17:47 / 14.05.2021
2 437

Shavkat Mirziyoyev Gematologiya markazida davolanayotgan bolalar holidan xabar oldi


Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga borib, oqqonga chalingan bolalar holidan xabar oldi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, ayni paytda Prezident Toshkent shahrini aylanmoqda. Davlat rahbari poytaxtning Chilonzor tumanida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bordi. Shavkat Mirziyoyev u yerdagi sharoitlar bilan tanishib, davolanayotgan bolalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashdi, ularni Ramazon hayit bayrami bilan tabrikladi.

«Shunday ulug‘ ayyom kunlarida sizlar bilan hamdardman. Bularning hammasi mening ham farzandlarim. Barcha harakatlar qilinyapti, kerakli dori-darmonlar olib kelinyapti, yaqinda yangi bino foydalanishga topshiriladi. U yerda ota-onalarga ham sharoit bo‘ladi, bolalarning o‘qishlari uchun ham sharoit yaratiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu yerdagi sharoitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun kelganini ta’kidladi. «Bu yerdagi shifokorlarga minnatdorchilik bildirib, sizlarga e’tiborni kuchaytirish bo‘yicha hamma harakatlarni amalga oshirish uchun keldim. Ko‘nglingiz buzilmasin, sizlar bir o‘zingiz emassizlar»,— deb ta’kidladi davlat rahbari.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev ushbu shifoxona uchun yangi bino barpo etish, unda Rossiyaning D.Rogachyov nomidagi tibbiy tadqiqot markazi tajribasi asosida bolalar onkogemotologiyasi markazi tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. U yerda o‘zak xujayralarini donordan ko‘chirib o‘tkazish — allogen transplantatsiya yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
«Gematologiyada davolashni yaxshilash bo‘yicha qarorlar qabul qildik. Lekin, bu ishlar hali yetarli emas. Bugun kelishimdan maqsad — sizlarga yanayam ko‘proq sharoit yaratish, kasallarni tezroq oyoqqa qo‘yish, davolash kafolatini oshirish bo‘yicha choralarni belgilash. Sizlar hammangiz - mening farzandlarimsizlar. Har kuni kulib turib, ota-onalaringga madad bo‘lishlaringiz kerak. Albatta tuzalib ketaman, degan intilishingiz bo‘lishi kerak. Biz buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati
«Ko‘ngillaringiz bo‘linmasin. Bir o‘zlaringiz emassizlar. Hammamiz hamdardmiz. Bu sohada imkoniyatlarni yaxshilash uchun yangi markaz quramiz. U yerda onalar uchun ham, bolalarning o‘qishi uchun ham sharoit bo‘ladi, davolash ham o‘zgaradi. Eng katta niyatimiz - tezroq davo topib, uyga, oilangiz bag‘riga qaytishingiz», — dedi Prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Ma’lumot uchun, Toshkentda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi «O‘zbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori bilan 2020 yilning fevral oyida tashkil etilgan.

Bu markaz aholiga gematologik va transfuziologik yordam ko‘rsatish, shunday kasalliklarning oldini olish va ularni davolash, gematologiya sohasida ilmiy izlanishlar olib borishga ixtisoslashgan.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2020-2024 yillarda gematologiya sohasini rivojlantirish uchun 546 milliard so‘mdan ziyod va qariyb 71 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, joriy yilda 91 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan.  Bu mablag‘lar hisobidan shifoxonalar dori vositalari, tibbiy buyumlar, reaktiv va reagentlar bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, gematologiya xizmati moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va davolashni takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Gematologiya markazida davolanayotgan bolalar holidan xabar oldi