20:00 / 21.03.2021
2 450

«Alining o‘rniga Valini qo‘ygan bilan natija o‘zgarmaydi» — Ulug‘bek Qosimxo‘jayev

«Alining o‘rniga Valini qo‘ygan bilan natija o‘zgarmaydi» — Ulug‘bek Qosimxo‘jayev
16 mart kuni xalq ta’limi tizimida malakali kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Kun.uz muxbiri tadbir spikerlaridan biri, O‘zbekistondagi maktablar uchun yangi avlod o‘qituvchilari va boshqaruv kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro ta’lim universiteti rektori Ulug‘bek Qosimxo‘jayev bilan intervyu uyushtirdi.

Sobiq «umidchi» intervyu davomida amaldorlar malakasi, ularga nisbatan tanqid ko‘pligi va davlat xizmati sohasi islohga muhtojligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

— Siz rivojlangan davlatlardagi boshqaruv tizimini ko‘rgansiz. Bugun bizda tendensiya kechyaptiki, odamlarning amaldorlarga ishonchi past, ularni ko‘p tanqid qilishadi. Buni yuzaga keltirgan sabablar va uni o‘zgartirish borasida nimalar qilish kerak deb hisoblaysiz?
— Bilasizmi, xalqning hokimiyatga bo‘ladigan tanqidlari bu oddiy holat. Oddiy misol, Donald Trampni oling. SNN, MSNBC, Facebook, Google va boshqa ko‘p sayt va ijtimoiy tarmoqlar unga qarshi bo‘ldi. Prezident ustidan mag‘zavalar ag‘darishdi va bu normal holat, deb qabul qilinadi.

Yoki Yevropa davlatlarini oling. Nikolya Sarkozini yaqinda qamab qo‘yishdi.

— Bu davlatlarda qaysidir amaldorga ishonilmasa, qaysigadir ishonishadi, ergashishadi.
— Bu bir yoki ikki kunda shakllangan holat emas. Bu amaldorlarning xalqdan uzoqlashgan yillarning hozir bergan mevasi. Bu azaldan bo‘lib kelgan. Hozir prezidentning amaldorlarni xalqqa yaqinlashtirish bo‘yicha tashabbuslari bekorga emas.

Ishoning, men amaldor bo‘lib ham ko‘rdim. Amaldorlarga ham qiyin. To‘g‘risi, birinchi o‘rinda amaldorlarning ish grafigini tuzatishimiz kerak.

Tasavvur qiling, ertadan kechgacha, yetti kun ishlasangiz, uyga yarim kechasi borib, bolalaringizni ko‘rmasangiz, oshna-og‘aynilaringizni, qarindosh-urug‘laringizni ko‘rmasangiz va shu holatda yillar davomida ishlayversangiz, siz ichki resurslaringizni yo‘qotib qo‘yasiz.

Biz amaldorlarni ko‘p yomonlaymiz, lekin bir yarim yil amaldor sifatida ishlab ko‘rgan kishi sifatida ayta olamanki, amaldor hududlarga ketadi va haftalab bolalarini ko‘rmaydi. Shuncha harakatdan keyin ham so‘kish eshitasiz. Lekin kechirasiz, ba’zi narsalarni amalga oshirish vaqt talab qiladi.

Balki qo‘yilgan vazifalarga ayrim amaldorlarning kompetensiyasi yetishmas. Ehtimol, boshqaruv tizimimiz juda qattiq iyerarxiyaga asoslangani ham sabablardan biridir. Balki ba’zi amaldorlarga o‘z sohasida o‘zgarish qilishga imkoniyat berish ham kerakdir.

Bilasizmi, Singapur rivojlanishida asosiy omillardan biri – bu kadrlar tanlovi bo‘lgan. Bu davlatda amaldorlikka nomzodlarni saralash juda qattiq bo‘lgan, lekin ularga oyliklar juda yaxshi oyliklar to‘langan, keng imkoniyatlar yaratilgan.

