16:21 / 27.12.2020
2 212

Korrupsiyaga qarshi kurashning uzun va og‘ir yo‘li

Korrupsiyaga qarshi kurashning uzun va og‘ir yo‘li
O‘tayotgan hafta davomida mamlakatda yuz bergan eng muhim voqelik bu – Yoshlar forumi ham emas, Sergeli metrosi ishga tushgani ham emas va Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga antikonstitutsion urinishlar va buni oqlashlar ham emas. Mening nazarimda, bu – Andijon va Jizzax viloyati hokimliklari mas’ullarining davlat xaridlari bo‘yicha o‘zlashtirishlari borasida olib borilgan surishtiruvlardir, deb yozadi bloger Otabek Bakirov.

Quyida uning ikki qismdan iborat postini to‘liq havola qilamiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashning uzun va og‘ir yo‘li
Mas’ul idoralarning korrupsiyaga qarshi kurashi lo‘licha muolaja darajasida olib borilayotgan bir vaqtda Davletov (telegramdagi «davletovuz» kanali nazarda tutilmoqda – tahr.) korrupsion surishtiruv sifati va darajasini yangi bosqichga olib chiqa oldi.

Tashqaridan qaraganda, davlat xaridlari bazasidan qidiruvlar natijasida yig‘ilgan ma’lumot o‘laroq ko‘rilsa-da, aslida bu surishtiruvlar bir necha kunlik og‘ir mehnatning natijasi hisoblanadi. Chunki davlat xaridi bo‘yicha bitim ajratib olingach, asl benefitsiarlarning yana qaysi sub’ektlar va bitimlar bilan bog‘liq ekanini tekshirishga, ularning qarindosh yoki qarindosh emasligini aniqlashga, bir necha manba orqali har bir dalilni fakt-cheking o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Juda ko‘p holatlarda fuqarolarimiz korrupsiyaga va bunday o‘zlashtirishlarga tolerant munosabatda bo‘lgani uchun va normal hisoblashi tufayli, ba’zida katta qo‘rquv sababli bilgan ma’lumoti bilan bo‘lishishni ham istamaydi. O‘zbek chinovniklarining xotini, ota-onasi, farzandlari, aka-ukalari bitta familiyada bo‘lmasligi qiyinchiliklarini o‘zingizga tasavvur eting.

Surishtiruvdagi kichkina bir xato yoki noaniqlik hokimiyatni boylik orttirish manbaiga aylantirib olgan o‘g‘rilar uchun butun bir surishtiruvning kartinasiga loy chaplashga, xaspo‘shlashga imkoniyat yaratib beradi.

Endi o‘zingizga bir tasavvur qiling, agar stat.uz bazasiga sub’ektning STIRi kiritilishi bilan ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslarning rahbari, ta’sischilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan birga ularga taaluqli va bog‘liq barcha xo‘jalik sub’ektlari chiqib kelishi ta’minlansa, surishtiruvlar qanchalar osonlashardi. Barcha normal davlatlarda shunday va buni shakllantirish statistika organiga hech bir qiyinchilik tug‘dirmaydi. Lekin O‘zbekistonda emas.

Endi o‘zingizga tasavvur eting, agar o‘zbek chinovniklari o‘zlari va yaqin qarindoshlarining daromadlari, xarajatlari, mol-mulklari to‘g‘risida deklaratsiyani ochiqlashganida korrupsion surishtiruv qanchalar tezlashgan bo‘lardi. Butun normal dunyoda shunday, shu tizim orqali chinovniklar va ularning barcha urug‘lari jamoatchilikning doimiy nazoratida. Lekin O‘zbekistonda emas.

Nega? Sabablari, masalan menga tushunarli. Agar ma’lumotlar olish va solishtirish vositalari osonlashtirilsa, davlat xaridlari orqali o‘tayotgan bitimlar bo‘yicha har kuni o‘nlab surishtiruvlarni amalga oshirish mumkin bo‘lib qoladi. Va bunga bir necha kun emas, bir necha soat kifoya bo‘ladi. Hokimiyatni boyish vositasiga aylantirgan, davlat xaridlari orqali milliardlarni o‘zlashtirishga daxl etgan o‘g‘ri chinovniklarni qidirishdan ko‘ra, bu ishga bosh qo‘shmaganlarni, qo‘li bulg‘anmaganlarni topish muammoga aylanadi.

Nega prokuratura jim?
Surishtiruvlar e’lon qilingach, barcha belgilari bo‘yicha korrupsion hisoblangan ushbu holatlar bo‘yicha viloyat prokuraturalari ish ochdimi? Andijon viloyat prokuraturasi jim. Jizzax viloyat prokuraturasi jim. Hatto bayonot ham berilgani yo‘q.

Nega?

Chunki prokuratura idoralari Konstitutsiyada zikr bo‘lmagan boshqaruv va amaliy vertikal doirasida hokimga qaram va bo‘ysunuvchi qilib qo‘yilgan.

Yangi davrdagi eng katta xatolardan biri, mamlakatni yalpi korrupsion makonga aylantirgan harakat bu – hududlarda busiz ham savolli bo‘lgan kuchlar muvozanatining yanada buzilgani bo‘ldi. O‘tgan davrda o‘zini to‘la oqlamagan kuchishlatarlar yetovidagi vertikaldan hokimning barcha idoralar, hatto prokuratura va ichki ishlar ustidan, ba’zida mahalliy xavfsizlik tizimi ustidan mutlaq hokimiyati o‘rnatilishi korrupsion vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.

Bugun nimaga ega bo‘lib turibmiz? Mahalliy prokuratura hokim va uning jinoiy hamtovoqlarining qonunga zid ishlariga qarshi harakatdan o‘zini tiyishga majbur, ichki ishlar idoralari hokimni tiyishga ratsional rag‘batga ega emas, xavfsizlik vertikali esa eng yuqoridan topshiriq bo‘lmaguncha tobora avj olayotgan korrupsiogen vaziyatni monitoring qilish bilan cheklanmoqda. Hokim ro‘yxati bilan shakllantirilgan va dastyorga aylangan mahalliy kengashlar hokim vakolatlarini cheklovchi institutga aylanishiga hali ancha vaqt bor, buning uchun rosmana siyosiy iroda bilan mahalliy kengashlar ochiq va erkin saylovlarda shakllanishi lozim.

Shunday ekan, hududlarda o‘zaro tiyib turishni ta’minlaydigan, hokimiyatning hech bir tarmog‘i mutlaq yetakchi bo‘lmagan muvozanatni qayta tiklashga to‘g‘ri keladi. Toki hokim melisaning qonunsizligiga, prokuratura hokimning tiyiqsizligiga, xavfsizlik idoralari prokuraturaning qonundan tashqari harakatlariga mustaqil baho bera olsin. Bu qanday ro‘y berishi mumkin?

Buning yo‘li oson va ayni paytda haddan ziyod murakkab: telba-teskari boshqaruv tajribalaridan Konstitutsiyaga qaytish kerak!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Korrupsiyaga qarshi kurashning uzun va og‘ir yo‘li