Rossiya Davlat dumasi sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Sergey Leonov bolalarni ataylab suvchechak bilan yuqtirish amaliyoti — “suvchechak kechalari”ni mutlaqo bema’ni va xavfli deb atadi. Bu haqda u TASS agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Leonovning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar infeksiyaning yanada kengroq tarqalishiga sabab bo‘ladi. “Bola uchun hamma narsa o‘z vaqtida bo‘lgani ma’qul. Agar u kasallikni yengishi kerak bo‘lsa, bu jamoaviy sharoitda, tabiiy yo‘l bilan bo‘lishi lozim”, — dedi deputat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, turli jamoalar bolalarining bunday “kechalar”da qatnashishi virusning boshqa guruhlarga ham yuqish xavfini oshiradi va ommaviy kasallanishga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Известия” gazetasi Rossiyaning bir qator hududlarida vaksina yetishmasligi ortidan suvchechak bilan kasallanish holatlari keskin ko‘payganini ma’lum qilgan edi. Masalan, Yamalda bu ko‘rsatkich 67 foizga, Boshqirdistonda esa ikki baravardan ortiq o‘sgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!