08:41 / 20.04.2021
2 741

Surxondaryoda yashaydigan rus va koreys hoji onalar


Foto: «Xalq so‘zi online»
«Xalq so‘zi online» Surxondaryoda viloyatida Hajga borgan rus va koreys onaxonlar — Alla Sattorova va Alla Mun to‘g‘risida ma’lumot berdi. Nashrning yozishicha, ular viloyatda faoliyat olib borayotgan rus hamda koreys madaniy markazi a’zolari, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Buvijonlar maktabi faollaridir.

Rus millatiga mansub bo‘lgan Alla Sattorova Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida dunyoga kelgan. Sobiq Ittifoq davrida O‘zbekistondan harbiy xizmatga borgan yigitga 1974 yilda turmushga chiqqan. To‘y Nijniy Novgorodda bo‘lib o‘tgan, unga yigitning ota-onasi va yaqinlari ham kelgan. Farzandli bo‘lgach, yosh oila Surxondaryo viloyatining Boysun tumaniga muqim yashash uchun qaytib kelgan.

1979 yildan tumandagi bolalar bog‘chasida rus tili to‘garagi rahbari sifatida ish boshlagan. Bu orada farzandlari soni 5 nafarga yetgan. Kasbi o‘qituvchi bo‘lgan turmush o‘rtog‘ini tog‘li Qo‘rg‘oncha xo‘jaligi hududida joylashgan maktab o‘qituvchiligiga yuborishgan va 10 yil mobaynida shu yerda yashashgan. Keyinchalik, viloyat markazi — Termiz shahariga ko‘chib kelishgan.

«2019 yilda yaxshi insonlarning ko‘magi bilan Umra haj ziyoratini ado etish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu mening hayotimdagi eng quvonchli voqea bo‘ldi. Shu o‘rinda ta’kidlashim joizki, turmush o‘rtog‘im bilan nikohimiz ham zamonaviy, ham shar’iy tartibda bo‘lib o‘tgan. Shundan buyon ham oradan 45 yil vaqt o‘tdi. Men esa o‘zim e’tiqodi qilgan dinni bir umr qalbimda saqladim, ardoqladim. Bu mening eng katta baxtim.

Rosti, o‘zim tug‘ilgan joy, uning odamlari bilan aloqalarimni uzganim yo‘q. 91 yoshni qarshilayotgan otam borlar. Vaqti-vaqti bilan ular holidan xabar olib kelaman. Yoshligim o‘tgan shahar ko‘chalari, odamlari mening qalbimda yashaydi doim...
», — deb ta’kidlagan ayni paytda nafaqada bo‘lgan Alla Sattorova.

Foto: «Xalq so‘zi online»
Koreys millatiga mansub Alla Munning so‘zlariga ko‘ra, ota-onasi 1946 yilda Rossiyadan Toshkentga ko‘chib kelgan. Keyinchalik ular Surxondaryo viloyatining Uzun tumaniga muqim yashab, hayot kechira boshlagan. Bu yerda ular dehqonchilik, xususan, piyoz va sholi ekish bilan shug‘ullangan. Uning o‘zi 1960 yili tug‘ilgan. Mahalliy odamlar orasida o‘sib, o‘zbek tilini o‘rgangan, shu yerlik aholining urf-odatlari, qadriyatlari ruhida tarbiya topgan.

Turmushga chiqib, farzandli bo‘lgach, 2004 yili oila a’zolari bilan Uzun tumanidan Termiz shahriga ko‘chib kelgan. 2016 yilda Umra haj ziyoratiga borib kelgan.
«Ko‘p yillik orzularim ushaldi. O‘zim koreys ayoli bo‘lsam-da, islomiy e’tiqod mening hayotim bosh maslagiga aylangan. O‘zbekistondagi e’tiqod erkinligi, demokratik tamoyillar mustahkam huquqiy asosga ega va bu jamiyat rivoji uchun juda muhim omil sanaladi. Prezidentimiz olib borayotgan xalqchil siyosat shu yurtda yashovchi turli millat vakillarining baxtli, saodatli hayotini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Mana shunday inson sha’ni ulug‘langan yurtda yashayotganimdan benihoyat baxtiyorman!», — degan Alla Mun.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryoda yashaydigan rus va koreys hoji onalar