Foto: «Finansovaya kultura»
Kuni kecha Toshkentda yiliga 260 foizgacha foyda ko‘rishni va’da qilgan Golden Cash Store moliyaviy piramidasi tafsilotlari oshkor qilingani haqida xabar berilgan edi.
Golden Cash Store kompaniyasi hujjatlarda ulgurji savdo bilan shug‘ullanishi ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, amalda O‘zbekiston fuqarolariga oltin va kumush buyumlarini sotib, ularning pullarini korxonaga ishlab chiqarish uchun sarmoya kiritishini taklif qilgan.
Kompaniya hissa qo‘shishning bir nechta: haftalik 2−3 foiz, oylik 40 foiz va yillik 262 foizlik daromad keltiradigan variantlarni taklif qilgan. Pullar ochilgan plastik kartalarga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan.
Bundan tashqari, mijozlar Gold, Platinum toifalariga ajratilib, ularga qimmatbaho sovg‘alar, iPhone va avtomobil va’da qilingan, biroq yakunda fuqarolar hech narsa olishmagan.
Natijada bir necha ming fuqaro tashkilotchilarning takliflarini qabul qilib, ularga qiymati 100 mingdan 10 minggacha bo‘lgan oltin va kumush buyumlar, shuningdek, boshqa mol-mulkni ham topshirgan.
Bunaqa ahvolga tushib qolmaslik uchun «Daryo» moliyaviy piramida nimaligi va uni qanday tanish mumkinligi haqida ma’lumot beradi.
Moliyaviy piramida haqida
Moliyaviy piramida — firibgarlik asosiga qurilgan loyiha bo‘lib, xuddi foydali investitsiyaday ko‘rinadi. Pullar doimiy yangi ishtirokchilarni jalb qilish evaziga beriladi. Ishtirokchilar ham pul tikib, loyihaga yangi a’zolar qo‘shadi — piramida o‘sib boraveradi.
Bu orada, «piramidaning uchi», albatta, sezilarli foydaga ega bo‘lishi mumkin. Ammo, pastdagilar hech nima qo‘lga kiritmaydi. Ular soddalik bilan o‘zlaridan bir pog‘ona yuqoridagilarga pul tikkani qoladi, xolos.
Zamonaviy piramidalar tez sur’atlarda o‘sib boradi: agressiv reklamalar, mo‘’jizaga ishonuvchilardan pul yig‘ish va shu bilan tamom (tugadi). Tashkilotchilar yangi joyda yana bir investitsiya loyihasini ochish uchun avvalgi tuzoqqa ilingan omonatchilarning pullari bilan qamoqqa tushguniga qadar yashirinib yuradi.
Moliyaviy piramidalar soni yildan yilga o‘zgarib boradi. Ammo yo‘q bo‘lib ketmaydi. Biri tugatiladi, yangisi ochiladi.
Piramida xuddi katta tushumli investitsiyadek ko‘rinadi
Hamma firibgarlar ham o‘z faoliyatini moliyaviy piramida, deb aytavermaydi (shunisi bilan ham ular firibgar).
Ko‘pincha ular o‘zini investitsion korxona sifatida ko‘rsatadi. Ular yorqin va e’tiborni tortadigan nomlar bilan paydo bo‘ladi: istiqbolli biznes, yuqori texnologiyali kompaniya, innovatsion loyiha...
Ular aksiya va obligatsiyalar, kriptovalyuta va ko‘chmas mulk sotib olishni taklif qiladi. Pullarni katta, foydali qurilish va qishloq xo‘jaligiga, oltin qazib olish yoki IT-startaplariga sarmoya sifatida kiritilishiga va’da beradi.
Yuqori tushumli ishlab chiqarishga investitsiya qilishni targ‘ib qiladi. Yangi jalb qilinayotgan ishtirokchi shuncha omadli biznesmenlar bilan hamkorlik qilishini eshitib, boshi aylanib qoladi.
