22:03 / 05.04.2022
849

«Korrupsiya – bizning salbiy faoliyatimizning natijasi» — Akmal Saidov

«Korrupsiya – bizning salbiy faoliyatimizning natijasi» — Akmal Saidov
O‘zbekistonda korrupsiya bo‘yicha yagona statistika bo‘lishi kerak. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov 5 aprel kuni Oliy Majlis Senatida bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi majlisida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Daryo» sayti.

- "So‘nggi yillarda bu muammoning ochiq muhokama qilinishi, ko‘tarilishi ijobiy hol. Bizda bolalar bog‘chasida, maktabda va boshqa sohalarda korrupsiyaviy ongni shakllantirish amaliyoti shakllangan. Fuqarolarimizda korrupsiyadan holi ongni shakllantirish eng ustuvor jihat. Bu narsani yosh bolalardan boshlashimiz kerak.

Bundan tashqari, statistika bilan Davlat statistika qo‘mitasi shug‘ullanishi kerak. To‘g‘ri, jinoyatlarga oid statistika bilan Oliy sud, Prokuratura, ichki ishlar tizimi ham shug‘ullanadi, lekin Davlat statistika qo‘mitasi bor. Xalqaro reytinglarda ham bizning statistika tizimimiz xalqaro statistika tizimi bilan to‘g‘ri kelavermaydi. O‘ylaymanki, korrupsiyaga oid statistika bo‘yicha amaliy tadbir o‘tkazishimiz kerak. Korrupsiya bo‘yicha yagona statistika bo‘lishi lozim.

Hozir korrupsiyaga oid parlament nazorati bor, bu borada qo‘mitalar shug‘ullanyapti. Lekin jamoatchilik nazoratini oshirish borasida so‘z yo‘q. Fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini olib borishlari kerak. Agar butun jamiyat korrupsiyaga qarshi bo‘lmasa davlatning o‘zi korrupsiyani yenga olmaydi", - dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov.

Akmal Saidov korrupsiyaga oid masalalar bo‘yicha o‘qitish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

- "Biz korrupsiyaga oid muammolarni qayerda o‘qitishimiz kerak? Bolalar bog‘chasida nimani o‘rgatishimiz kerak? Maktabda, oliy ta’lim tizimida-chi? Korrupsiyaga qarshi maxsus o‘quv yurtlarida faqat bo‘lajak mutaxassislar uchun o‘qitiladi. Oddiy fuqaro uchun qayerda o‘qitishimiz kerak? Mana bu katta muammo – buni ham o‘ylashimiz kerak. Bizning parlamentlar institutimiz umuman esimizdan chiqib qolibdi. Hech qayerda yo‘q. Prokuratura, ichki ishlar akademiyasi bor, o‘zimizning parlament institutimizni ham jalb etaylik, ularga ham qandaydir vazifalarni beraylik. Ular hozir chetda turishibdi. Axir bu umumdavlat ishi-ku. Balki parlament huzuridagi qonunchilik va parlament muammolari institutini ham ko‘rib chiqishimiz kerak, albatta.

Yana bir narsa bor – korrupsiyaviy omillar. Korrupsiyaga nima olib keladi degan narsa, bu korrupsiyaviy omil. Korrupsiyaviy jinoyatlar deyapmiz, qaysi jinoyatlarni korrupsiyaviy jinoyatlar deyish mumkin? Bitta poraxo‘rliknimi yoki boshqanimi? Kim menga aniq tushuntirib beroladi? Bu bilan shug‘ullanayotgan olimlarimiz yo‘q. Korrupsiya bilan, asosan, jinoyat huquqi mutaxassislari shug‘ullanadi. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni ham olib borish kerak. Prokuratura bilan ichki ishlar akademiyasi tadqiqot olib borayotgan ekan, boshqa joylarda ham olib borilayotgandir. Bir o‘rganishimiz kerak. Muayyan mavzularni Innovatsion vazirligi orqali olib berishimiz kerakdir, balki. Ayrim muammolarni parlament huzuridagi jamoat fondidan nohukumat tashkilotlarga olib berishimiz kerakdir. Korrupsiya – oqibat, bizning salbiy faoliyatimizning natijasi. Biz uning oldini olishimiz kerak, mana bu qiyin. Shuning uchun bu muammoga kengroq qarashimiz kerak.

Dasturimizda 20 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi ko‘zda tutilgan ekan. Ularning sakkiztasi qabul qilinibdi. Agar bizda mustahkam huquqiy zamin bo‘lmasa bizning kurashishimizning samarasi bo‘lmaydi. Shuningdek, biz korrupsiyaviy ekspertizaning o‘tkazishimiz kerak. Bu sohada ham ko‘p narsa qilindi, lekin samarasini ko‘rsatishimiz kerak. Bugun to‘rtta sohada «Korrupsiyasiz soha» degan «yo‘l xaritalari»ni qabul qildik. Bu juda ham kerak. Uni yozish oson, ijrosi-chi? Bizning faoliyatimizdagi eng katta muammo – monitoring. Ya’ni ularni qanday qilib amalga oshirishimizga bog‘liq bo‘lib qolyapti", - dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Korrupsiya – bizning salbiy faoliyatimizning natijasi» — Akmal Saidov