
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan “Adras” mehmonxonasi shaharsozlik me’yorlariga mos kelmagani va ruxsatsiz qurilgani sababli buzib tashlandi. Bu haqda shahar hokimligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Gavhar ko‘chasida qurilgan mazkur bino tegishli idoralar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida noqonuniy qurilma sifatida aniqlangan. Tekshiruv jarayonida qurilish uchun zarur bo‘lgan hech qanday ruxsatnoma yoki loyiha hujjatlari mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan. Shu sababli amaldagi tartib asosida bino buzib tashlandi.
Hokimlik tadbirkorlar va aholiga murojaat qilib, har qanday qurilish ishlarini boshlashdan oldin tegishli ruxsatnomalarni rasmiy tarzda olish zarurligini eslatdi. Aks holda, bunday qurilishlar noqonuniy deb topilib, belgilangan tartibda bartaraf etiladi.
Ma’lumot uchun, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi inspeksiya tomonidan hozirda 28 mingdan ortiq obyekt davlat nazoratiga olingan. Faqat joriy yilning to‘qqiz oyi davomida 317 mingga yaqin tekshiruv o‘tkazilib, 154 mingdan ortiq yozma ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, 7 mingdan ziyod holatda mas’ul shaxslarga ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Shu bilan birga, loyiha talablari buzilganligi uchun 3 mingga yaqin qurilish obyekti buzib tashlangan. Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylarning texnik holati o‘rganilishi natijasida 5 mingdan ziyod qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Ichimlik suvi va oqova tizimlaridagi tekshiruvlar vaqtida esa 4,6 mingdan ortiq qoidabuzarliklar qayd etilgan va ular bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!