Firibgarlar ba’zan tashkilotning boshqa a’zosi — kompaniya boshqaruvchisi, iste’mol kooperativi, bukmeyker ko‘rinishidagi niqob ostiga ham yashirinadi. Ular hech qachon to‘lovlarni naqd pul ko‘rinishida va’da qilmaydi.
Masalan, ular yangi ishtirokchiga kruizda yarim narxiga sayohat qilish, tilla buyumlarni sotib olish evaziga keshbek olish, hatto boshqa qarzdorlarni olib kelishi evaziga mavjud kreditlarini yopib berishni ham taklif qilishi mumkin.
Bugungi kunda piramidalar ko‘proq internet loyiha ko‘rinishida amalga oshirilmoqda. Lekin onlayn reklamalarda faollik qilib, potensial investorlar bilan shaxsiy muloqotni umumlashtirayotgan «biznesmenlar» ham mavjud.
Piramida quruvchilari ijtimoiy tarmoqlardagi tematik guruhlarda yorqin reklama, shahar markazidan chiroyli va qulay ofislar taklifi bilan yangi a’zolarni jalb etadi.
Shunday yolg‘on va’dalarga uchgan ko‘pchilik uning qarshisida haqiqiy kompaniya yoki moliyaviy «pufak» turganini farqlay olmaydi.
Moliyaviy piramidani qanday tanish mumkin?
Moliyaviy piramida quruvchilarini aniqlashda yordam beruvchi bir nechta belgilar mavjud.
Kompaniya fuqarolardan pul jamg‘aruvchi faoliyat bilan shug‘ullanishi haqida bank litsenziyasiga ega bo‘lmaydi
Bunday kompaniyalar odatda ularning faoliyati litsenziya talab qilmasligi, ular «maxsus» faoliyat bilan shug‘ullanishini ta’kidlaydi.
Aslida esa qonun bilan tartibga solinishi kerak bo‘lgan faoliyat turi bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun agar kompaniyaning bank yoki Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan litsenziyasi mavjud bo‘lmasa – bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.
Hech qanday zararlarsiz (xavfsiz) katta foyda va’da qiladi
Tashkilot faol reklamada bo‘ladi va omma oldida qo‘shni bozor darajasidan ancha baland, quloq eshitmagan daromadni va’da qiladi.
Odatda bunday bayonotlar moliya bozorida taqiqlanadi. Shu bilan birga, daromadni hisoblash sistemasi juda murakkab va tushunarsiz bo‘ladi.
Hisoblashda adashtirib yuborish uchun qiyindan qiyin, uzoq formulalar beriladi. Xavf yo‘qligiga ishontiradi. Lekin bunaqasi bo‘lmaydi – haqiqiy moliya bozoridagi istalgan investitsiya ma’lum darajada foyda berishi yoki aksincha, yo‘qqa aylanishi mumkin.
Yangi mijozlar olib kelish sharti qo‘yiladi
Har bir ishga jalb qilingan omonatchi hisobidan foyda undirib berilishi va’da qilinadi. Shunday qilib, jinoyatchilar imkon qadar ko‘proq odamni o‘zining firibgarligiga jalb qilishga, ulardan pul yig‘ishga, so‘ngra tezroq yashirinishga urinadi.
Tizimning shaffof emasligi. Kiritilgan investitsiyalar tasdiqlanmaydi va pullar aynan qayerga ketishini bilishning imkoni yo‘q
Mijozga chiroyli taqdimotlar ko‘rsatiladi-yu, moliyaviy hujjatlarni ko‘rishga berilmaydi. Pullarni kompaniya bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan rekvizitlar orqali emas, boshqa yuridik shaxs hisobiga o‘tkazish so‘raladi.
Ba’zan ular pulli o‘tkazmalarni qandaydir bank kartasiga yoki jismoniy shaxsning telefon raqami orqali begona elektron yoki kriptohamyonga yuborishni so‘raydi.
Yoki naqd pul ko‘rinishida to‘lash so‘raladi va to‘lov haqida chek ham, tushumni tasdiqlovchi hujjat ham berilmaydi. Yakunda esa investor hech qanday yo‘l bilan investitsiya kiritganini isbotlolmaydi.
Kompaniya saytida aloqa uchun hech qanday raqamlar bo‘lmaydi
Kompaniya saytida na telefon raqami, na elektron pochta manzili, na pochta manzili ko‘rsatiladi. Ishtirokchi faqat chatlar yoki messenjerlar orqali operatorlar bilan bog‘lanishi va qayta aloqaga chiqishlarini aytishi mumkin.
U kompaniya haqida boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘lmaydi. O‘zining kontakt-ma’lumotlarini faqat firibgarlargina yashiradi. Muammo yuzaga kelganida esa na jabrlanuvchi, na militsiya xodimlari yolg‘onchini topa oladi.
Shu belgilardan bittasiga bo‘lsa-da duch kelinsa, ro‘parada kim turgani haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish zarur.
Yuqorida ommalashgan sxemalargina keltirildi. Ammo vaqt o‘tgani sari piramida uslublari ham o‘zgarib, ko‘payib boraveradi.
Masalan, noyob tovar, o‘zimizdan misol keltiradigan bo‘lsak, sizga 100 dollarga sotilib, bir yildan so‘ng 1000 dollardan sotib olinishi aytilgan straus (tuyaqush)lar paydo bo‘ldi.
Boshida kimdir ularni 100 dollardan sotgan pullari evaziga ko‘proq sotib olgan bo‘lishi mumkin. Ammo oxirida o‘zidan boshqasiga kerak bo‘lmagan va bozor narxidan bir necha barobar qimmatga sotib olingan strauslar fermasi bilangina qolgan.
Yana bir bor ta’kidlash joizki, barcha shu kabi sxemalar tezda pul topishni reja qilgan, biroq iqtisodiy bilimga deyarli ega bo‘lmaganlarni ko‘zda tutgan holda yaratiladi.
Shuning uchun bunday takliflarni qabul qilishdan avval haqiqiy investitsiya va piramidalarning farqiga boruvchi soha mutaxassislari bilan maslahatlashishni yodda tutish kerak. Bu sohadan xabardor tanishi bo‘lmaganlarga esa Google ham ma’lum darajada yordam bera oladi.
Mijozning uyiga borib, o‘ylab olishiga, tanishlari bilan maslahatlashishiga va internetdan tekshirib olishiga vaqt bermay, tezroq qaror qabul qilishi kerakligi aytilgan takliflar shubhalanishga yetarli sabab bo‘ladi.
Shubhali foizlar qanday bo‘ladi?
Piramidaning asosiy maqsadlaridan biri — yangi mijozlarni doimiy ko‘paytirish. Shuning hisobidan avvalgi mijozlarga ulush — foiz to‘lanadi. Demak, ular 50, 60, hatto 100 foiz daromad ham taklif qilishga tayyor bo‘ladi.
Umuman olganda, bu juda individual masala. Aslida iqtisodiyotda hammasi oson — foiz qanchalik katta bo‘lsa, risk shunchalik baland. Eng yaxshisi, o‘rtacha foizlardan keskin oshmasligi inobatga olinishi kerak.
Masalan, bugun banklarda yillik 21-25 foiz daromadli depozitlar bor. Taklif qilinayotgan foizlar shundan qancha katta bo‘lsa, xavf shuncha baland.
Ammo bugun piramidalar turli shaklda bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, 70 foiz daromad — piramida, 50 foiz — piramida emas, deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Yaxshisi, mutaxassis bilan maslahatlashish va litsenziyalarini tekshirish — eng to‘g‘ri yo‘l sanaladi, deydi Daryo bilan suhbatlashgan mutaxassis.
Piramidaning asosida turgan yoki shunday quruvchilarga havas qilayotganlar uchun esa eslatma — O‘zbekistonda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklarni jalb qilish bo‘yicha noqonuniy faoliyat olib borganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Muallif: Muqaddas Musayeva “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi