"Benfika" bosh murabbiyi Joze Mourino Angliyaning "Nyukasl" klubi bilan o‘yin oldidan jurnalistlar bilan suhbatlashdi. UYEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichining uchinchi turi doirasidagi uchrashuv bugun, 21-oktyabr kuni kechqurun bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Mourino o‘z nutqida Nyukasl shahri va klubiga bo‘lgan iliq munosabatini ta’kidladi. U olti yil davomida ser Bobbi Robson bilan birga ishlaganini esladi. Mourino Robson har kuni "Nyukasl"ga, uning hududi va futbol jamoasiga bo‘lgan mehrini namoyon qilganini aytdi.
Shuningdek, u bu insonning ta’siri tufayli "Nyukasl" unga juda qadrli ekanini bildirdi. Mourino futbolchilariga Nyukaslda o‘yin muhitini his qilishlari haqida gapirdi.
U "Nyukasl" kuchli jamoa ekanini ta’kidladi. Murabbiy ba’zilar klubning ligadagi hozirgi o‘rni sababli yanglish fikrga borishlari mumkinligini aytdi, biroq bu klub har doim yuqori saviyada o‘ynashini qayd etdi.
Joze Mourino "Nyukasl"ni boshqarish istagi bor-yo‘qligi haqidagi savolga ham javob berdi. U hozir klubga yangi murabbiy kerak emasligini, mavjud bosh murabbiy Eddi Xouning ishlari yaxshi ketayotganini qayd etdi.
Mourino kelgusida ham klub va murabbiy uchun muvaffaqiyat tiladi. Avvalroq "Nyukasl" bosh murabbiyi Eddi Xou ham bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!