Toshkent shahrida qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarni tashkil etish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh a’zolari xorijiy qimor saytlariga xizmat ko‘rsatib, o‘yinlar orqali olingan mablag‘larni kriptovalyuta orqali yuvish va legallashtirish bilan shug‘ullangan.
Ichki ishlar organlari, xususan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor choralar natijasida faoliyatni amalga oshirishda foydalanilgan to‘rt dona mobil telefon, 21 ta bank kartasi va bir dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Hozirgi vaqtda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shunday jarayonda gumonlanuvchilardan biri — fuqaro E. — jinoiy javobgarlikka tortilmaslik evaziga mas’ul rahbarga 50 000 AQSH dollari miqdorida pora taklif qilgani aniqlandi.
Ichki ishlar xodimi bu holat haqida qonun talablariga muvofiq rahbariyatga yozma ravishda xabar berdi. Uning ma’lumoti asosida IIV Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi, prokuratura va Toshkent shahar IIBB( Ichki ishlar bosh boshqarmasi) xodimlari ishtirokida tezkor tadbir tashkil etildi.
Natijada, gumonlanuvchi pora sifatida taklif qilingan 50 ming dollarni shaxsan Ichki ishlar rahbariyati vakiliga bermoqchi bo‘lgan vaqtda, daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. Bu jarayon xolislar ishtirokida, bayonnoma asosida rasmiy tarzda qayd etildi.
Tergov materiallariga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (“Pora berish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi, tergov harakatlari esa hozir ham davom etmoqda.
Rasmiy manbalar ma’lumotiga ko‘ra, ushbu holat nafaqat onlayn qimor tashkil etuvchilarning faoliyatini fosh etdi, balki ichki ishlar tizimidagi halollik va qonun ustuvorligi tamoyillarining amalda ta’minlanayotganini ham namoyon qildi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, bunday jinoyatlar bo‘yicha jazo muqarrar bo‘lib, internet orqali qimor yoki tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish yoki unda ishtirok etish ham qonun bilan qat’iy taqiqlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!