08:33 / 10.04.2021
2 317

Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak

Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak
Avval xabar qilinganidek, parlament quyi palatasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan majlisida bir qator qonun loyihalari qizg‘in, konstruktiv muhokama qilindi. Asosiy e’tibor to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish, ularning hayotimizdagi ta’sirchanligini oshirish, bu borada aniq mexanizmlar va huquqiy kafolatlarni qo‘llash masalalariga qaratildi.

Zero, Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi yig‘ilishidagi nutqida ta’kidlaganidek, har bir qonunning, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘zi, oyog‘i, ijrosi bo‘lishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak. Ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari yuzasidan deputatlar o‘z fikrlarini bildirdi.

Zafarjon JALOLOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi:
— «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2453, 248-moddalariga ma’muriy huquqbuzarlikni ko‘rib chiqishda tegishlilik hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga taalluqliligi belgilanmoqda. Bunda elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish holatlarining aksariyati joylarda aholi tomonidan sodir etilishi inobatga olingan.

Mazkur masala qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jumladan, bu vazifaning ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga yuklatilishi qator muammolarni keltirib chiqarishi aytildi. Deputatlarning fikricha, profilaktika (katta) inspektorlarida bu bo‘yicha yetarlicha bilim mavjud emas. Ya’ni mazkur sohada ularning mutaxassis emasliklari va ularga xizmat vazifasidan tashqari ortiqcha yuklamalarning yuklatilishi kelgusida bir talay muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Muhokamalar chog‘ida Ichki ishlar vazirligi bu bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirganliklari ma’lum qilindi.

Albatta, deputatlar tomonidan ko‘tarilgan savollar hamda takliflar yuzasidan tegishli mutaxassis va ekspertlarning javoblari mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda inobatga olinadi. Shu nuqtai nazardan, loyiha birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Dilshod HAMZAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a’zosi:
— «O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasida asosiy e’tibor uning konseptual jihatlariga qaratildi. Qayd etish joiz, loyiha mamlakatimiz aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlashning qonuniy asoslarini takomillashtirish, kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko‘rish, ularning oqibatlarini bartaraf etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratilgan. Unda, shuningdek, bu borada Hukumatning hamda mas’ul davlat organlarining bir qator vakolatlari belgilanmoqda.

Xususan, unga muvofiq, Hukumat tomonidan hududlarda seysmoprognostik monitoring va suv omborlarida doimiy seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni olib borish, favqulodda vaziyatlarda tezkor-qutqaruv ishlarini tashkillashtirish, davlat tizimi kuch va vositalarining zilzilalarga shayligini ta’minlash, zilzila xavfi haqida aholi va davlat organlarini tezkor xabardor qilish ishlari amalga oshiriladi.

Qurilish jarayonida esa seysmik xavfsizlik talablarining bajarilishi bo‘yicha doimiy nazoratni olib borish, inshootlarning seysmik mustahkamligi bo‘yicha tekshiruvlarni tashkillashtirish ko‘zda tutilmoqda. Yangi qurilgan foydalanishga topshirilayotgan bino va inshootlarni elektron texnik pasportlarni shakllantirish hamda shu asosda bino inshootni seysmik zaifligi bo‘yicha turlarga ajratish ishlarida qatnashish, seysmik xavfsizlikni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni doimiy takomillashtirib borish ishlari belgilanadi.

To‘g‘ri, loyiha ustida ko‘p ishlash kerak bo‘ladi. Buning uchun, albatta, soha mutaxassislari, keng jamoatchilik fikrlari ham inobatga olinadi.

Nigora QUTLIMURATOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi:
— «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi bilan bugungacha qonuniy tartibga solinmagan ayrim holatlar uchun javobgarlik qoidalari belgilanmoqda. Jumladan, safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat o‘tayotgan fuqarolarning harbiy yig‘inlar o‘tkazilayotgan davrda davlatga yetkazgan zarari uchun moddiy javobgarligi belgilanyapti.

To‘g‘ri, majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi. Shu bilan birga, deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan takliflar, mulohazalar bildirildi. Masalan, loyiha bilan harbiy hizmatchilarning davlatga yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgarligini qonun darajasida belgilash, uchinchi shaxslarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash masalalari Fuqorolik kodeksining normalariga zid kelmasligi lozim.

Bu borada xorijiy davlatlarning amaliyotini kengroq o‘rganish va tahlil qilish muhim. Qolaversa, qonun loyihasida havolaki normalar bo‘lmasligi, davlatga yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash va uni undirish tartibi aniq belgilanishi yuzasidan bildirilgan takliflar ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida atroflicha ko‘rib chiqiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak