14:33 / 26.05.2021
2 168

Toshkentda MIB xodimi yarim mlrd so‘mni «yeb yuborgan» ekan...


Yo‘lini qilganga Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) davlat organi emas, beqiyos yemakxonami, deysan-da. Pochasiga chang tekkizmay «soqqa qilish» imkoniyatini ayting. Ayniqsa, moliya-xo‘jalik bo‘limida! MIBning shu bo‘limda halol ishlayotganlardan uzrku-ya, ixtiyorimizdagi sud hukmi shunday xayolga boshlayapti-da.

Mana, qarang: MIBning Toshkent shahar boshqarmasi moliya-xo‘jalik bo‘limi Depozit hisob varaqalari bilan ishlash guruhi Bektemir tumani bo‘yicha yetakchi mutaxassisi ikki yil nari-berisida 596.782.195 so‘m «ishlab topibdi», go‘yo... Ikki yilda?! Bu oyiga salkam 25 million so‘m «sof daromad» degani! Shundog‘am MIBchilarning maoshi o‘qituvi yoki shifokornikidan ancha baland. Qayd etganimiz esa maoshdan tashqari «tushum»!

Qanday qilib?
Nima ko‘p – pul undiruvga oid ijro hujjatlari. Katta-katta summalarga oid ijro ishlaridan tashqari «mayda-mayda»siyam serob. «Kattalari»ni qo‘ying, «mayda»larida ham «baraka» bor ekan.

MIB bo‘limining depozit hisob varag‘iga turli sud ijro varaqalari asosida kam pul tushmaydi. Elektron to‘lov topshiriqnomalariga soxta ma’lumotlar kiritib, o‘sha pullardan kishi bilmas miqdorda «ushlab» qolishdan osoni yo‘qday.

Buning uchun elektron kalit yordamida tegishli bank filiallaridagi «E-bank» tizimiga ulanib, turli fuqarolarning nomiga rasmiylashtirilgan  «plastik»ka o‘sha arzimas miqdorni o‘tkazvorish – kifoya.

Elektron kalit esa depozit hisob varaqalari bilan ishlash guruhi mutaxassisining qo‘lida.
Qisqasi, avvaliga 3 milliondan o‘tkazdi, keyin 10 million, vaqt o‘tgani sari «stavka» ko‘tarilib borilaverdiki, ikki yil deganda «toma-toma ko‘l bo‘ldi», xullas: 596.782.195 so‘m! Buncha pullar 47 nafar fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan bank plastik kartalariga o‘tkazildiki, bundan uning egalari bexabar?!

Olmoqning bermog‘i bo‘lganidek, yemoqning qusmog‘iyam bor. O‘zgalarning shu-uncha pulini «tuya» qilgan MIB xodimining qilmishi fosh bo‘ldi, to yetkazilgan zararlar qoplanmaguncha qamoqda o‘tirdiki, shu bois uning ismi-sharifini ochiqlab o‘tirmadik.

Qolaversa, gap shaxs ismi-sharifida emas, balki  jinoyat qaysi organda sodir etilganida. Masalaga ayni shu nuqtai nazardan qaralsa, munosib kadrlarni tanlash va tayinlash masalasi hamon og‘riqligicha qolayotgani oydinlashadi. Negaki, MIBda ishlab, shunaqa «oson» pul topish ortidan jinoiy javobgarlikka tortilayotganlar bitta emas-da. Bayonimizga kelsak, unda jinoyat ishining bir shaxsga tegishli qismi ko‘ngilchanlik bilan qalamga olindi, xolos. Keyingi qismi esa alohida mavzu...

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda MIB xodimi yarim mlrd so‘mni «yeb yuborgan» ekan...