11:50 / 26.10.2020
2 275

Shuhrat Irgashev: 5 mahal ovqatlanish 5 mahal osh yeyish kerak degani emas

Shuhrat Irgashev: 5 mahal ovqatlanish 5 mahal osh yeyish kerak degani emas
Sog‘lom turmush tarziga amal qilib yashash kerak, deyilsa ba’zilar buning og‘irligini yoki umuman imkonsiz ekanini ta’kidlaydi. Ularning bunday deb hisoblashiga sabab sog‘lom turmush tarzi qoidalari haqida yetarlicha tushunchaga ega bo‘lmaganidir. Aslida esa, uni turmush tarziga aylantirish ko‘p ham qiyin vazifa emas.

To‘g‘ri ovqatlanish qoidalari esa, sog‘lom turmush tarzining asosiy talablaridan biri. Ushbu qoidalarga qanday amal qilish kerakligi to‘g‘risida tibbiyot fanlari doktori, professor, Tibbiy xodimlarni kasbiy malakasini rivojlantirish markazining Valeologiya kafedrasi mudiri Shuhrat Irgashev tushuncha beradi.

— Sog‘lom va uzoq umr ko‘rishning birinchi talabi to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilishdir. Masalan, Yaponiyada o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 86 yosh bo‘lib, ular bu natijaga to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga qat’iy rioya qilish orqali erishgan. Mamlakatimizda esa, 51 foiz odam ortiqcha vazndan jabr chekadi. Tanadagi ortiqcha yog‘ tufayli turli yurak, oshqozon kasalliklarini orttirib olishgan.

To‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilish kuniga besh mahal ovqatlanish rejimini tashkil qilishdan boshlanadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega aynan 5 mahal ovqatlanish talab etilmoqda? Sababi oshqozon osti bezi (pankrioz) har uch soatda turli garmon va fermentlar ishlab chiqaradi. Garmonlar qonga singadi, fermentlar esa ichaklardagi ozuqalarni hazm qilishga sarflanadi. 5 mahal ovqatlanilmasa, oshqozon osti ishlab chiqargan fermentlar o‘z vazifasini to‘liq bajara olmaydi va natijada boshqa organlar faoliyatining ham buzilishiga olib keladi. Shu bois ko‘pgina xorij mamlakatlarida 5 mahal taomlanish odat tusiga kirgan.

Ko‘pchilik “zo‘rg‘a uch mahal ovqatlanishga vaqt topamiz”, yoki “3 mahal taom yeb shuncha vazn to‘plaganman, 5 mahal ovqatlansam nima bo‘ladi”, deb aytishadi. Ammo vaqtida to‘g‘ri ovqatlanish insonlardan ko‘p vaqt talab qilmaydi, bunday holatda ortiqcha vazn to‘planishi esa, umuman mumkin emas. Chunki 5 mahal ovqatlanish kerak, degani besh mahal osh yeyish kerak, degani emas. Shunchaki og‘ir hazm bo‘luvchi taomlar, yog‘li va qovrulgan mahsulotlarni tanovul qilishdan tiyilish talab etiladi, xolos.

Nonushtadan uch soat o‘tgandan so‘ng esa, olma yoki boshqa biror ho‘l mevani yeyish mumkin. Tajribaga ko‘ra, inson bitta sigaret chekish uchun 5-6 daqiqa vaqt sarflaydi. Bitta olma yeyishga esa, atigi 2 daqiqa talab etiladi.

Yana 3 soatdan so‘ng tushlik vaqti bo‘ladi. Bunda uch soat oldin yengil taomlanilgani uchun odam och qolmaydi va keragidan ortiqcha ovqatlanib, oshqozonini qiynab qo‘ymaydi. Tushlikda xohishiga ko‘ra birinchi, ikkinchi qilib taomlanishi mumkin, ammo ko‘p yog‘li taom yemaslik talab etiladi. Tushlikdan uch soat o‘tgach, bir stakan qatiq yoki bir dona shirinlik yeyish mumkin. Shunda kechki taomda ham me’yorida ovqatlanishimiz ta’minlanadi. Hatto muqaddas kitoblarimizda ham inson to‘yib ovqatlanishi yoki o‘ta och qolib ketishi mumkin emasligi ta’kidlangan.

Shu o‘rinda yana bir ovqatlanish qoidalaridagi muhim elementga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Xalqimiz ovqatlanayotgan vaqtda choy ichishni ham odatga aylantirgan. Bu inson organizmi faoliyatini buzadi. Ovqat bilan birga choy emas, turli sharbatlar yoki qaynatilgan suv iste’mol qilish kerak. Choyni esa taom yegandan 2 soat o‘tgach, ichish tavsiya etiladi.

Aslida biz hozir ham taom yeyish uchun shuncha vaqt sarflaymiz hamda o‘sha miqdordagi mahsulotlarni iste’mol qilamiz. Faqatgina ovqatlanish tartibiga rioya qilmaymiz. To‘g‘ri ovqatlanish degani foydali mahsulotlarni o‘z vaqti va o‘rnida iste’mol qilish demakdir. Uzoq, baxtli, sog‘lom yashash uchun, albatta, to‘g‘ri ovqatlanish qoidasiga amal qilishimiz zarur.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shuhrat Irgashev: 5 mahal ovqatlanish 5 mahal osh yeyish kerak degani emas