date

Ijtimoiy tarmoqlardagi «distribyutor» firibgarlikda gumonlanmoqda

Ijtimoiy tarmoqlardagi «distribyutor» firibgarlikda gumonlanmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini yirik distribyutor sifatida tanitib kelgan Xayrullo Shokirovga nisbatan juda ko‘p miqdordagi firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi — ya’ni juda ko‘p miqdordagi firibgarlik alomatlari bilan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayonida 1986-yilda tug‘ilgan Xayrulla Ubaydullayevich Shokirov aldash va ishonchni suiiste’mol qilish orqali ko‘plab fuqarolarga moddiy zarar yetkazgani aniqlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi Instagram, Telegram hamda YouTube platformalarida Xayrullo Shokirov nomi bilan sahifalar yuritib, o‘zini tajribali tadbirkor va yirik distribyutor sifatida namoyon etgan. U tarmoqlarda ushbu faoliyat bilan go‘yoki 2004-yildan buyon shug‘ullanib kelayotganini ta’kidlab, auditoriya ishonchini qozonishga uringan.

Tergov materiallarida aytilishicha, Shokirov chet eldan katta miqdorda anor sharbati va salqin ichimliklar olib kirish, ularni O‘zbekiston bo‘ylab savdo nuqtalariga yetkazib berish vakolatiga ega ekani haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatgan. Shu bahonada u fuqarolarga “distribyutorlik faoliyati” orqali yuqori daromad va katta foizlarni va’da qilib, ularning ishonchiga kirgan.

Amalda esa, tergovga ko‘ra, mazkur va’dalar asossiz bo‘lib chiqqan va natijada jabrlanuvchilar juda ko‘p miqdorda moddiy zarar ko‘rgan. Hozirda Xayrullo Shokirov gumonlanuvchi sifatida jinoyat ishiga jalb etilgan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Toshkent shahri IIBB mazkur shaxsning jinoiy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolarni yoki bu ish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotga ega shaxslarni tergov organlariga murojaat qilishga chaqirdi. Murojaatlar Tergov boshqarmasining 71−206−40−99, 71−206−42−52 telefon raqamlari yoki 102 qisqa raqami orqali qabul qilinadi.

Ichki ishlar organlari ta’kidlashicha, har qanday ma’lumot jinoyatni to‘liq ochish, boshqa ehtimoliy jabrlanuvchilarni aniqlash va adolat qaror topishiga xizmat qilishi mumkin. Shu bois fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali “investitsiya” va “distribyutorlik” takliflariga nisbatan hushyor bo‘lishga chaqirishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Ijtimoiy tarmoqlardagi «distribyutor» firibgarlikda gumonlanmoqda