Google kompaniyasida ham shunday. U yerga eng oddiy xodim bo‘lib ishga kirish ham juda qiyin, lekin kirib olganingizdan keyin u yerda sizga katta imkoniyat va erkinliklar beriladi.

Kuniga 6 marta yig‘ilishda o‘tirsangiz, bir majlisdan chiqib ikkinchisiga kirsangiz, ikkinchisidan chiqib, uchinchisiga kirsangiz, kechki payt esa bir taxlam qog‘ozlarni ko‘rib chiqish kerak, keyin ko‘zingiz qizarib uyga borasiz...

Amaldorlarni o‘ylasak, ularning ham huquqi bor. Haftasiga 5 kun, 9 soatlik ishlash huquqlari ta’minlanishi kerak. O‘shandagina ular ham sal fikrini o‘zgartirib, astoydil ishlashga harakat qiladi.

Shunga qaramay, amaldorlarning tanqid qilinishi baribir yaxshi holat. Bizda sekin-sekin odamlarimizda fuqarolik pozitsiyasi shakllanyapti. Agar qozon qopqog‘i uzoq vaqt yopib turilgan bo‘lsa, uning ichida bosim kuchayib boraveradi, ochganingizda esa o‘sha bosim pasaygungacha ancha vaqt ketadi. Sekin-sekin bosim me’yoriga tushadi. Hozir bizda qozonning qopqog‘i ochib yuborilgan, shuning uchun yillar davomida to‘plangan negativ chiqyapti.

Shuning uchun bizda amaldorlar tinimsiz qoralanyapti, qilgan yaxshi ishi ham tanqidga uchrayapti.

— Siz amaldorlarga ham oson emasligi, ularning ish grafigi haqida gapiryapsiz. Bularni inkor qilmagan holda, ayrim rahbarlarda bugun halollik, insoniylik yetishmayotgani, ular o‘z joyida faqat foyda, boyish uchun o‘tirgani, bu yo‘lda o‘z tizimini korrupsiyalashtirib yuborgani ham bor gap-ku.
— Bilasizmi, kadrlar tizimida Ali bilan Valining joyini almashtirsangiz-u, tizim o‘sha-o‘sha bo‘lsa, hech narsa o‘zgarmaydi. Tizimli o‘zgarishlar bo‘lishi kerak.

Biz amaldorni korrupsiyaga yetaklaydigan omillarni yo‘qotishimiz kerak. Oxirgi vaqtlarda Adliya vazirligi yaxshi tashabbuslar chiqyapti, tashkilotlarda elektron tizimga o‘tish bo‘yicha, litsenziyalarni kamaytirish bo‘yicha va hokazo. Ya’ni qaror qabul qilish jarayonlarida inson omilini kamaytirish. Shuningdek, davlat organlari o‘z funksiyalarini sekin-astalik bilan nodavlat sektorga berib boradigan bo‘lsa, shu holatlar asta-sekin yo‘qoladi.

Siz bitta odamga ming ishonib olib keling... Ko‘p bo‘ladi, ikki yil oldin maqtab-maqtab lavozimga tayinlangan rahbar yomonlanib, mag‘zava sepib ishdan olinadi. Keyin yana kimdir, uning ortidan yana kimdir shu lavozimga olib kelinadi. Kechirasiz-u, bitta ishda beshta odam ishlab ko‘rsa, ularning beshalasi ham yomon bo‘lishi mumkin emas-ku? Demak, tizimning o‘zi shunaqa ekan.

Hozir mana endigina ARGOS (Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi – tahr.) tashkil etildi. Amaldor kim? Shartnoma asosida ishlaydigan yollanma ishchi. Unga aniq funksional vazifalarni berish kerak: sen bunga, bunga va bunga javob berasan, agar shularni yaxshi bajarsang, mukofot olasan; yaxshi bajarmasang, ishdan haydalasan.

