Bugun ko‘pchiligingiz yaxshi ko‘radigan Ramzan Qodirov haqida gaplashamiz. Oktyabr oyi boshida Grozniyda bir voqea sodir bo‘ldi va o‘shandan keyin «Qodirovning o‘rinbosari» haqidagi gaplar yana ko‘paydi. «Magomed Daudov Qodirovning o‘rnini egallaydimi?» degan savollar yanada balandroq yangray boshladi.
«Chechenistonning vaqtincha rahbari sifatida...»
5 oktyabr kuni Grozniyda Checheniston hukumatining yangi binosi ochildi. Barcha mahalliy rahbarlar ishtirok etgan tadbirda avval Grozniy meri, keyin Checheniston hukumat raisi Magomed Daudov so‘zga chiqib, hudud rahbari Ramzan Qodirov va uning otasi, Chechenistonning birinchi rahbari Ahmad Qodirovni maqtashdi. Darvoqe, 5 oktyabr Ramzan Qodirovning tug‘ilgan kuni.
Marosim davomida Magomed Daudov Ramzan Qodirovga «Checheniston qahramoni» unvonini topshirdi. Qodirovda bunaqa ordendan bitta bor edi, bu ikkinchi qahramon ordeni bo‘ldi. Unda «Rossiya qahramoni» degan ordendan bor. Qodirovlarning orden, mukofotdan muammosi yo‘q.
Aslida qaysidir Qodirovga qanaqadir orden topshirilishi yangilik emas, lekin mukofotni topshirish jarayonida Magomed Daudov aytgan gap ko‘pchilikning e’tiborini tortdi: «Men Checheniston respublikasi rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida buyuk Ahmad Qodirov jamoasining barcha a’zolari tashabbusi bilan Ramzan Qodirovga «Checheniston qahramoni» unvonini berish to‘g‘risida farmon imzoladim».
Daudovning rasmiy lavozimi Checheniston hukumat raisi, lekin u o‘z nutqida farmonni «Checheniston rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida» imzolaganini aytdi. Vaholanki, hech bir federal idora Chechenistonda rahbar o‘zgargani, Daudov vaqtincha rahbar bo‘lgani haqida xabar bergani yo‘q. Agar Daudov faqat shu mukofotni berish uchungina vaqtincha Qodirovning o‘rnini egallagan desa, bunga huquqiy jihatdan hech qanday ehtiyoj yo‘q: hudud rahbari o‘zini o‘zining farmoni bilan taqdirlayveradi. Masalan, Qodirov birinchi marta «Checheniston qahramoni» ordenini olganda, farmon uning imzosi bilan chiqqan.
Eng qizig‘i, videoga e’tibor bersangiz, Daudov hujjatni «Checheniston rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida imzolaganiga» urg‘u berib gapirgan. Aslida buni aytmasa ham bo‘lardi, «Lord» shundog‘am katta odam. Videoda ham Daudovning aynan shu gapi ko‘rsatilganiga qaraganda, bu yerda ochiq manbalarda e’lon qilinmagan nimadir bor. Axir Qodirov ketarkan, degan mish-mishlar kecha paydo bo‘lgani yo‘q. Uning o‘rinbosari sifatida nomi eng ko‘p tilga olinadigan chechen ham Magomed Daudov. Video bu mish-mishlarni yanada kuchaytirdi.
Kim o‘zi Daudov?
Chechenistondagi hayotni diqqat bilan kuzatadiganlarga Magomed Daudov kim ekanini tanishtirishning hojati yo‘q. Ishonaman, ko‘pchiligingiz Qodirov atrofidagi odamlarni bizdan ham yaxshiroq bilasiz. Biz shunchaki bexabarlar uchun Daudovni tanishtiramiz. «Lord» Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning eng yaqin odamlaridan. Adam Delimxanovdan keyin eng yaqini desa ham bo‘ladi.
45 yoshli Daudovning yagona xususiyati Ramzan Qodirovga sodiqligi emas, u juda katta kuchga ega, Rossiyada ham, Chechenistonda ham. Harbiy darajasi general-leytenant, «Rossiya qahramoni» unvonini olgan, Ukrainadagi urushda ham qatnashib kelgan. Daudov eski harbiylardan, o‘z vaqtida Ahmad Qodirov qo‘riqlash xizmatida yuqori lavozimda ishlagan, Ramzan Qodirovning eski do‘sti.
Lekin oxirgi vaqtlarda Daudovni tobora ko‘proq «Qodirovning o‘rinbosari» sifatida ko‘rsatishmoqda. U o‘tgan yil may oyida Checheniston parlamenti spikeri lavozimidan ketib, hukumat raisi vazifasiga o‘tkazildi. Shundan keyin Daudov tez-tez mahalliy rahbarlar bilan yig‘ilishlar o‘tkaza boshladi, uning imijini oshirishga qaratilgan piar kampaniya allaqachon boshlanib ketgan. Oxirgi paytlarda Daudov asosan harbiy kiyimda ko‘rinish bermoqda. Bu bilan Checheniston rahbarligiga kelgan vaqtdagi Ramzan Qodirovni eslatmoqda.
Ramzan Axmatovichning salomatligida muammo borligi endi sir emas, Qodirov avvalgidek tetik ko‘rinmayapti. U kichik o‘g‘li Adamga mukofot ortidan mukofot berib, mashhur qilishga intilayotgani, har bir videoda o‘g‘li bilan ko‘rinish berayotgani ham bejiz emas, albatta.
Shaxsan menga Daudov Qodirovga «Checheniston qahramoni» unvonini topshirgani Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev sobiq prezident Nursulton Nazarboyev sharafiga butun boshli poytaxt nomini o‘zgartirganini eslatdi. Ko‘p o‘tmay Astana nomi qaytarildi, Nazarboyev soyada qoldi, To‘qayev esa islohotchi o‘laroq katta sahnaga chiqdi. Ko‘ramiz, Chechenistonda nima bo‘larkin. Daudov bejizga o‘zini «Checheniston rahbari vazifasini bajaruvchi» deb tanishtirmagan bo‘lsa kerak...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!