13:00 / 15.12.2020
5 537

«Ziyouz» portali asoschisi Davronbek Tojialiyev Istanbulga kiritilmay, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi

«Ziyouz» portali asoschisi Davronbek Tojialiyev Istanbulga kiritilmay, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi
Foto: Facebook / Davronbek Tojialiyev
«Ziyouz.com» portali asoschisi, jurnalist Davronbek Tojialiyev o‘zining Facebook’dagi sahifasi orqali Istanbulga kiritilmay, O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini yozib qoldirdi.

Jurnalist bunga qadar Turkiyaga 5 marotaba borganini va hech birida bu kabi muammo kuzatilmaganini ma’lum qilgan. Turkiya Ichki ishlar vazirligi migratsiya bo‘limi xodimlari kirish taqiqi uchun biron sababni bilmasliklarini, taqiq hukumat tarafidan qo‘yilgani bildirgan. Jurnalist o‘z sahifasi orqali migratsiya bo‘limida o‘tkazgan bir tuni, u yerdagi sharoitlar, internet muammosi, turli davlatlardan kelib, mamlakatga kirishini kutib yotgan xorijliklar haqida post qoldirgan.

- ‘Terminal’ degan filmni ko‘pchilik maza qilib tomosha qilgan-a? Krokoziya degan davlat tugatilib, uning fuqarosi Nyu-York aeroporti terminalida qolib ketadi va ajoyib sarguzashtlarni boshidan o‘tkazadi.

Kecha menda ham shunday bo‘ldi. Turk havo yo‘llari orqali Toshkentdan uchib, Istanbul yangi aeroportiga qo‘ndik. Pasport nazoratidagi hijobli xizmatchi yangi qizil pasportimni uzoqroq tekshirdi. Ikki marta qayoqqadir telefon qildi. Keyin kutib turing dedi. Bir polis keldi, pasportimni olib, men bilan yuring dedi. Undan muammo nimadaligini so‘radim. U sizga Turkiyaga kirish uchun taqiq qo‘yilgan dedi. Nega degan savolimga buni bilmasligini, politsiya idorasida tushuntirishlarini aytdi.

Politsiya idorasidagi xodim kompyuterdan nimalarnidir tekshirib, qog‘ozlarni chop etdi. Keyin meni Ichki ishlar vazirligi migratsiya bo‘limiga olib bordi.

U yerdagilar ham kirish taqiqi uchun biron sababni bilmasliklarini, taqiq hukumat tarafidan qo‘yilganini, bu holatda biron narsa qilish imkonsizligini, meni kechki reys bilan Toshkent uchog‘iga mindirishlari lozimligini aytishdi. Tortishuvlar ish bermadi. Ularga jurnalist ekanimni, avval 5 marta kelgan bo‘lsam hech qachon muammo bo‘lmaganini aytdim. Ular meni tinglab, tizimda taqiq borligini, bu holatda qanday tartib joriy qilingan bo‘lsa, shuni bajarish majburiyatida ekanliklarini aytishdi. Balki biron harfda xato ketganmikan, desam, yana tekshirishdi. Ism, familiya, tug‘ilgan sana va boshqa ma’lumotlar hammasi mos tushyapti.

Qo‘limga Turkiyaga kirishim taqiqlangani uchun keyingi reysgacha vaqtincha saqlash xonasida qolishim, taqiq tugaguncha esa konsullikdan faqatgina maxsus viza orqaligina Turkiyaga kira olishim, bu haqda sudga da’vo ochishim mumkinligi haqida qog‘oz berishdi. So‘ng ichkariga kuzatib qo‘yishdi.

Ichkari kirganda dimoqqa urilgan ilk hid burqsigan sigaret isi bo‘ldi. Ko‘rinishidan iroqlik va eronlik bo‘lgan «brat»lar oshxona to‘g‘risidagi tualetda rosa tortishmoqda.

Salom berib, asta o‘tirdim. Hech kim kimsan, nima bo‘ldi deb so‘ramadi ham. Telefonimni titib o‘tiraverdim.

Darvoqe, bu yerga kirishdan avval fotoapparatimni saqlash kamerasiga olib qo‘ydilar. Laptop va telefonim o‘zimda qoldi. 20 daqiqacha o‘tirganimdan so‘ng yotoq kameralariga bir-bir mo‘ralab, bo‘sh joy qidirdim. Hammaga buyruq berayotgan baquvvat eronlik anuv xonaga kir, dedi. Xona 12 kishilik. Sassiq paypoq hidi anqib turibdi. 3 ta qoratanli, bir xitoylik, bir ispan, qolganlari eroni va iroqliklar. Noiloj joylashib, telefonimni quvvatlab turgandim, qo‘riqchi chaqirib qoldi.

