
Navoiy viloyatining Tomdi tumanida sodir bo‘lgan qo‘rqinchli va shafqatsiz jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi chiqarildi. Sud 41 yoshli mahalliy fuqaro Salim Rustamovni uch nafar yaqin qarindoshini qasddan o‘ldirgani uchun umrbod ozodlikdan mahrum etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rustamov sobiq turmush o‘rtog‘i Gulmira Ergashova va uning ota-onasini HOVO rusumli yuk avtomobili bilan bosib o‘ldirgan. Fojea sobiq qaynotasiga tegishli dala hovlisi atrofidagi mulk nizosi ortidan kelib chiqqan.
Sud materiallariga ko‘ra, Rustamov 2008-yilda Gulmira bilan turmush qurgan, ammo 2021-yilda ularning nikohi rasman bekor qilingan. Keyinchalik sud qarori bilan uni dala hovlisidan chiqarish haqida qaror qabul qilingan. 2025-yil mart oyida ijro jarayoni paytida u MIB xodimlari ishtirokida hovli yaqinida yuk mashinasini haydab, sobiq xotini va uning ota-onasiga qasddan hujum qilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Rustamov harakatni oldindan rejalashtirgan, dastlab avtomashina bilan urib, so‘ngra pichoq bilan ham zarbalar bergan. Og‘ir jarohatlar natijasida jabrlanganlar hodisa joyida halok bo‘lgan.
Tomdi tuman sudi uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) va 219-moddasi (hokimiyat yoki fuqaroviy burchni bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Sud hukmiga ko‘ra, Salim Rustamov umrbod qamoq jazosini maxsus tartibdagi koloniyada o‘taydi.
Apellyatsiya sudi birinchi instansiya qaroriga o‘zgartirish kiritmasdan, hukmni o‘z kuchida qoldirgan.
Mutaxassislar bu ishni “oilaviy mojarolarning chuqur ijtimoiy illatlardan biri” sifatida baholab, zo‘ravonlik holatlariga nisbatan jamoatchilikda murosasiz munosabat shakllantirish zarurligini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!