningdek Maslahat uchrashuvi reglamentlarini imzoladik. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari davlatlari rahbarlarining uchrashuvi yiliga bir marta o‘tkaziladi. Uchrashuvning aniq sanasi, kun tartibi va masalalari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.

Masalan, ikkinchi uchrashuvni o‘tgan yilning aprel oyida rejalashtirgan edik, ammo vaziyat uni keyinga surishni talab qildi, uchrashuv 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Qirg‘izistonda uchinchi maslahat uchrashuvi shu yil avgust oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Agar pandemiya holati yaxshilansa, uchrashuv kuzda tashkil qilinishi mumkin.

Biz hozirda uchinchi uchrashuvni Qirg‘izistonda o‘tkazish ustida ish olib borayapmiz. Ushbu uchrashuv doirasida imzolanadigan hujjatlar onlayn rejimida ishlab chiqilmoqda. Ekspertlarning birinchi uchrashuvini biz 20 fevralda Bishkekda o‘tkazdik, unda hali yuzma-yuz uchrashgan edik. Ikkinchi uchrashuvni 22 iyun kuni onlayn tarzda o‘tkazdik.

«Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yo‘q»
– Markaziy Osiyoda Amudaryo va Sirdaryo daryolari suv manbayi hisoblanadi. Biz bu ikki daryoning o‘rtasida joylashganmiz.

Sovet davrida [suv ta’minoti bo‘yicha] hech qanday muammo yo‘q edi, barchasi markazlashgan tarzda rejalashtirilar edi. Quyi oqim mamlakatlari yuqori oqim mamlakatlari bo‘lmish Qirg‘iziston va Tojikistonga gaz va boshqa energiya manbalarini yetkazib berar edik. Zarur bo‘lganda, ortiqchasini sotib olar edik. Sovet Ittifoqi qulashi bilan, tabiiyki, bozor iqtisodiyoti tamoyillari kuchga kirdi va ma’lum muammolar paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi suvning katta qismidan foydalanadi, chunki bizning aholimiz va iqtisodiyotimiz juda katta. Mintaqada suvga talab doimiy ravishda o‘sib bormoqda: aholi ko‘paymoqda, iqtisodiyot kengaymoqda, sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojlanmoqda. Boshqa tomondan, suv manbalari kamayib bormoqda.

Bugun O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv siyosati tufayli biz ushbu masalani hal qildik. Qo‘shni mamlakatlarda ba’zi ob’ektlarning qurilishi, masalan Tojikistonda Rog‘un GESi yoki Qirg‘izistonda Qambarota-1, Qambarota-2 GESlarining qurilishiga uzoq vaqt davomida qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsak, bugungi kunda bizda bunday muammolar yo‘q, O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli ushbu savollar olib tashlandi. Biz hatto Rog‘un GESi qurilishida ishtirok etishga tayyor ekanimizni bildirdik. Markaziy Osiyoda quriladigan barcha ob’ektlar qo‘shni davlatlarning manfaatlarini inobatga olgan holda qurilishi zarurligini kelishib oldik.

Tabiiyki, suv taqchil bo‘lgan va suv ko‘p bo‘lgan yillar bo‘ladi. Mutaxassislarimizning menga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Rog‘un GESining qurilishi 70-yillarda O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan qurg‘oqchilik yillarida Rog‘un suvining zaxiralaridan paxta dalalarini suv bilan ta’minlashda foydalanish uchun rejalashtirilgan bo‘lgan. Sovet Ittifoqi qulagan paytda loyiha allaqachon eskirgan edi, shuning uchun ba’zi muammolar mavjud edi. Endi bu muammo yo‘q. Tojikiston rahbariyati quyi oqim mamlakatlari uchun hech qanday muammo tug‘dirmaganliklarini va kelajakda yaratmasliklariga ishontirmoqda.

Qirg‘iziston bilan ham suvdan foydalanish bo‘yicha kelishuvlarimiz bor. Masalan, Toktogul GESi – Qirg‘izistondagi eng yirik gidroelektrostansiya. U 19 mlrd kubometr suvni to‘playdi. Biz barcha masalalarni o‘zaro manfaat va o‘zaro hurmat asosida hal qilamiz.

Bundan tashqari, suvni tejash haqida o‘ylashimiz kerak. O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston prezidenti tegishli tuzilmalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘shanda u suvni tejash borasidagi tajribani o‘rganish uchun rivojlangan davlatlar bilan yaxshi aloqalarni o‘rnatish vazifasini qo‘ydi. Ya’ni, suvni tejaydigan texnologiyalarni jalb qilishimiz kerak, shu jumladan tomchilatib sug‘orishni ham. Bu qishloq xo‘jaligini, sanoatni va albatta aholini suv bilan ta’minlashda juda muhimdir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ilhom Ne’matov: Markaziy Osiyodagi integratsiya, maslahat uchrashuvlari va suv muammolari haqida