Nonushta olib kelibdi: kattagina buterbrod va ikki stakan sharbat. Taomlanib, atrofdan muloqot uchun ko‘zga yaqin odamlardan qidirdim. Bittasi boshqasiga o‘rischa gapirib qoldi. Ayni muddao bo‘ldi. Tanisha boshladim. Biri chechen, yana biri kabardin ekan.

Birdan ichkaridan bir tojik chiqib, to‘g‘rimda o‘tirgan qozoqqa yarim o‘zbekchalab nimadir dedi. Tojik juda qiziquvchan ekan. Umrida birinchi marta sochi uzun jingalak qoratanlini ko‘rib, u bilan suhbatlashmoqchi bo‘ldi. Jingalak Fransiya fuqarosi ekan. Aqal-taqal inglizcha bilarkan. Xatlonlik o‘zbekcha biladigan tojikka fransuz bilan inglizcha muloqot qilishiga tarjimonlik qildim. Men bilan yaqin bo‘lib qolgan tojik sekin imladi-da, anavi eronidan ehtiyot bo‘ling. G‘irt moshennik ekan. Kecha kechqurun o‘zbek bolalardan pul olib, internet sotdi, dedi.

Xonaboshilikka da’vogarlik qilayotgan baquvvat eroni turkcha yaxshi gapirar ekan. Oshxonada ko‘pchilik turib yesa-da, menga o‘tirgani joy taklif etdi. Qozoq aka gap orasida bu eronlik ozarbayjon degandi, menam unga qarab, «Qarabag Azerbajandir!» dedim. Ochilib ketdi. Afsus, yarmi qopketdi-da, dedim. E nimasini aytasan deydi.

Italiya fuqarosi bo‘lgan iroqlik kurd poliglot ekaney. Inglizcha, fransuzcha, ispancha, nemischa, italyancha, arabcha, forscha, ruscha gapirib tashladi. Anov xitoylik bilan xitoycha gaplashdi-ey. U bilan ham chiqishib qoldik. Tranzit zonada Italiya pasportini soxta deb o‘tkazishmabdi. Poliglotligiga havas qilib, Italiyada qayerda ishlaysan, desam, politsiyada tarjimon bo‘lib ishlayman, hech yerda bunaqa muammo bo‘lmagandi, deydi.

Turk Telekom’dan olgan bepul internetim bir soatlik ekan, tugab qoldi. Darvoqe, Istanbul aeroportida, siz telefon raqamingizga kod olib, bir soat bepul internetdan foydalanishingiz mumkin.

Chechendan internetingdan Wi-Fi tarqata olasanmi desam, baraka topsin, bemalol deb ulab berdi. Ancha-muncha foydalanib, ishqilib cheksizmidi desam xijolat chekmay foydalanaver, dedi.

Chechen o‘tgan safar kelganda aeroportda qo‘polroq muomala qilgan bir polisning ta’zirini bergan va ‘obezyanka’ga tushgan. Bir oz ushlab turilib, deport qilmasdan reysga chiqarvorilgan ekan. O‘shanda taqiq qo‘yishgan ekan, deydi. Chechen, kabardin va qozoq yur sani tozaroq va sigaret va boshqa hidlardan yiroq xonaga opkiramiz deb o‘z xonalariga taklif qildilar. Xonada 2 ta soqolchali o‘zbek savdogar yigitchalarni ko‘rdim. 1 kundan beri shu yerda ekanlar. Ularni pasport nazoratga bormasdanoq xavfsizlik xodimlari so‘roq qilib, kirishga taqiq qo‘yishibdi. Nega kelding, bu yerda kimlarni taniysan, deb so‘rashibdi. Oxiri senga kirishga taqiq qo‘ydik deb qo‘yishmabdi.

Yigitlar bir savdo shartnomasini tuzgani kelishgan ekan. Bu yoqdagi firma bilan gaplashdik. Xat qiberadigan bo‘ldi. Shu orqali maxsus viza olib, shu bilan yana qaytib kelovramiz deyishdi.

