Har bir jamiyatda barqarorlik va rivojlanish tartib-intizom, huquqlar va erkinliklarning ta’minlanganligi, umuman olganda huquqlilikning qaror topgani bilan baholanadi. Azaliy qonuniyat shu.
Jamiyatdagi shaxslarning har qanday harakatlari uchun: huquqbuzarliklar, korrupsiya, hattoki eng og‘ir jinoyat bo‘lmish odam o‘ldirish uchun ham unga nisbatan jazo qo‘llash masalasi qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidan qo‘llanilishi kerak.
Qonunlar hech bir shaxsga boshqalarni o‘z bilganicha jazolashiga, ya’ni xalq tilida “samosud” qilishiga, turli ko‘rinishdagi ta’sir o‘tkazishiga ruxsat bermaydi. Quyida ayni shu mavzuga aloqador bir qator savollarga javob berib o‘tamiz.
“Samosud” haqida qonunlarda qanday taqiqlar bor?
Qonunchiligimizga ko‘ra birorta jinoyat qilgan shaxsning xatti-harakatlari sudda, oshkora ko‘rilib, sud tomonidan uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor emas. Ya’ni Siz kimningdur bevosita qotilligiga o‘z ko‘zingiz bilan guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz ham, qonun Sizga u shaxsni jinoyatchi, aybdor deb atashingizga ruxsat bermaydi. So‘ngi so‘zni faqat sud aytadi.
Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ham ularning turi va darajasiga qarab turli idoralar va sudlar tomonidan ko‘rib baho beriladi.
“Samosud” uchun qanday javobgarlik bor?
Avvalambor, “samosud” qilganlar o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xatar ostiga qo‘yadi. Har qanday “samosud” uchun xoh u yengil bo‘lsin xoh og‘ir – javobgarlik bor.
“Samosud” natijasida ko‘p miqdorda zarar (BHMning 300-500 baravarigacha) yetkazilsa u jinoyat deb baholanadi va BHMning
50 baravarigacha (13 mln 500 ming so‘mgacha) jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Albatta, bunda jarima yoki boshqa jazolardan tashqari yetkazilgan zarar o‘rnini ham qoplash kerak bo‘ladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda “samosud” qilish oqibatida boshqalarning manfaatlariga jiddiy zarar yoki ziyon keltirmaganlik uchun jazo belgilangan.
Bu hali hammasi emas “Samosud” natijasida fuqaroga tan jarohati yetkazilsa, unga nisbatan tuhmat, haqorat, tovlamachilik qilinsa Jinoyat kodeksida belgilangan boshqa jazolar ham qo‘llaniladi. “Samosud” taqiqlanadi, huquqbuzar va jinoyatchilar haqida xabar berishning ham qonuniy, ham foydali usullari bor.
Jinoyat yoki boshqa huquqbuzarliklarga guvoh bo‘lganda, vakolatli organlarga, prokuratura (1007), ichki ishlar (102), milliy gvardiya yoki boshqa organlarga murojaat qilish eng maqbul yechim hisoblanadi.
Jinoyat qilgan shaxsni yuqoridagi organlarga topshirish uchun hokimiyat ushlash vaqtida unga zarar yetkazilishi mumkin, bunda uni ushlash uchun zarur bo‘lgan choralarning chegarasidan chetga chiqilmasligi kerak.
Qonunchilikda ayrim huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qilganlik uchun mukofot puli berish ham alohida belgilangan. Xususan,
– yo‘l harakati qoidalariga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida eJarima portali orqali xabar beriladi va BHMning 5 foizi (13 ming 500 so‘m) miqdorida;
– daraxt va butalarni noqonuniy kesish va shikastlashga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida Davlat ekologiya qo‘mitasiga xabar beriladi va BHMning 1 baravarigacha (270 ming so‘m) miqdorida;
– litsenziyasiz yoki ruxsatnomasiz, xabarnoma yubormasdan shunday hujjatlar talab qilinadigan faoliyat bilan shug‘ullanganlik to‘g‘risida litsenziya, ruxsatnoma berish vakolatiga ega organlarga (masalan, xususiy notariuslar bo‘yicha Adliya vazirligiga) xabar beriladi va undirilgan jarimaning 10 foizi miqdorida;
– korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar beriladi huquqbuzarlik turidan kelib chiqib BHMning 7 baravarigacha (1 mln 890 ming so‘m) miqdorda;
davlat moliyaviy nazoratiga oid qoidabuzarliklar to‘g‘risida “Davlat auditi” tizimi orqali xabar beriladi va undirilgan jarimalardan kelib chiqib mukofot pullari to‘lanadi.
O‘zini-o‘zi himoyalash ham “samosud”mi?
Kimdur Sizga yoki boshqa shaxslarga tajovuz qilganida o‘sha tajovuzni qaytarish choralarini ko‘rishingiz mumkin, bu “samosud” hisoblanmaydi.
Tajovuzning xususiyati va xavfliligi darajasiga butunlay muvofiq kelmaydigan mudofaa, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish deb topiladi. (masalan, daraxt shoxi bilan tajovuz qilgan shaxsga pichoq bilan hujum qilish)
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, jamiyatda muammolarni faqat huquqiy vositalar asosida hal qilish har birimizning huquq va erkinliklarimizni ro‘yobga chiqishiga chinakam zamin yaratadi.
Dilmurod Rajaboyev
Adliya vazirligi mas’ul xodimi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Adliya vazirligi mas’ul xodimi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi