date

Ismoilov durangni baholab imkoniyatlardan foydalanmaganini tan oldi

Ismoilov durangni baholab imkoniyatlardan foydalanmaganini tan oldi

Superliganing 11-turida OKMK va «Neftchi» oʻrtasida kechgan golsiz durangdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etib, uchrashuv taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. Taҗribali mutaxassis avvalo jamoani qoʻllab-quvvatlash uchun uzoq yoʻl bosib kelgan muxlislarga minnatdorlik bildirdi.

— Qiyin ob-havo sharoitiga qaramay biz bilan boʻlgan muxlislarimizga rahmat aytaman. Oʻyin ogʻir kechishi oldindan ayon edi. OKMK soʻnggi turlarda yaxshi formaga kirib, yuqoriga harakatlanayotgan jamoa. Lekin umumiy hisobda oʻyinni nazorat qila oldik. Imkoniyatlardan foydalanganimizda, albatta, gʻalaba qozonish mumkin edi. Bu futbol — baʼzan bunday holatlar ham boʻlib turadi, — dedi Ismoilov.

Murabbiy birinchi boʻlimda raqibning yuqori bosimi jamoaga muammo tugʻdirganini, ammo ikkinchi boʻlimda taktik oʻzgarishlar orqali vaziyatni barqarorlashtirganini taʼkidladi.

— OKMK pressing qilayotganda ayrim zonalar boʻsh qolishini tahlil qilgan edik. Ular Jamshid Iskanderovni yopishga harakat qildi. Shu sabab ikkinchi boʻlimda uni chuqurroq harakatlantirdik. U bilan birga harakat qilgan oʻyinchi zonani boʻshatadi va biz aynan shu imkoniyatdan foydalanishga urindik, — deya izoh berdi u.

Ismoilov jamoada gol yetishmasligi masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi. Uning fikricha, murabbiyning vazifasi jamoani hujumga chiqara olish va imkoniyat yaratish boʻlsa, ulardan samarali foydalanish futbolchilarga bogʻliq.

— Gol ura olmadik — sabab shunda. Mashgʻulotlarda bu ustida ishlayapmiz. Baribir ayrim vaziyatlardan foydalana olmayapmiz. Ammo shunga qaramay, jamoamiz 25 ta gol urgan va hozir turnir jadvalida yetakchilik qilyapti, — dedi ustoz.

Shuningdek, u jamoaning zich taqvimdagi natijalarini ham ijobiy baholadi. Uning soʻzlariga koʻra, ikki oy ichida jamoa Superkubokni hisobga olganda 12 ta oʻyin oʻtkazib, 10 tasida gʻalaba qozongan.

Matbuot anjumani davomida milliy terma jamoa haqidagi savolga ham javob berildi. Ismoilov qaysi futbolchini alohida ajratishdan qochib, barcha oʻzbek futbolchilari milliy jamoada oʻynashga munosib ekanini taʼkidladi.

— Hammasini chaqirsin, — deya hazilomuz javob qaytardi murabbiy.

Qisqacha aytganda, «Neftchi» ustozi durangga qaramay jamoa oʻyinidan qoniqish bildirdi, ammo imkoniyatlarni golga aylantirish borasida hali ishlash kerakligini tan oldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Ismoilov durangni baholab imkoniyatlardan foydalanmaganini tan oldi