Pokistonda qolib ketgan ayol elchixona yordami bilan qaytdi

Foto: Dunyo
Pokistonda uzoq yillar davomida murakkab hayotiy sharoitda qolib ketgan Oʻzbekiston fuqarosi S.J. nihoyat yurtiga qaytarildi. Ushbu xayrli ish Oʻzbekistonning Pokistondagi diplomatik vakolatxonasi saʼy-harakatlari orqali amalga oshirildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi maʼlum qildi.
Maʼlum boʻlishicha, ayol shu yilning fevral oyida elchixonaga murojaat qilib, Vatanga qaytishda amaliy yordam soʻragan. Oʻrganishlar jarayonida u 2005 yildan buyon Pokiston hududida vizasiz, yaʼni noqonuniy ravishda yashab kelayotgani va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgani aniqlangan.
S.J.ning taqdiri esa ancha dramatik. U 2005 yilda Pokiston fuqarosi bilan oila qurish maqsadida ushbu davlatga borgan. Biroq shu yilning oʻzida turmush oʻrtogʻi yoʻl-transport hodisasiga uchrab, nogiron boʻlib qolgan. Shundan buyon ayol yillar davomida turmush oʻrtogʻini parvarishlab, uning sogʻligi bilan shugʻullanib kelgan. Hozirda esa erkakning ahvoli nisbatan yaxshilangan boʻlsa-da, nogironlik asoratlari hali ham saqlanib qolgan.
Tekshiruvlar davomida ayolning moliyaviy imkoniyatlari juda cheklangani, u faqat kundalik ehtiyojlarini qondirish darajasida daromadga ega ekani maʼlum boʻlgan. Shu sababli uning mustaqil ravishda Oʻzbekistonga qaytishi deyarli imkonsiz holatga kelib qolgan.
Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan fuqaroning shaxsi va fuqaroligi tasdiqlangach, unga qaytish uchun maxsus sertifikat rasmiylashtirildi. Shuningdek, Pokiston Ichki ishlar vazirligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ayolning 21 yil davomida vizasiz yashagani uchun belgilangan 8 400 AQSH dollari miqdoridagi jarima bekor qilindi va unga mamlakatni tark etishga rasmiy ruxsat berildi.
Bundan tashqari, diplomatik missiya tomonidan aviachipta masalasi ham hal qilinib, S.J. 2 may kuni Oʻzbekistonga olib kelindi.
Ushbu voqea xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlar uchun davlat tomonidan koʻrsatilayotgan amaliy yordam va eʼtiborning yana bir yorqin namunasi boʻldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!