
Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, O‘zbekistonning aksariyat hududlarida Yangi yil kunlari qor yog‘ishi ehtimoli past. 31 dekabr va 1 yanvar kunlari mamlakat bo‘ylab asosan yumshoq qish ob-havosi kuzatiladi, ko‘p joylarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Toshkentda yil yakunida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi: 31 dekabr kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi mumkin, kunduzgi harorat +8…+10 daraja atrofida bo‘ladi. 1 yanvar kuni esa asosan quruq ob-havo prognoz qilinmoqda.
Umuman olganda, 31 dekabr va 1 yanvar kunlari ko‘p hududlarda yog‘ingarchiliksiz o‘tishi kutilmoqda: kunduzi +3…+8 daraja, kechasi -2…+3 daraja. Ayrim joylarda tuman tushishi ehtimoli bor. Yangi yil kechasida sezilarli yog‘ingarchilik prognoz qilinmaydi.
Markaziy hududlarda 31 dekabr kuni kundazi +5…+10 daraja, kechasi +2…+7 daraja bo‘lishi kutilmoqda. 1-yanvarda kunduzgi harorat +12 darajagacha ko‘tarilishi, kechasi esa +3 daraja atrofida bo‘lishi mumkin.
Navoiy viloyatining shimolida biroz salqinroq ob-havo saqlanadi: kunduzi +3…+8, kechasi -2…+3 daraja. 31 dekabr kuni ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin, biroq qor kutilmaydi.
Ba’zi hududlarda 31 dekabr kuni mahalliy yomg‘irlar kuzatiladi: kunduzgi harorat +9…+14, kechasi +5…+10 daraja. 1-yanvarda yog‘ingarchilik kutilmaydi, kunduzi +7…+12, kechasi 0…+5 daraja bo‘ladi. Yangi yil kechasida ham ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
Yana bir qator hududlarda 31 dekabr va 1 yanvar kunlari yog‘ingarchiliksiz o‘tishi kutilmoqda: kunduzi +5…+10, kechasi +2…+7 daraja. 1 yanvar kuni kechasi va kunduzi 0…+5 daraja atrofida bo‘lishi mumkin.
Tog‘oldi va balandroq hududlarda esa yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida aralash bo‘lishi ehtimoli saqlanib qoladi. 31-dekabrga o‘tar kechasi harorat 0…-5 darajagacha pasayadi, kunduz kuni +2…+7 daraja bo‘ladi. 1-yanvarda kunduzi 0…+5, kechasi -2…-7 daraja prognoz qilinmoqda.
Umuman, O‘zbekistonning ko‘pchilik hududlarida Yangi yil kechasi qorsiz va keskin sovuqlarsiz o‘tadi — ob-havo sokin va nisbatan iliq bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.