Yolgʻon ayblovlar fosh boʻldi, uch yigit qamoqqa olindi

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron shahri bilan bogʻliq shov-shuvli xabar tarqalgan edi. Unda bir guruh oʻsmirlar PPX xodimi 14 yoshli qizni dugonasi bilan birga togʻli hududga olib borib, ularga nooʻrin harakatlar qilganini daʼvo qilib chiqishgan. Mazkur murojaat keng jamoatchilik eʼtiborini tortib, tez orada muhokamalar markaziga aylangandi.
Holat yuzasidan shu kunning oʻzida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti tekshiruv ishlari boshlanganini maʼlum qilgan. Shuningdek, nashrlarda tilga olingan xodim vaqtincha lavozimidan chetlashtirilgani bildirilgan. Rasmiy izohda taʼkidlanishicha, agar daʼvo qilingan holatlar tasdiqlansa, unga nisbatan qatʼiy qonuniy choralar, jumladan jinoiy javobgarlik qoʻllanishi mumkin.
Biroq keyinchalik vaziyat kutilmagan burilish oldi. 2 may kuni Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati ushbu ish yuzasidan yangi maʼlumotlarni taqdim etdi. Unga koʻra, PPX xodimini ayblagan 18 yoshli yigit va uning ikki nafar tengdoshi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183, 194 va 195-moddalari boʻyicha aybdor deb topilgan.
Sud qaroriga muvofiq, ular Jinoyat ishlari boʻyicha Ohangaron shahar sudi tomonidan 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Rasmiylarga koʻra, surishtiruv jarayonida yigit oʻz qilmishlarini toʻliq tan olgan.
Viloyat IIBB matbuot kotibi Bobur Toʻlaganovning bildirishicha, holat ishtirokchilari va guvohlarning koʻrsatmalari, shuningdek tekshiruv natijalari mazkur ayblovlar asossiz ekanini koʻrsatgan.
Ayblov ilgari surilgan yigit esa oʻz murojaatida xatosini tan olgan. Uning aytishicha, u avval tarqatgan videoda PPX xodimini nooʻrin ayblagan va bu harakat notoʻgʻri boʻlganini tushunib yetgan.
Shu bilan birga, maʼlum boʻlishicha, u IIB binosiga chaqirilganda xodimlarning qonuniy talablariga boʻysunmasdan, hududda janjal chiqarganlikda ham ayblanmoqda. Bundan tashqari, unga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini qasddan obroʻsizlantirish, internet orqali yolgʻon maʼlumot tarqatish va guruh boʻlib transport vositasiga zarar yetkazish holatlari boʻyicha ham tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqaladigan har qanday maʼlumotni tekshirmasdan ishonish qanchalik xatarli ekanini yana bir bor koʻrsatdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar esa bunday holatlarga nisbatan qonuniy choralar koʻrishda qatʼiy pozitsiyada ekanini namoyon qildi.