Bo‘stonliq tog‘larida jarohatlangan ayol qutqarib qolindi

Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida sayr qilayotgan fuqarolar bilan bog‘liq navbatdagi hodisa qutqaruv xizmatlari aralashuvi bilan ijobiy yakun topdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Bo‘stonliq tumanining “Xo‘jakent” mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Tog‘li hududda sayr qilayotgan ikki nafar fuqaro kutilmaganda murakkab vaziyatga tushib qolgan. Ulardan biri — 70 yoshli ayol ehtiyotsizlik oqibatida oyog‘idan jarohat olib, mustaqil harakatlana olmay qolgan.
Hodisa haqida tezkor ravishda Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi navbatchilik qismiga xabar berilgan. Shundan so‘ng qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, maxsus jihozlar yordamida jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Shuningdek, qutqaruvchilar ayolni xavfsiz tarzda tog‘dan pastga olib tushib, uni tez tibbiy yordam xodimlariga topshirgan. Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan dastlabki ko‘riklarga ko‘ra, ayolning umumiy ahvoli qoniqarli ekani bildirildi.
Mutaxassislar fuqarolarni tog‘li hududlarda sayr qilishda ehtiyot choralariga qat’iy rioya etishga, ayniqsa yoshi katta insonlar uchun xavfsizlik qoidalarini unutmaslikka chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!