15:25 / 17.03.2021
3 579

Erini «yo‘qotgan» ayol...

Erini «yo‘qotgan» ayol...
Ko‘pchilik oilalar tashqaridan qaraganda oiladek ko‘ringani bilan ichi darz ketgan. O‘zaro munosabatlarda begonalik hissi yashaydi. Qo‘polroq aytganda, bir tom ostida yashashlarigina ularning oila ekanligidan dalolat beradi. Ayol kishida maqtovga arzirli, ko‘ngil quvonadigan fazilatlar bisyor. Biroq oilada notinchlik, ziddiyatlar kelib chiqishida bevosita ayolning roli ham, mas’uliyati ham, erkaknikidan kam emas.

Bunday erkaklar qayerdan paydo bo‘lyapti?

Hozirda ko‘pchilik ayollarni qiynayotgan muammolardan biri oilada erkakning xalqimiz tili bilan aytganda «toparmon-tutarmon» emasligi. Yoki xotinining topganini yeb, ko‘chada yallo qilib yuruvchi erkaklarning ko‘payib ketayotganligi bo‘lib qolyapti. Ularda g‘urur, hamiyat hissi yo‘qmi? Bu erkaklarni onalari shunday tarbiyalaganmi, yoki uylangach, shu holatga tushdilarmi? Yana o‘sha maqolga qaytamiz: Erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham xotin.

Ey ayollar, eringizning tarbiyasi avvaldan yaxshi bo‘lmaganligini, onasi tarbiyalashda katta xatolarga yo‘l qo‘yganini iddao qilishga shoshilmang. Onasi sizga qo‘lidan kelganicha voyaga yetkazib, tarbiyalab, o‘zida borini berib topshirgan. Onalarning farzandlari borasida o‘zlariga qanday talablar qo‘yishini ona sifatida yaxshi bilasiz deb o‘ylayman.

Demak, qolgani sizning zimmangizda. Eringizning boshqa ayolga ilakishib qolganini bilganingizda darhol uning aslida zoti past, axloqi buzuq ekanligiga o‘zingizni ishontirishni boshlaysiz. Hamma xato shu nuqtada aslida. Koshki o‘zingizni isloh qilish haqida qayg‘urganingizda edi...

Erkakning xatosini qo‘yib, men qayerda xato qildim deya fikr yuritsangiz xatolar to‘g‘irlanishga tushadi.

Erkakni ruhan sindirdingiz!

Ha, aynan shunday. Eslaysizmi, eringizning ozgina ishi yurishmay, cho‘ntagi bo‘shaganida hoyu-havaslaringiz sizga tinchlik bermaganidan o‘zingiz pul topishning yo‘llarini izlagandingiz? Dugonangizda ko‘rgan yangi ko‘ylakni keyinroq olib beraman, hozircha kamroq xarajat qilib turaylik deganida ikki kun arazlab onangiznikiga ketganingiz yodingizdami? Bitta non ko‘tarib kelganida «Ikkita olishga aqlingiz yetmadimi?» deb jerkib berganlaringiz-chi?

Pul topish uchun ming xil xayolda yurganida uyga kelganidanoq hali u yo‘q, hali bu yo‘q deb qistalang qilaverganingizda erkakning qaddi bukilib, ruhan sinishni boshlaganini sezganmidingiz? Har bitta kesatiq va pichinglaringiz uning alpdek qomatini bir baravar yerga ko‘mayotganini shuuringiz his qilganmidi?

Yonida shirin so‘z va tasalli bilan ruhan quvvat bo‘lib turish o‘rniga hamma yuz o‘girganidek siz ham ters qaraganlaringizni bir eslang. Yo‘q, siz o‘zingizcha haq edingiz. Hammasi tez risoladagidek bo‘lishi lozim edi. «Lallaygan er» hech nima qilib berolmasligini «tushundingiz» va ko‘chaga otlandingiz. Pul topa boshladingiz. Endi go‘yo bolangiz yangi kurtkada baxtli, qozoningizda har kun go‘sht qaynaydi.

Ko‘nglingiz tinchigandek bo‘ldi. Lekin... lekin... halovat topmadingiz, topmaysiz ham. Chunki bu narsalar arslondek eringizni o‘z ixtiyoringiz bilan chiyabo‘riga aylantirish evaziga bo‘ldi. Erkak ruhan sindi, uni siz sindirdingiz. Endi u loqayd, tanbal, hatto xotinining topganini yeb yotishdan orlanmaydigan bir «ho‘kiz»ga aylanib qoldi. Ro‘zg‘ordan baraka uchdi, uyning «piri» bo‘lgan erkak burchaklarda o‘zini sezdirmay yashay boshladi.

Endi sizning ovozingiz baland, har bir so‘zni chertib, o‘tkiridan topib gapirasiz. Boshingiz baland. Bolalaringizning qulog‘iga ham o‘zingiz topib yedirayotganingizni quya boshlaganingizdan beri ular ham otalarini chorasiz, hech nimani eplolmaydigan bir odam sifatida ko‘ra boshlashgan. O‘g‘illaringizni o‘zingiz «tarbiyalagan» erdek qilib ulg‘aytirayotganingizni sezmaysiz hatto.

Hamma narsani bir chetga qo‘yib o‘ylab ko‘ringa, ayol erkak uchun bir tasalli, yupanch, huzur va halovat manbai qilib yaratilganini. Sizning kamsitishlaringiz soyasida qolib ketgan er qanday muvaffaqiyatga erishadi? Agar uning kuchli va uddaburon ekanligini tez-tez ta’kidlab tursangiz dunyolari yorishib, sizga talpinmasmidi?

Nima uchun ayollarga alohida urg‘u berdik?

Sababi, endilikda mayda urush janjallardagina emas, balki vahshiy qotilliklarda, talon-toroj ishlarda ayollar ham erkaklardan qolishmayapti. Har ikki jinoyatning birida bosh qahramonlar ayollar bo‘lib chiqayotgani nihoyatda achinarli va og‘riqli holat. Albatta, biz bu bilan jinoyat, yomonlik erkaklarga mumkin deyish fikridan butunlay yiroqmiz.

Demoqchi bo‘lganimiz, ayol borgan sari o‘z nafisligini, nomini, g‘ururini qo‘ldan boy berib qo‘ymoqda. Quyidagi mulohazalarimiz buni yanada aniqroq tavsiflaydi. Inson yer yuzini obod qilish uchun vosita qilib yaratilganligi ma’lum. Ayol esa eng ulkan mo‘jizani — insonni dunyoga keltiruvchi qilindi. Endilikda bu hayotbaxsh borliq o‘z jonidan jon, qonidan qon berganlarini hayotdan mosuvo qila boshlaganiga ishongisi kelmaydi odamning. Insonni eng oliy qadriyat, yer yuzining mukarram borlig‘i deyiladi.

Nimaiki bo‘lsa, barchasi uning yaxshi yashashi, to‘kis umr kechirishi uchun qilinadi. Inson necha asrlar davomida hozirgi taraqqiyotgacha bo‘lgan bunyodkorliklarni o‘z qo‘li bilan yaratdi, tirishdi, intildi va ming afsuslar bo‘lsinki, o‘zi yaratgan obodlikni o‘z qo‘li bilan vayronaga aylantira boshladi. Ha, bu buzg‘unchilik mayda bezorilikdan tortib qotillikkacha yetib bordi. Jumladan, 2020 yilda qayd etilgan qotillik jinoyatlarining har uchinchisi, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 192 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan. Bu kabi jinoyatlar har kuni turli hududlarda sodir etilganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Xususan, Farg‘ona viloyatida 19 yoshli kuyov qaynotasini chopqi bilan chopib o‘ldirgan, ayoliga ham og‘ir tan jarohati yetkazgan. Samarqandda ham er arazlab ketib qolgan xotinini o‘ldirgan. Sababi ayolining ishlayotgani deb ko‘rsatiladi. Rashkchi er ayoliga 31 marotaba pichoq urgan. Farg‘onada qaynota o‘z kelinini o‘ldirgan yoki Samarqandda o‘g‘irlik jinoyatini sodir etayotganda unga guvoh bo‘lib qolgan ikkita voyaga yetmagan bolani o‘ldirib yoqib yuborgan ayolning ham jinoyatlarini bunga yaqqol misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin.

Ming afsuslar bo‘lsinki, bunday qotillik jinoyatlarini sanasak oxiri ko‘rinmaydi. Odamlar nega bunchalik darajada vahshiy bo‘lib ketdi? Qotillik sabablari surishtirilganda aytilayotgan, izoh berilayotgan vaj, bahonalar bir insonning o‘limiga sabab bo‘ladigan darajada emasligi ko‘rinadi. Xo‘sh, unda nega butun boshli tirik bir inson pashshani ezgandek osongina o‘ldirib yuborilyapdi?

Guvohi bo‘layotganimizdek janjallar asosan oiladagi moddiy yetishmovchiliklar, oila a’zolarining bir-birini tushunmasliklari, sabr-toqatning yo‘qligi ekanida ko‘rinadi. Nahotki tirikchilikni halol yo‘l bilan qilishning imkoni bo‘lmasa? Nahotki biz yashashimiz uchun albatta kimningdir jon tomiriga bolta urishimiz shart bo‘lsa? Ayol va erkak o‘rtasidagi ziddiyatlarni xotirjam, tinch yo‘l bilan hal qilish ham mumkinku. Bunday yo‘l tutish uchun bizda aql ne’mati borku. Aslida vahshiy hayvonlardan insonligimiz mana shu aqlimiz bilan farq qiladiku.

Bizga yoqmagan fikrni aytgan odamning yoqasidan olaversak, qing‘ir ishlarimizga xalal berganlarni o‘ldirib yuboraversak, bu dunyoda kim yashaydi? Uni kimlarga topshiramiz? Jamiyatning bir qismini qabristonga, bir qismini esa jazoni o‘tash muassasalariga joylashtiramizmi?

Ayol maslahatgo‘y, ayol suyanchiq(mi)...

Modomiki, oiladagi totuvlikka darz ketayotgan ekan biz sog‘lom jamiyatni, sog‘lom muhitni qanday saqlab qola olamiz? Bu yo‘lda ayol-u erkak baravar harakat qilishi zarur. Erkak kishi oilaning rahbari ekan ayol unga maslahatgo‘y, yaxshi yomon kunida yonida suyanchiq bo‘lishi kerak emasmidi? Nega ular bir-biriga dushman bo‘lib qolishlari kerak? Hayotning asl mohiyati o‘zaro tushunishda ekanligi mana shu o‘rinlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ayol bir gul, uning o‘rni go‘zal bir bog‘u bo‘stonda. Sovuq simlar, temir panjaralar ortida mahkumlikka tushish ayolga xos emas. Ko‘zimizni kattaroq ochaylik, axir aytishadiku bir o‘g‘ilni tarbiya qilsang, bir insonni tarbiya qilgan bo‘lasan, agar bir qizni yaxshi tarbiya qilsang, butun bir jamiyatni tarbiyalagan bo‘lasan deb. Demak, bir jinoyatchi ayol degani — bir jinoyatchi jamiyat degani. Ayolning ortida undan andoza oladigan nasl borligini unutmaylik, chunki ayol — bu ONA !

Nuriddin Ziyo Turaqulov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Erini «yo‘qotgan» ayol...