Ular menga Turk Telekom internetidan qanday qilib yana bepul foydalanish mumkinligini o‘rgatishdi. Raqam yoziladigan joyga O‘zbekistondagi biron tanishigiz raqamini yozasiz va avval internet ishlab turgan paytda ularni ogohlantirib, kodni sizga SMS orqali yuborishlarini tayinlaysiz. Qarabsizki, yana bir soat internetdan foydalanaverasiz, bunisi tugagandan so‘ng shu usulni boshqa raqamda qo‘llaysiz.

Tushlikka Burger King va Coca-Cola berishdi. Yaxshi boqisharkan. Ichimlik suvi doimiy turibdi.

O‘zbek aka-ukalar UzAirways reysida qaytishdi. Xonada chechen, tojik, qozoq aka va men qoldim. Qozoq akaning oilasi Anqarada, o‘zi esa Turkiya vizasida noaniqlik borligi sabab 7 kundan beri shu yerda ekan. Aniq javobni kutyapti. Qayta Nur-Sulton reysiga chiqishga unamabdi.

Chechen bilan Ramzan haqida gaplashdik. U haqda mendan so‘rama, yoqtirmayman deydi. Baraka topsin, internetidan rosa foydalanibmiz shekilli, limiti tugab qoldi. Unga Turk Telekom’dan foydalan desam, uni senga bera qolay (telefonimga kelgan kodni beraman), mening reysimga yaqin qoldi, sen esa hali shu yerdasan dedi. Qozoqqa iPhone zaryadkasini tashlab ketdi.

Bir ozdan keyin xonaga yig‘lagudek bo‘lib 4 ta tojik yigitcha kirib keldi. Birinchi marta kelgan bo‘lsam, nega zapret qiladi, deydi. Falon pulga bilet olgan, ishlab qarzlarimni uzmoqchi edim, deb zorlanadi. Ularni ham pasport nazoratga yetmasdan xavfsizlik xodimlari ushlab, suhbatlashib, kirishlariga taqiq qo‘yibdi.

Ularni ozroq tinchlantirgan bo‘ldim. Yaxshi niyatda 3—4 so‘m topaman deb niyat qilgan beg‘ubor bolalar. Xonadoshimiz xatlonlik tojik 3 kundan beri shu yerda ekan. Keyingi reysgacha yana 4 kun turishi kerak ekan. Yangi kelgan dushanbelik yigitlar ham yana 4 kun shu yerda bo‘ladi.

Ichkarida tahorat, namozga sharoit yetarli. Bomdodni migratsiya idorasi polislari xonasida o‘qidim. Peshin, asr va shomni «obshyag»da. Eng qizig‘i tualetda hamma sharoit bor. Qo‘l artishga qog‘ozlarni ham tez-tez yangilab turishadi. Tualet va oshxonani alohida aeroport xodimi tozalaydi.

Qo‘riqchilar men bilan yaxshi muomala qilgan bo‘lsa-da, turg‘unlarning aytishicha, til bilmaganlarga yaxshi muomala qilmas ekan. Ko‘pchilik taqiq sababi nimaligini bilmaydi. Xizmatchilar ham buni biz qo‘ymaganmiz deb aniq javob bermaydi. Nihoyat, meni chaqirishdi. Hoynahoy reysga olgani. Xonadoshlar bilan xayrlashib, ishlarini O‘zi o‘nglashini tiladim.

Pasportimni qo‘limga berishmadi. Toshkentga borganingda olasan deyishdi. Polis meni uchoqqa qadar kuzatib qo‘ydi. Uchoqning eng oxiridan joy qiberishdi. Hammadan keyin tushar ekanman.

Istanbulga kira olmadim. Rejalarim amalga oshmadi. Lekin aslo xafa emasman. Rabbimning menga tuzgan boshqa xayrli rejalari bordir!, - deydi Davronbek Tojialiyev.

Ma’lumot uchun, Davronbek Tojialiyev o‘z faoliyatini 2001 yili sentabr oyidan «Ma’rifat» gazetasida muxbir bo‘lib boshlagan. 2011 yili Nyu-York shahrida chop etilgan birinchi o‘zbek gazetasi — «Vatandosh»ning bosh muharriri bo‘lgan. O‘zNetdagi ilk blogerlardan. 2004 yili «Ziyouz.com» portaliga asos solgan. Ayni paytda uning bosh muharriri hisoblanadi. Oilali, 1 o‘g‘il va 2 qizi bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ziyouz» portali asoschisi Davronbek Tojialiyev Istanbulga kiritilmay, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi