date

ChatGPT tavsiyasi suzuvchilarni o‘lim yoqasiga olib keldi

ChatGPT tavsiyasi suzuvchilarni o‘lim yoqasiga olib keldi

Buyuk Britaniyaning Janubiy Uels hududida ikki suzuvchi sun’iy intellekt tavsiyasi tufayli deyarli halok bo‘lishdi. Futurism nashri xabar berishicha, ular suv to‘lqini vaqti haqidagi ma’lumotni ChatGPT orqali olib, noto‘g‘ri hisob-kitob qilgan.

Salli orolidan qirg‘oqqa qaytishni rejalashtirgan ikki kishi suzishdan oldin neyron tarmoqdan past va baland suv vaqti haqida so‘ragan. Ammo AI ularga noto‘g‘ri jadvalni ko‘rsatgan.

"Men past suv vaqtini ChatGPT orqali tekshirib, katta xatoga yo‘l qo‘ydim. U yerda 9:30 deb yozilgandi. Biz yetib olamiz deb o‘yladik, lekin qaytganimizda vaziyat mutlaqo boshqacha bo‘lib chiqdi. Bu biz uchun katta saboq bo‘ldi", — dedi suzuvchilardan biri.

Baxtga ko‘ra, ularga yordamga dengiz bo‘yidagi restoran egasi Gordon Xedfild yetib kelgan. U to‘lqin tez ko‘tarilayotganini ko‘rib, qo‘liga megafon olib, suzuvchilarni orqaga qaytishga chaqirgan.

"Ular allaqachon yarim yo‘lda edilar, suv esa tez sur’atda ko‘tarilayotgandi. Agar ular davom etganida, natija fojiali bo‘lishi mumkin edi", — dedi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan ko‘rfaz dunyodagi eng kuchli to‘lqin harakatlari bilan tanilgan — to‘lqin balandligi 15 metrgacha yetishi mumkin. Oqimlar esa soatiga 13 kilometr tezlikda harakat qilib, bir necha daqiqada xavfsiz joyni falokatli hududga aylantiradi.

"Bu hodisa sun’iy intellekt hech qachon insonning ongli diqqati va tajribasini to‘liq almashtira olmasligini yodga soladi", — deya xulosa qildi Xedfild.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » ChatGPT tavsiyasi suzuvchilarni o‘lim yoqasiga olib keldi