23:42 / 13.04.2021
2 616

Dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanish erkinlashtirildi

Dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanish erkinlashtirildi
Kuni kecha “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida” yangi Qonun qabul qilindi. Qonun 6 bob, 39 ta moddadan iborat bo‘lib, uning asosiy maqsadi dehqon xo‘jaligini tashkil etish va yuritish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.

Endilikda dehqon xo‘jaligi boshlig‘i 18 yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli bo‘lgan, o‘ziga dehqon xujaligini yuritish uchun yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, dehqon xo‘jaligi a’zolari kimlar bo‘lishi mumkinligi hamda qanday yer uchastkalarida dehqon xo‘jaligini tashkil etilishi aniqlashtirildi.

Dehqon xo‘jaliklarini tartibga solish va ularning faoliyatini yaxshilash, tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyesri joriy etildi.

Bundan buyon dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik, dehqon xo‘jaliklarini hisobga qo‘yganlik yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik hamda Dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmalar berganlik uchun davlat boji undirilmaydigan bo‘ldi.

Fermer xo‘jaliklari yoki boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan dehqon xo‘jaligi yuritish uchun asosiy ekindan bo‘shagan qismi orqali qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish uchun 0,06 gektardan
10 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda bir yilgacha bo‘lgan muddatda ikkilamchi ijaraga berish mumkinligi belgilandi.

Qolaversa, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan bir vaqtda shartli 10 boshgacha chorva molini o‘tlatishga ruxsat berildi.

Qonunga ko‘ra, dehqon xo‘jaligi o‘z ixtisoslashuvi, shu jumladan qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari va hajmlarini, ularni yetishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish usullarini mustaqil ravishda belgilaydi.

Ushbu yangi qonunda dehqon xo‘jaligi tomonidan o‘zining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qilishdan olingan daromadlarga soliq solinmaydi hamda realizatsiya qilishda kassa operatsiyalari qoidalarida nazarda tutilgan hisob yuritishi shart emasligi nazarda tutilgan.

Dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hajmlari, shuningdek issiqxonalar soni to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan belgilangan shakldagi ma’lumotlarni o‘zi joylashgan yerdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi (mahallaga)ga hisobot davrining 15 martiga qadar taqdim etadi.

Bu orqali mahsulotlar sifati va hajmini oshirish, mahsulot yetishtiruvchilarga yengillik yaratish hamda yordam berish maqsadida dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetishtiriladigan mahsulotlarning hajmi, turi va sifatini o‘rganishning shaffof tizimini paydo bo‘lishiga imkon beradi. Buning natijasida kelasi yil uchun qanday mahsulotlar talabgir bo‘lishi haqida umumiy ma’lumotlar shakllantiriladi.

Yaxyobek XASANOV,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanish erkinlashtirildi