Vazirlarning yoki boshqa amaldorlarning funksional vazifalari bormi? Shundan boshlaylik. Hammasini tizimli qilaylik. Masalan, Germaniya yo Finlandiyada davlat idorasiga rahbar almashishidan qat’i nazar, tizim ishlab ketaveradi. Bizda bo‘lsa, bitta vazir almashsa, qandaydir katta o‘zgarishlar boshlanib ketadi. Undan keyin kelgan vazir esa hammasini butunlay boshqacha qila boshlaydi.

Undan ko‘ra tizimni o‘zgartiraylik. Davlat xizmati tizimini. Ana o‘shanda yaxshi o‘qigan, yaxshi ishlagan malakali odamlar keladi. Biz haligacha faqat ob’ektivkaga qaraymiz, butun dunyo esa rezyumega o‘tib ketgan. Ob’ektivkada masalan yoziladi: falon joyda bosh mutaxassis bo‘lib ishlagan. Xo‘p, bu nima degani, nima ish qilgan u yerda, degan savolga javob yo‘q.

Biz amaldorlarni ishga olish uchun tanlovni shaffof ravishda, kompetensiyasiga qarab tashkil etsak, Ali keladimi, Vali keladimi, farqi bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, odam 500 ming so‘m oylik olib, 7 kun ishlasa... Amaldorlarning oyligi, sharoitlari mehnatiga yarasha bo‘lishi kerak.

Masalaga ikkala tarafdan ham qarash kerak: ham xalq tarafdan, ham amaldorlar tarafdan. Biz ko‘pincha amaldorlarni yomonlaymiz-yomonlaymiz-da, bitta-yarimda qarindoshimiz katta amaldor bo‘lib qolsa, maqtanib yuramiz, falonchi o‘rtog‘im falon joyda ishlaydi deb. U pora olib ushlansa, yo‘q, buni ishlashga qo‘yishmadi, deymiz. Xuddi bitta shu yaqinimiz top-toza-yu. qolgan amaldorlar bulg‘angandek o‘ylaymiz.

Shuning uchun tizimli ravishda sharoit yaxshi qilinsa, munosib kadrlar tanlansa, o‘shandagina nimadir o‘zgaradi. Bilasizmi, hozirgi bitiruvchilarning sifatlisi u yoqda tursin, a’lo bahoga o‘qiydiganlar ham davlat ishiga borishni xohlamaydi. Chunki ular biladi, ertalab 9dan tungi 12gacha ishlashini. Kechirasiz-u, faqat 3 bahoga o‘qiganlar davlat ishiga kelyapti. Shundaylarni to‘plab olganimzidan keyin nimani xohlaymiz?

Aytmoqchimanki, hozir kuchli mutaxassis davlat ishiga kelmaydi. Negaki, u haftada 5 kun ishlashni, oilasiga vaqt ajratishni xohlaydi.

Bizda davlat ishida ishlovchilarning ish xafsizligi ham yo‘q. Xorijiy davlatlarda ham davlat ishida oylik yuqori emas, lekin kadr biladiki, u davlat ishida ishlar ekan, faoliyati muhofaza qilinadi: o‘ziga aloqasi bo‘lmagan ishlar uchun ishdan olinmaydi.

Bizda esa siz kechasi-yu kunduzi ishlaysiz, oilangizni ko‘rmaysiz, lekin boshqa rahbar kelib, eski komandani tozalash kerak deydi. Sizdan qandaydir xato topib, ishdan haydab yuboradi.

To‘g‘ri, biz hozir o‘tish davridamiz, nasib qilsa, yaqin kelajakda shunga e’tibor qaratiladi, degan umidimiz bor. Chunki buni to‘g‘rilamasangiz, aytganimdek, Alini olib kelasizmi, Valinimi, natija bir xil bo‘ladi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Alining o‘rniga Valini qo‘ygan bilan natija o‘zgarmaydi» — Ulug‘bek Qosimxo‘jayev